Profilaktika kuni – huquq va halollik saboqlari

Date:

Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish va huquqbuzarliklarning oldini olish masalasi davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. Shu maqsadda har hafta payshanba kuni o‘tkazib kelinayotgan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” tadbirlari tobora keng ko‘lam kasb etib, huquqiy targ‘ibotning samarali maydoniga aylanmoqda.

Navbatdagi tadbir viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida tashkil etildi. Unda boshqarma xodimlari, harbiylar, ularning oila a’zolari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida Termiz harbiy prokurori adliya polkovnigi Sh. Mirzayev, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Sh. Shukurov va boshqa mutasaddilar “Korrupsiyaga qarshi kurash – barchamizning burchimiz” mavzusida atroflicha ma’lumot berib, korrupsiyaning iqtisodiyot, jamiyat taraqqiyoti va fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchiga yetkazadigan salbiy oqibatlari haqida so‘z yuritdilar. Ularning ta’kidlashicha, halollik va mas’uliyat nafaqat davlat xizmatida, balki butun jamiyat hayotida barqarorlik poydevoridir.

Tadbirda viloyat Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakili ham so‘z olib, oilaviy muhitda mehr-oqibat va totuvlikni mustahkamlash zarurligini ta’kidladi. U oilaviy nizolar va ajrimlarning jamiyat hayotiga salbiy ta’siri haqida gapirib, bunday muammolar ko‘pincha farzandlar taqdiriga og‘ir zarba bo‘lishini alohida qayd etdi. Shu bois, oilada sabr-toqat va o‘zaro hurmat muhitini yaratish har bir insonning mas’uliyati ekani uqtirildi.

Tadbir doirasida favqulodda vaziyatlar tizimida fidoyilik bilan xizmat qilayotgan bir guruh harbiy xizmatchilar alohida rag‘batlantirildi. Ularning ota-onalariga tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari topshirilishi ota-onalarga hurmat va e’tiborning amaliy ifodasi bo‘ldi. Bu esa xodimlar uchun katta ruhiy dalda, ota-onalar uchun esa farzand tarbiyasidagi fidokorona mehnatiga berilgan yuksak e’tirof sifatida qabul qilindi.

Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar huquqbuzarliklarning oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurashish va oilaviy barqarorlikni mustahkamlashda faollik ko‘rsatishga chaqirildi.

Shubhasiz, profilaktika kuni nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki keng jamoatchilik o‘rtasida ham huquqiy ongni yuksaltirish, qonunlarga hurmat va mas’uliyat ruhini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Bunday tadbirlar adolatli jamiyat qurish va xalqimiz farovonligini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamlardir.

         G‘.Ravshanov,

Viloyat FVB boshlig‘innng  o‘rinbosari, podpolkovnik

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

 “Shuhrat”ga eltgan yo‘l

Muzrabot tumanining chekka qishloqlaridan birida joylashgan 17-umumta’lim maktabida o‘z...

G‘alla ekish start oldi

Angor tumanida 2026-yil hosili uchun g‘alla ekish ishlari boshlab...

Tazyiqsiz kelajak quraylik!

Bugun qizlarning huquqlari, ularning jamiyatdagi o‘rni va teng imkoniyatlari...

Profilaktika kuni – huquq va halollik saboqlari

Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish va...
KunTun
KunTun