Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi bayrami arafasida yurtimiz boʻylab mehr-oqibat, muruvvat va saxovat tadbirlari keng quloch yoymoqda. Bugun elga naf keltirish, ehtiyojmand oilalarga yelkadosh boʻlish har birimizning insoniy burchimizga aylangan.
Shu munosabat bilan, bayram shukuhi va yangi oʻquv yili oldidan Termiz shahridagi “Murchbobo” jome’ masjidi imom-xatibi boshchiligida xayriya tadbiri oʻtkazildi. Unda shahrimizdagi mahallalarda istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yoʻqotgan hamda kam taʼminlangan oilalarning farzandlariga alohida eʼtibor koʻrsatildi.
Tadbir davomida oʻquvchi-yoshlarga yangi oʻquv yili uchun zarur boʻlgan sifatli maktab formalari, zamonaviy maktab sumkalari hamda oʻquv qurollari toʻplami tantanali ravishda topshirildi. Bu kabi amaliy yordam va samimiy eʼtibor natijasida bolajonlarning qalbiga bayramona quvonch ulashildi.
Ushbu muruvvat tadbiri Mustaqillik bayrami oldidan aholining kayfiyatini koʻtarish, ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlash hamda kelajagimiz egalari boʻlgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.

