Bugun turizm sohasi nafaqat iqtisodiyotning faol rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri, balki davlatning dunyoga ochilishida, xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashda muhim omilga aylanmoqda. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda sayyohlik infratuzilmasi kengayib, yangi yo‘nalishlar, yangi xizmatlar va xalqaro hamkorliklar shakllanmoqda.Ana shu keng qamrovli islohotlarning mantiqiy davomi – poytaxtdagi “CAEx” xalqaro ko‘rgazmalar markazida tashkil etilgan “Ipak yo‘lida turizm” – 30-yubiley Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi (TXTY) bo‘ldi deyish mumkin. Ushbu yirik forum O‘zbekistonning turizm salohiyatini yanada keng targ‘ib qilish, xorijiy sheriklar bilan yangi aloqalar o‘rnatish va mahalliy brendlarni dunyoga tanitish uchun qulay maydon vazifasini bajarmoqda.
Rasmiy ochilish marosimidan so‘ng turli davlatlar va mintaqalarning turizm bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni aks ettirgan stendlari mehmonlarga taqdim etildi. Yarmarkaning ilk kunidayoq ko‘plab uchrashuvlar, taqdimotlar, ikki tomonlama kelishuvlar imzolanishi O‘zbekistonning xalqaro turizm bozoridagi mavqeyini mustahkamlayotganini yaqqol ko‘rsatdi.
Bu yilgi tadbirda alohida e’tibor tortgan pavilyonlardan biri – Surxondaryoniki bo‘ldi. Vohadagi tarix, tabiiy go‘zalliklar va milliy an’analar uyg‘unlashgan holda yaratilgan maxsus stend mehmonlarda katta taassurot uyg‘otdi.
Surxondaryo – qadimiy vohalar, afsonaviy Termiz, buddaviylik markazlari, Boysunning betakror do‘ppilari, jarangdor folklori, betakror taomlari bilan ko‘hna sivilizatsiyalar chorrahasi bo‘lib kelgan hudud. Ayniqsa, vohaning gastronomiyasi — tandir kaboblari, o‘ziga xos ziravorlar bilan boyitilgan taomlari va xalqona mehmondo‘stlik ruhini namoyon etuvchi taqdimotlar xorijiy mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Surxondaryo pavilyoni bu yili nafaqat an’anaviy ko‘rgazma, balki hududning yangi turizm imkoniyatlarini aks ettiruvchi, zamonaviy yondashuv bilan bezatilgan o‘ziga xos sahna bo‘lib xizmat qildi. Termiz arxeologik merosi, Boysun folklori, Darband darasining jozibasi, Orolbo‘yi hududlari bilan integratsiyalangan sayohat yo‘nalishlari – bularning barchasi ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirdi.
Xalqaro turizm yarmarkasi doirasida o‘tkazilgan “Lazzatli O‘zbekiston – 2025” II Xalqaro gastronomiya festivali yarmarkaning eng jonli, eng rang-barang bo‘limlaridan biri bo‘ldi. Ushbu festivalda O‘zbekistonning barcha hududlari, shuningdek, bir qator xorijiy davlatlarning oshpazlari ishtirok etdi.
Uch kun davomida mehmonlar mahorat darslari, degustatsiyalar, xalqaro tanlovlar, milliy taomlar namoyishi, hunarmandlar ko‘rgazmalari mujassam bo‘lgan dasturdan bahramand bo‘lishdi.
— O‘n uch yildan beri Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi turizm sohasidagi eng yirik voqealardan biri bo‘lib, hamon turizm forumi sifatida o‘z pozitsiyasini mustahkamlab bormoqda. Bizning maqsadimiz — O‘zbekistonning turistik imkoniyatlarini ko‘rsatish va hamkorlik uchun qulay platforma yaratishdir. Ushbu nufuzli yarmarka yana bir bor mamlakatimizning turizm salohiyatini namoyish etdi, — deydi Turizm qo‘mitasi raisi Davron Jo‘rayev .
An’anaga ko‘ra, “Yilning eng yaxshi turistik mahsuloti”, “Eng yaxshi gid”, “Eng yaxshi mehmonxona” kabi nominatsiyalar bo‘yicha munosiblar taqdirlandi. Shuningdek, “Turizm yulduzlari — 2025” tanlovi, xalqaro oshpazlar chempionati, turistik startaplar va innovatsion loyihalar musobaqalari yarmarkaning mazmunini yanada boyitdi.
O‘zbekiston turizmi jadal rivojlanmoqda, infratuzilma kengaymoqda, xorijiy hamkorliklar kuchaymoqda. Eng muhimi, mamlakatning har bir hududi – Surxondaryo, Xorazm, Buxoro, Farg‘ona vodiysigacha – o‘zining betakror turistik brendini shakllantirib bormoqda. Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi esa nafaqat yirik ko‘rgazma, balki O‘zbekistonning yangi turistik strategiyasining amaliy ko‘rinishi bo‘ldi desak, adashmagan bo‘lamiz. Yarmarka O‘zbekiston – qadimiy tarixga, go‘zal tabiatga, mehmondo‘st xalqqa ega, zamonaviy turizm markaziga aylanib borayotganini butun dunyoga ko‘rsatdi, ko‘z-ko‘z etdi. Ayniqsa, Surxondaryoning yorqin taqdimoti esa voha turizmi uchun yangi sahifa ochayotganini yana bir bor namoyish etdi.
Jo‘rabek To‘rayev,
Viloyat hokimining o‘rinbosari

