Mahallalarda hokim yordamchilari o‘z faoliyatini boshlaganiga ham yarim yil bo‘lyapti. Mas’uliyatni anglagan, o‘z ishiga vijdonan yondashib, yuzi yorug‘ bo‘lib ishlayotgan bo‘lsa, nomunosiblarga munosib choralar ko‘rilayotgani ham sir emas. To‘g‘ri, yangi tajriba va bilimlarni talab etadigan yangi lavozimda qonun-qoidalar, tartib-tamoyillar ham butunlay yangicha.
Shuhrat Boymatov ham o‘z imkoniyat va shijoatini ko‘rsatish maqsadida joriy yilning yanvar oyidan boshlab Sariosiyo tumanidagi “Shabnam” mahallasida hokim yordamchisi sifatida ish boshladi. Ish boshlaganda ham shunchaki, nomigagina ishlash qahramonimiz uchun yot. Tabiatan kamtar va o‘ziga talabchan yigit naf keltirishni, xalq mushkulini oson qilishni o‘yladi. To‘g‘ri-da, imkon va imtiyoz bor ekan, to‘g‘ri va unumli foydalanmoq kerak. Axir, bir paytlardagi quruq va’dalar berilib, ijrosi oylab kutiladigan davrlar o‘tgan.
Hokim yordamchisi ishni mahalla ahli bilan tanishishdan boshladi. Mahlallada jami 644 ta xonadonda 1 125 ta oila, 4 222 nafar aholi istiqomat qiladi. Ushbu xonadonlar hokim yordamchisi tomonidan to‘liq xatlovdan o‘tkazildi va toifalarga bo‘lib olinib, “Online mahalla” elektron platformasiga kiritildi.
Shundan keyin g‘alvir suvdan ko‘tarilib, mahallada kim ishsiz, kim ishli ayon bo‘ldi. Yordamga, ishga muhtojlarga kerakli yordam ko‘rsatish uchun Shuhrat Boymatov yeng shimarib ishga kirishdi. Qarasa, holat jiddiy, 243 nafar fuqaro ishsiz. Muammoga munosib yechim topish maqsadida ular bilan suhbatlashdi. Qiziqishlari, layoqati, hunari bo‘lsa, shu jihatlarni inobatga olib, yo‘naltirishni o‘yladi. Qisqa muddatda 27 nafar fuqaro bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirilgan bo‘lsa, 203 nafar ishsiz o‘zini-o‘zi band qilib, daromad ko‘rishni boshladi.
O‘qish va hunar o‘rganishga ehtiyoji bor yoshlar esa kasb-hunarga o‘qitilib, malakasi oshirildi.
— Bekorchilik barcha illatlarning onasidir, — deydi “Shabnam” mahallasi hokim yordamchisi Sh.Boymatov. — Ishsiz bu bekorchi degani. Fuqarolar bilan suhbatlashganimda g‘oyalari, tashabbuslari bor-u imkoniyati sabab amalga oshira olmayotganlar ham, o‘qishni tugatib, hech bir ishning boshini tutmay, ishlash o‘yi xayollariga kelmayotgan yoshlar ham bor. Imkonsizlarga imkoniyat yaratishga urindim. Yoshlarni uddasidan chiqa oladigan ishlar, biznes loyihalar bilan tanishtirib, sal turtki bergan edim, ularga-da qiziqish uyg‘ondi.
Shundan so‘ng, tijorat banklari orqali 10 ta loyiha hisobiga 291,2 million so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi. Bu mablag‘lar hisobiga o‘z tomorqasidan foydalanishni boshlaganlar ham, issiqxona qurib, yerga urug‘ qadaganlar ham bor.
Hokim yordamchisining tashabbusi sabab mahallada asalarichilik yo‘lga qo‘yildi. Arzon va sifatli asal mahallaning o‘zidan chiqsa, yomonmi?
Tikuv sexi ochilib, ish o‘rinlari yaratilishi bilan birga mahalla ahliga xizmat ko‘rsatishni boshladi. Xullas ajratilgan kredit mablag‘lari manzilli yo‘naltirildi va fuqarolarning turmush-sharoitini yaxshilashga, mushkulini oson qilishga xizmat qildi.
