“Ayol dardiga hamdard tomoshabin ko‘z yoshlarini tiya olmaydi”

Date:

Qismat deganlari go‘daklarni otasizlikka mahkum etmasa ekan. Eng yomoni va eng og‘iri otasi hayot bo‘la turib, tirik yetimdek yashash. Bunday oilalarda onalar ming matonat ko‘rsatmasin otaning o‘rni, mehri va g‘amxo‘rligi sezilaveradi. Kemtiklik murg‘ak ko‘ngillarini egallab olib, ozor beraveradi. Jamiyatimizda ana shunday oilalar ham yo‘q emas… Ayol matonati, farzandlar sabri siz-u bizga o‘rnak va namuna. To‘g‘ri, kim ham katta hayot ostonasida turib, ezgu niyat ila qurgan oilasidan, jondek aziz farzandlaridan kechishni, o‘zga hayotni tanlashni o‘ylasa… O‘ylamas, ammo shunday yo‘lni tutadiganlar, afsuski, bor. Surxondaryo viloyat musiqali drama teatrida tomoshabinlar hukmiga havola etilgan “Muhabbatim — qismatim mening” spektakli qahramoni Norbek o‘zga ayolni sevib qoladi-da, ayoli va 3 norasida farzandini tashlab ketadi. Bu mash’um kun katta o‘g‘il Xolbek xotirasida o‘chmas bo‘lib muhrlanib qoladi. Farzandlar taqdiri, bechora onaning qismati, hayot qiyinchiliklari aks etgan voqealar rivoji kishi e’tiborini tortmay qo‘ymaydi.

Hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan farzandlar hayotiga yillar o‘tib otaning qaytib kelishi katta zarba bo‘ladi. Ularni qiziqtirayotgani otalari farzandlari ko‘ziga tik qarab turib, qanday sabab ko‘rsatarkanki, ular ishonishsa va otalari bag‘riga o‘zlarini otishsa… Voqealar rivoji qizg‘in tus oladi. Ayol dardiga hamdard tomoshabin ko‘z yoshlarini tiya olmaydi. Farzandlarning otalariga aytgan achchiq so‘zlari, savollari oldida ota tugul tomoshabin ham tang qoladi.

Malikaga tirgak bo‘lgan, farzandlarini ulg‘aytirib oyoqqa turishiga yordam bergan Mo‘min va Xolida obrazlari ham o‘rinli tanlangan. Ularning butun umr tirnoqqa zor bo‘lib, 3 tirik yetimning boshini silashgani o‘ziga xos tarzda ochib berilgan. O‘z-o‘zidan bu oilaga achinasan kishi. Taqdirning beshafqat o‘yinlarini qarangki, kimdir farzand atalmish ne’matdan kechsa, kimlardir unga zor. Ularning 3 bolaga bergan mehr va e’tiborlari sabab bolalar Xolida aya deb chaqirishi, o‘rtadagi samimiy va mehrga to‘la munosabat ta’sirli tarzda ochib berilgan.

Muhabbati sabab farzandlaridan kechgan otani spektakl qahramonlari kechiradi, ammo haqiqiy hayotda ular kechirilarmikan? Otalarchi, ular o‘z xatolarini tushunishlari uchun juda ko‘p vaqtni boy bermadimikan? Otaning qaytishida ham balki o‘ziga xos achchiq haqiqat yashiringandir. Afsuski, bunday haqiqatlar ochilmay qolmaydi. Buni amalga oshirish uchun qilingan harakatlar fosh etib qo‘yadi. Norbek muhabbatidan qolgan yolg‘iz yodgori — qizi Ozodani birinchi oilasiga tashlab ketish uchun ham qaytishga qaror qilgani ochiqlanadi. To‘g‘ri, Malikaning 3 farzandi 4 ta bo‘lar. Bolalar ham singlisini qabul qilar, ammo otaga nisbatan tomoshabinning munosabati o‘zgarmasligi aniq.

Teatr bosh rejissyori F.Boltayev tomonidan sahnalashtirilgan spektakl ana shunday haqiqatlar haqida hikoya qiladi. Qolaversa, spektakl qahramoni Malika taqdiri misolida turmush sinovlari, farzandlar tarbiyasiga mas’uliyatsiz bo‘lgan, oilalarni parokanda qilayotgan insonlarga oila muqaddasligini eslatayotgandek. Ayol jasorati va matonatidan, sabr-bardoshidan hikoya qilib bergandek bo‘ladi.

Mana shunday hayotiy haqiqatlardan so‘zlovchi sahna asarlari omma e’tiboriga havola etilar ekan teatr san’ati o‘lmaydi. O‘z tomoshabini, o‘z muxlisining mehr va muhabbatini qayta-qayta qozonaveradi. Qolaversa, bunday spektakllar ba’zi yoshlarga ko‘zgu tutgandek bo‘ladi. Haqiqiy hayotda yo‘l ko‘rsatib, hoy-u havaslarga berilishning oqibati haqida ogohlantirgandek bo‘ladi. Kishini o‘ylashga, mushohada qilishga chorlaydi.

S. Normurodova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Odamlar

Qish. Shahnoza egilibgina avtobusga chiqdi. Bo‘ylari uzun, ko‘hlikkina bu...

Tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Tahliliy va tadqiqotchilik faoliyatini tashkil qilish...

Ipoteka krediti takror moliyalashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasining 12.02.2025-yildagi O‘RQ-1028-son Qonuni bilan ayrim qonun hujjatlariga...

Bolalar maydonchasi o‘rnida

Ko‘p qavatli uylarning hovlisida bolalar maydonchasi ham quriladi. Ayni...
KunTun
KunTun