Navoiy qaytdi

Date:

Sahna jang maydoni emaski, unda g‘olib-u mag‘lub bo‘lmagay, haq so‘z uchun kurashilmagay?! Magarki, jang maydonida sarkarda, kurash maydonida bir mutafakkir lozim. Biroq ijod ham bir majoziy jang. Jangki — aql, tafakkur va iqtidor jangi. Tomoshabin qalbiga kirib bora oladigan badiiy asarning-da uzoq yashashi va ulug‘lanishi shundan.

Barcha nodir asarlar muxlis, jo‘n qilib aytadigan bo‘lsak, xaridorining borligi uchun zamonlar osha yashab qoladi. Shuningdek, xalq qahramonlari ham. Bu mazmunda juda ko‘p misollar keltirishimiz mumkin… Turkiy til nodir uzuk bo‘lsa, Alisher Navoiy uning ko‘zidir. Qalbi g‘urur va yashashga to‘la ishonchi bor keksa-u navqiron ziyo istovchi, albatta, Navoiyga intilishining guvohi bo‘ldim. Viloyat musiqali drama teatrida

uzoq yillar ilgari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at abobi Mansur Ravshanov tomonidan sahnalashtirilgan va turli sabablar tufayli 2022-yildan buyon o‘ynalmay qolgan Izzat Sulton va Uyg‘un qalamiga mansub  “Alisher Navoiy” tarixiy dramasi qayta tiklandi. 

Azaldan Surxondaryo xalqi o‘zining iqtidorli farzandlari bilan nom qozongan. Shulardan biri O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, aktyor Homid Oripovdir. H.Oripov tarjimayi holi oddiy insonlarnikidek, ammo san’atdagi hayoti olis Boysun go‘zal kechalari chirog‘ining nuridek yorqin. Bilamizki, teatr san’ati tom ma’noda, aktyorning borlig‘i bilan bog‘liq. Aktyor bo‘lmasa, teatrni tasavvur qilish mumkin emas. Ana shu teatrning borlig‘i uchun kurashib xizmat qilayotganlar safida Homid Oripov sarkardalikni uddalab kelmoqda. Albatta, ustoz Ravshanov tufayli! Zar qadrini zargardan o‘zga bilmagani kabi, Mansur Ravshanov shogirdiga ko‘p iltifotlar bilan Navoiy obrazini yaratish imko-nini berdi. Va sharaf bilan ayta olamanki, Homid Oripov uddaladi. Buni san’atdagi chinakam baxt desak, mubolag‘a emas. Isbot esa had-hududsizdir.

“Alisher Navoiy” spektakli tarixiy drama. Bu janrning mushkuloti shulki, hammaning tasavvurida har xil gavdalanib qolgan qahramonning hamma ham bilmagan qirralarini topa olish kerak bo‘ladi. Bu aytishgagina oson, xolos. Asosiy vazifa esa xalqni sahnadagi “yolg‘on”ga ishontira olish. Bunda aktyorda mahorat kerak, avvalambor, o‘zidagi badiiy ishonchni o‘tirib mulohaza qilmoqchi bo‘lib turgan tomoshabinning tasavvuriga joylay olishi kerak, uni o‘ziga ergashtirishi kerak. Homid Oripov Navoiy obrazida bu og‘ir vazifani uddalay olgan. Sahnada aktyor uchun xizmat qiluvchi musiqa, sahnaviy muhit, dekoratsiyalar, jihozlar-u detallar, yordamchi aktyorlar hamma-hammasi aktyor — Navoiy ichki kechinmasidan ipga tizilgandek zinama-zina o‘tib boraveradi. Butun spektakl voqeasi Navoiyga aylanib ketaveradi. Oldinlari Oripov bilan bu spektaklda birga o‘ynagan bo‘lsam ham nimaga buni sezmaganimdan hayratda qoldim. Bu sahnaning sehrli siridan dalolatmikan?! Hayratim sabablari shunday: yangrayotgan musiqa Navoiyning yuragidagi sas edi. So‘z Navoiyning ayni o‘zi edi. Dekoratsiya va sahna muhiti o‘n beshinchi asr… Sahnadagi personajlar Hirotning o‘n beshinchi asrdagi bizga tanish sodda odamlar… Husayn Boyqarodek qudratli shoh o‘zgalar qo‘lida o‘yinchoq edi. Yovuzlar, xoinlar esa juda ko‘p… Xiyonatkorlar odamiy tilda so‘zlovchi Navoiyning har qadamini poylovchi edi. Muhabbat ojiz, Navoiy himoyasiga intizor edi. Benavo xalq bir malhamga muhtoj edi. Har doim muammolar kelsa, Navoiy balogardon edi. Afsuski, Navoiy yolg‘iz edi. Ammo u hammasini yengdi. Bu Navoiy — Homid Oripov talqinida qalbi to‘la muhabbat, xalqiga mehribon, davlat poydorligini ta’minlagan, so‘zni san’atga aylantira olgan, asrlar osha sevilib kelayotgan mutafakkir va beg‘araz inson obrazi edi. Homid Oripov O‘zbekistonning noyob aktyori ekaniga shubhalanmadim. Ayniqsa, tarixiy dramadagi romantik chizgilar aynan san’atkorning kasbiy uslubi edi. Butun spektaklda noyob qudrat — sahna dinamikasini tutib turish uning professional malakasidandir.

Katta-katta yangi obrazlar yaratishiga ishonchim ortdi. Va shunday bo‘lishini istablar qoldim. Homid Oripov noyob obrazlari bilan hali ancha yillar sahnada Sarkarda bo‘lib qolajak! 

Hamza XONOV,

Viloyat musiqali drama teatri ijodiy masalalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, dramaturg, aktyor

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

TerDUning in vitro laboratoriyasi bo‘ladi

Termiz davlat universiteti huzurida tashkil etilayotgan “O‘simliklarni mikroklonal ko‘paytirish”...

Gulchilik maktabi tashkil etiladi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Denov tumanida amalga oshirilayotgan...

Tadbirkor ko‘magi bilan…

Surxondaryoda ta’lim muassasalarini zamonaviy sharoitlarga moslashtirish ishlari izchil davom...

Maktabda “Muhandislik laboratoriyasi” ishga tushadi

Bandixon tuman hokimi Abdumalik Allamuradov 44-sonli umumta’lim maktabida ilgari...
KunTun
KunTun