“Ko‘ngillarga quvonch ulashdi”

Date:

Abdukarim Diyorov Termiz shahridagi farzandiga sunnat to‘y qilishga imkoniyati yetmagan bir nechta oila bilan suhbatlashib, sunnat to‘y qilib berishlarini aytganida, rosti ota-onalar ishonishmadi. Hozir tug‘ishganlar bir-biriga yordam berishni, madad bo‘lishni unutgan bir paytda yetti yot begonaning ezgu ishni boshlagani haqiqatda ishonib bo‘lmaydigan holat edi-da. Ammo, Abdukarim aytgan so‘zining uddasidan chiqdi. Termiz shahridagi Otabek to‘yxonasida 5 nafar bolajonning sunnat to‘yi va bitta nikoh to‘yi o‘tkazildi. Saxovatpesha insonlarning homiyligi asosida boshlangan shodiyona qanchadan-qancha ko‘ngillarga quvonch ulashdi. Ajoyib kuy-qo‘shiqlar, samimiy yozilgan dasturxon… Bunda hokimlik ko‘magi, ezgu maqsad yo‘lida yig‘ilgan mablag‘, ustozlarning ko‘magi as qotdi. Abdukarim va uning safdoshlariga to‘ybolalarning quvonchdan porlayotgan ko‘zlarini, ota-onalarning hayajon ila qilayotgan duolarini ko‘rishdan o‘zga hech narsa kerak emas. Mana shunday sunnat to‘ylarini ular uchinchi bor o‘tkazishayotir. Ular ana shunday quvonchli voqeadan, qilinajak duolardan kuch olishadi, yana va yana xayrli ishlarni qilaverishga bel bog‘lashadi.

—Boshimizdan o‘tgan global voqealar hali-hamon yodimdan ko‘tarilgani yo‘q, — deydi Abdukarim Diyorov. — Koronavirus xavfi, ishsizlik va nochorlikni kuchaytirsa kuchaytirdiki, aslo yaxshilamadi. Bu ofat xalqni birdamlikka, xayrli ishlarga boshladi. Xalqaro, respublika miqyosida birdamlik harakatli boshlab yuborildi. Xayriya, ko‘ngillilar jamg‘armalari tashkil etildi, qiynalib qolgan oilalarga beminnat moddiy, ma’naviy, psixologik, tibbiy yordam ishlari ko‘rsatildi. Ana shunday davrda men ham xalqimizga yordam berish choralari haqida o‘ylay boshladim. Oz bo‘lsa-da ko‘mak bera olsam, xayrli ishlarga bosh qo‘shsam, bitta bo‘lsa-da oilaning bir kun bo‘lsa ham hech bo‘lmaganda qozoni qaynashiga, qornini to‘qlashida yordam bera olsam, eng katta xayr shu-ku deb o‘yladim. Talabaman. Institutdagi har bir guruhga kirib tashviqot qildim, yordamga chaqirdim. Tadbirlarda faol edim. Har bir tadbir va uyushtirilgan uchrashuvlarda ham qisqagina nutqim orqali yoshlarni xayr-u sahovatga, birlashishga chorladim. Albatta, bunga qarshiliklar bo‘ldi. Ammo, harakatlarim zoye ketmadi. O‘ndan ortiq talaba-yosh meni izlab topishdi, o‘zlari jamg‘argan mablag‘ bilan yordam berishga shayligini aytishdi. Shu tariqa “Mehrli qo‘llar” valantyorlik jamoasi tuzildi.

Ular jamg‘arilgan mablag‘ga kerakli o‘quv qirollari, kitoblar va oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilib, Sho‘rchi tumanidagi 122-sonli kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga yo‘l olishdi. Yoshlarni faollikka chorlashdi. Sovg‘a-salomlar ulashishdi.

Shu tariqa “Mehrli qo‘llar” mahallalar bilan hamkorlikda ishlay boshladi. Hali Jarqo‘rg‘on, hali Termiz tumani va shahridagi nochor oilalar holidan xabar olishdi, zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari va uy-ro‘zg‘or uchun kerakli ashyolarni yetkazib berishdi. Bir necha oy ichida “Mehrli qo‘llar” deyishsa, ko‘pchilik taniydigan, ular haqida yaxsh fikrlar aytishadigan, duoi jonini qilishadigan bo‘lishdi.

