Bozorlarga qay vaqt bormang, pomidoru bodringlarni, ko‘zni quvnatuvchi bolgar qalampirlarini rastalarga terib qo‘yishadi. Qish paytlari pomidorga qo‘l uzatsangiz, narxini eshitib “qo‘lingiz kuyadiya”. Ikki-uch dona olaman, desangiz ham yozda xarid qiladigan pomidoringizning 5-6 kilogramini oladigan pulingizga shu ikki dona pomidorni olib ortga qaytaverasiz. Olmay desangiz, tomoq o‘lgur qistayveradi. Ayniqsa, bolgar qalampirini aytmaysizmi, u yoqdan qarasangiz ham, bu yoqdan qarasangiz ham og‘izning tanobini qochiradi… yangi chiqqan yangilikda, baribir totingingiz keladi, albatta…

Pomidor va bodringlar olish kimgadir orzu bo‘lib turgan bir pallada sho‘rsoylik O‘tkir Xoliyorovning oilasidagilar bodring, pomidor deb hech qachon bozor-o‘charga chopgan emas. Yil o‘n ikki oy og‘zi yangilikdan totinadigan ushbu oila, “ishim yo‘q, daromadim yo‘q, kimga tegsam ekan, kimdan yordam so‘rasam ekan, deb emas, tomorqada mehnat qilsam, daromadli bo‘laman, oilamga baraka kiradi” qabilida ish tutadigan ishbilarmonlardan.
Boysun tumanidagi “Sho‘rsoy” mahalla fuqarolar yig‘ini obodlik sari yuz tutmoqda.
Ushbu mahallada istiqomat qiluvchi aholi turmush farovonligi hamda daromad manbalarini yaratish maqsadida issiqxonalar tashkil etib bozorlarimizga poliz mahsulotlarini yetkazib kelmoqdalar.
“Sho‘rsoy” mahallasida yashovchi O‘tkir Xoliyorov tomorqasida issiqxona tashkil etib, qish va bahor mavsumlarida xalqimiz dasturxoniga pomidor, bodring mahsulotlarini yetkazib bermoqda.

Ko‘zni quvnatib, barq urib turgan ikkinchi hosil 10 kunlarda tayyor bo‘lib qoladi. Hosildan olayotgan daromadni issiqxonani kengaytirishga sarflamoqchi bo‘layotgan dehqon mehnatning tagi rohat ekanini anglagani shundoq ko‘rinib turibdi. Maqsad esa nafaqat pomidor, bodring bilan cheklanib qolmasdan, balki malina ko‘chatlarini ham yetishtirish harakatida. Chunki malina ushbu hududda yaxshi o‘sadi, hosili ham o‘ziga yarasha bo‘ladi. Ustiga ustak daromadi ham anchagina bo‘ladi.
Haqiqatdan ham yerga mehr berib, yer bilan “tillasha” olgan kishi bugun yaxshi daromad egasi hamda e’zozda bo‘lishi turgan gap.
O‘tkir Xoliyorov ishbilarmonligi va mehnatsevarligi bilan mahallada o‘rnak sifatida hurmat qozonayotgan qahramonlarimizdan biri, desak yanglishmaymiz.
A.Safarova