Surxonning go‘zal tabiati, purviqor tog‘lari-yu so‘lim maskanlari nafaqat mahalliy, balki xorijdan tashrif buyuruvchi mehmonlarning hayratini oshirib, olam-olam taassurotlar ulashayotir. O‘z-o‘zidan vohamizga qadam ranjida qilgan mehmon borki, go‘zal manzaralardan zavq olish bilan birga milliy an’analarimiz, qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz bilan tanishadi. Milliy liboslarimiz, taqinchoqlarimiz alohida serzavq mavzu-yu milliy taomlarimiz vohaga qayta va qayta mehmon bo‘lish ishtiyoqini oshiruvchi muhim sababdir.
O‘z o‘rnida mehmonlarga munosib shart-sharoit va qulaylik yaratish maqsadida badastur etilgan jihatlar rivoj topayotgan soha uchun yanada ahamiyatli. Mehmonnavoz vohadoshlarimiz yorug‘ yuz, shirinsuxanlik bilan kutib olishadiki, hech bir mehmon Surxondaryoda begona bo‘lmaydi, o‘zini mahalliy aholiday erkin his etadi. Albatta, mana shunday jannatmonand manzillar haqida targ‘ibotni, reklamani kuchaytirish, sayyohlar oqimini jalb qilib, turizm sohasini yanada rivojlantirish davrning muhim talabidir. Prezidentimizning 2024-yil 16-dekabrdagi “Surxondaryo viloyatining tog‘li-rekreatsion hududlarida turizm infratuzilmasini yaxshilash hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish va turizm obyektlarini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori esa bu boradagi ishlar uchun eng maqbul yo‘riqnoma kabidir. Ayni qaror ijrosini ta’minlash, vohamizning turizm salohiyatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish maqsadida Tojikiston Respublikasining yetakchi sayyohlik kompaniyalari vakillari, turizm blogerlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida “Roadshow” tashkil etildi.
Mehmonlar Sariosiyo tumanidagi chegara postida tantanali kutib olindi. Tumanning diqqatga sazovor joylari, xususan, gastronomik turizm rivojlanayotgan Tandiri kabob markazida bo‘lgan mehmonlar o‘zbegimning ta’mi og‘izda qoladigan, go‘shtlari hil-hil bo‘lib pishgan kabobini tatib ko‘rishdi.
— Bugun tojikistonlik mehmonlar qatori biz ham sayohatga otlandik, — deydi jurnalist Surayyo Normanova. — Soniya-sayin yangilanayotgan vohani yangitdan kashf etgandek bo‘ldik. Kuzatuvlarimiz natijasi o‘laroq aytishim mumkinki, hamkasb mehmonlarimizga Sangardak sharsharasi juda manzur bo‘ldi. Shu joyning o‘zida ular vohamizni, turizm obyektlarimizni ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ib qilishga o‘tib ketishdi. Bunday targ‘ibot qisqa muddat ichida vohaga tashrif buyuruvchilar sonini oshirib yuborishi aniq. O‘z auditoriyasiga ega hamkasblarimizning bundayin jonli “reklamasi” manzilning jozibasi-yu zavqini targ‘ib etishda o‘ziga xos tajribadir.
Ana shunday yuqori kayfiyat bilan barcha “Sangardak” sanatoriysiga yo‘l oldi. Sanatoriydagi shart-sharoitlar hamda yangi barpo etilayotgan turizm markazi bilan tanishilarkan, holatni so‘z bilan ta’riflash qiyin edi. Barcha go‘yo hayajonda, tabiatning mo‘jizaviy yaratig‘i oldida mahliyo bo‘lishganidan barcha manzarani tasvirga olishga, ta’rif-u tashbeh berishga shoshardi.
Tojikistonlik mehmonlar sayohatning birinchi kunida dastur bo‘yicha Termiz va Sherobod tumanlaridagi ziyoratgohlar hamda turistik obyektlar bilan tanishishlari rejalashtirilgan. Mazkur tadbir doirasida tashkil etilgan “Roadshow” dasturi esa davom etadi. Bu esa vohamizning bundan-da ajoyib maskanlari, turistik obyektlari, tarixiy obida va ziyoratgohlarini kezish, ziyorat qilish imkoni hamdir. Asosiysi, mehmonlar o‘tgan vaqtlariga achinmasliklari aniq.