Qishloq joyda aholining asosiy mashg‘uloti ekin ekish, chorvachilik bilan mashg‘ul bo‘lish. Shu maqsadda hokim yordamchisining aholiga tomorqa yer xo‘jaliklari ajratishda ham jonbozlik ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi. 103 nafar fuqaroning har biriga 17 sotixdan jami 17,51 gektar yer maydonlari auksion savdolari orqali egalik qilishga erishildi. Mazkur yer maydonlarida sabzavot, poliz va dukkakli ekinlar ekilib, hosil olib, cho‘ntagi qappaygan ishbilarmon mirishkorlar kelgusi ekin ekish ishlarini boshlashga uyushqoqlik bilan taraddud ko‘rishayotir.
“Shabnam” mahallasining hokim yordamchisi “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida ham o‘ziga xos yo‘lni tanladi. Mahalla hududida manzarali ko‘chatlar yarmarkasi tashkil etib, xatlovdan o‘tkazgan 221 dan ortiq xonadonda yetishtirilgan manzarali daraxt va gullar ko‘chatlarining taqdimotini o‘tkazdi. Albatta, bu ko‘chatlarning xaridori chiqib, sotilishiga ana shunday yordam ko‘rsatildi. Bu an’ana tusini oldiki, mahalla ahlining yosh-u keksasi endi bekor o‘tirmaydi. Ular biladi, hatto yerga urug‘ qadab, bir nihol o‘stirsa ham oilasi, ro‘zg‘ori uchun foydasi bo‘ladi. Kam-ko‘sti but, dasturxoni to‘kin bo‘ladi.
Shuhrat Boymatov tabiatan sinchkov odam. Kimning nima muammosi bor, kim dardini yeng uchida qoldirib, gazak oldiryapti — baridan xabardor bo‘lishga urinadi. Mahallani obod qilish uchun yelib-yuguradi. Xalqni tinglab, dardiga quloq tutadi. Ana shunday sinchkovlik natijasida mahallada 2 ta transformator yangisiga almashtirildi. 8 ta tungi yoritish chiroqlari o‘rnatilib, ko‘chalar kechasi-da kunduziday yorug‘ bo‘lishiga erishildi. Ayniqsa, 0,8 kilometr ichki yo‘llarni shag‘allashtirish hamda ichimlik suvi minorasini joriy ta’mirlashda amaliy yordam ko‘rsatilgani suv muammosini hal etib, yo‘llarni ravon qildi.
Amalga oshirilgan ishlarni aytayotganimizni eshitgan “Buncha og‘zining tanobini qochirib maqtayvermasa” deyishi aniq. Ammo, “Shabnam”da bo‘lib, mahalla ahli bilan suhbatlashgan, amalga oshirilayotgan obodonchilik ishlari bilan tanishgan, o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan kishi aytganlarimiz rostligiga ishonadi. Qolaversa, hokim yordamchisi “Yashil makon” dasturi asosida mahalla hududini yashillikka burkashni-da unutmadi. Xalqni birdamlikka chorlab, birlashib, daraxtlar ostini oqlab, ko‘pning harakati va ezgu niyatlar ila ko‘chatlar ekishdi. Bu ko‘chatlar bo‘y cho‘zib, barg yozadi. Kun kelib, mevasi va soyasi ila xizmatda bo‘lganlarga savob yog‘diradi.
“Shabnam” MFY hududi va tutash hududlarda umumiy qiymati 40 milliard so‘m bo‘lgan 200 o‘rinli statsionar klinika, 200 o‘rinli bolalar bog‘chasi hamda zamonaviy yirik savdo markazi qurilishi boshlangan. Qurilish ishlariga mahallaning o‘zidan 40 nafar quruvchi jalb qilingan. Hududdagi 66-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham 2,7 milliard so‘mlik kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqdaki, u yerda ham 20 nafar mahalliy ishsiz ish bilan band. Rizq-u nasibasini ayni shu mehnati ortidan topayotir. To‘palang daryosidan ichimlik suvi yetkazib berish ishlari suv inshooti va quvuri yotqizilishida ham 50 ga yaqin shabnamliklarning javlon urib mehnat qilayotganini ko‘rib, mahalla ahlini boshini birlashtirib, uyushqoqlik bilan vatan ravnaqi uchun xizmatga bel bog‘lashda bosh bo‘ladigan insonning munosib ishlayotganiga ishonch hosil qilasiz. Ana shunday hokim yordamchilari faoliyat yuritar ekan, tizim va bildirilgan ishonch o‘zini oqlaydi. Choraklik ishlar yakuniga ko‘ra hokim yordamchisi Shuhrat Boymatovning faoliyati KPI baholash tizimi orqali namunali deb baholangani esa fikrimiz isboti.
Sayyora ALLAYEVA