—Bir kuni ko‘ngillilar jamoamiz bilan yaxshigina tanish kafedramiz o‘qituvchisi Saodat opa bir taklif aytdilar, — deydi Abdukarim. — Institut jamoasi kitoblar jamlanmasi to‘plaganini, uni Mehribonlik uyiga sovg‘a qilishni o‘ylashganini, bu ishga jamoamiz bosh bo‘lishini aytib qoldilar. Biz ham darrov rozi bo‘ldik. O‘sha kitoblarga jamoamiz bilan o‘z hissamizni qo‘shdik-da, Termiz shahridagi 12-sonli Mehribonlik uyiga tashrif buyurdik. Tadbir dasturimizni namoyish etdik, viktorina savollari, qiziqarli shartlar va turli o‘yinlar bilan yigit-qizlar faolligini oshirdik. Sovg‘a-salomlar bilan rag‘batlantirdik. So‘ngda kitoblar jamlanmasini Mehribonli uyi kutubxonasiga ulashib qaytdik.

Tinib-tinchimas Abdukarim o‘qishlari bilan bir qatorda valantyorlik jamoasi bilan ko‘ngillarni shod etishdek xayrli, savobli ishni boshlab yuborgan edi. Moddiy va ma’naviy yordam ham yaxshi, ammo u yana qanday yordam berish mumkinligi haqida o‘ylay boshladi va oxiri tomorqasi bor, lekin undan foydalanmaydigan insonlarni, oilalarni qaysidir ma’noda uyg‘otishni, ko‘mak berishni istadi. Bir necha kunlik oziq-ovqat tugashi mumkin, ammo doimiy ish bilan band bo‘lib, orqasidan naf keltiradigan ko‘mak ro‘zg‘orni doimiy butlashi undan-da yaxshi. Ana shunday oilalarni topdi ham. Jamoa bilan birgalikda odamlarning tomorqalarida ishlashdi. Yerlarini yumshatib, o‘zlari olib kelgan daraxt ko‘chatlari va nihollarni qadashdi. Endi ular nihollarni bo‘y cho‘zishi, ko‘chatlarni tutib, meva berishi uchun ham ularga qarashadi. Hosil yaxshi bo‘lsa, yana va yana, doimiy tarzda bog‘dorchilik va dehqonchilik bilan shug‘illanishadi. Kaftdekkina yeridan foyda olib, ro‘zg‘or tebratishadi.

—Bilsangiz, xalq pulida, ayniqsa, u chin ko‘ngildan ehson qilingan bo‘lsa, unda baraka bo‘larkan. O‘sha mablag‘ bilan qanday ishni boshlagan bo‘lmaylik, bu ishimiz doimo o‘ngidan keladi. Qilgan ishimizdan ilhomlanib darsda o‘tirgandim. Cho‘ntagimda 20 ming so‘m pulim bor. Uni konvertga soldim-da, ustiga ehsonning savobi haqida muqaddas oyatlardan birini yozib, oldingi qatorda o‘tirgan kursdoshimga uzatdim. Dars so‘nggiga qadar konvert o‘zimga qaytib keldi. Qarasam, yaxshigina mablag‘ yig‘ilgan. Keyin ana shunday konvertlarning yigirmatasini tayyorlab, boshqa guruhlarga ham berib chiqdim. Yig‘ilgan pullarga sunnat to‘yi o‘tkazdik, — deydi qahramonimiz.

Xayrli ishlar bir-biriga ulanib ketar ekan. Qovun-qovundan rang olganidek, sahovatpesha insonlar yoshlarning bu tashabbuslarini ko‘rib ta’sirlanmay qolishmadi. Abdukarimga qo‘ng‘iroq qilishib, ana shunday ishlariga homiylik qilishlarini, tashkiliy ishlariga yordam berishlarini so‘rashdi. Valantyor yigitning esa qo‘llari doimo ko‘ksida va yordamga shay. Ayni paytda 100 dan ortiq ko‘ngilli yoshlarni o‘zida birlashtirgan “Mehrli qo‘llar” hali ko‘p savobli ishlarni qiladi. Ko‘plab ko‘ngillarga ezgulik urug‘ini qadaydi.

Sayyora ALLAYEVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Xitoy bilan sanoat loyihalari amalga oshiriladi

Surxondaryo viloyati hokimligida Ulug‘bek Qosimov Xitoy Xalq Respublikasining “Hebei...

QOZOG‘ISTONDAN MEDAL BILAN…

Mehnat va izlanish, albatta, o‘zining ijobiy natijasini beradi. Buni...

Necha sotixgacha bo‘lgan yerlarga mulk va ijara huquqi rasmiylashtirib beriladi?

Yakka tartibdagi uy-joy qurilgan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi...

Ziqna zaqqum

Kiyimlarining oxori to‘kilib, eskirib ketgan ayol, eriga yolvordi: "Jon...
KunTun
KunTun