Har bir notasi ko‘ngil tuyg‘ularini kuylaydi

Date:

San’at shunday sehrli kuchga egaki, har bir qalbni ohanrabo kabi maftun etib, o‘zga bir olamga olib kiradi. Sozlar tilga kirsa bormi, quvonch, qayg‘u — hislar g‘alayon qiladi. Shunchaki, tinglamoqqa berilib, o‘zlikni unutasiz. Ana shunday san’at asariga teng ohanglarni esa haqiqiy san’atkorlar, san’atni tushunib, san’at ila yashaydigan insonlargina taqdim eta oladi. Aks holda qanday soz, qanday ohang bo‘lmasin, hech qanday e’tibor, ahamiyat kasb eta olmaydi.
O‘zbek milliy san’at, xalq musiqasi ham shunday. Xalqimizning qadriyatlarini, milliyligini tarannum etguvchi, qalb tug‘yonlarini ifodalovchi musiqiy asboblardan biri bu — dutordir. Bu cholg‘u o‘zining ijro etilgan notalari bilan xalqning tarixini, an’analarini, ruhini yorita olishga qodir. Sherobod tumanidagi 8-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabining dutor o‘qituvchisi Mavluda Pirmatova esa ajib cholg‘u asbobi bo‘lmish dutorni nafaqat o‘zining san’at sohasidagi bilimlari bilan, balki xalqimizning madaniy merosini saqlash va uni yoshlarga yetkazishdagi beqiyos faoliyati bilan butunlay yangi ma’no kasb ettirgan. Hayotini san’atga, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga baxshida etgan ustoz bugun ulug‘ yoshda. O‘tgan yillar davomida bilimi va tajribasi ila ustoz sifatida yanada sayqallangan Mavluda Pirmatova professional ijodkor, balki haqiqiy san’atkor sifatida shogirdlariga o‘rnak bo‘la olgani bilan qadrli va sevimlidir.
Mavluda Pirmatova jonkuyar ustoz. U kishining darsiga kirsangiz, ustozning mahoratiga tasanno o‘qiysiz. Auditoriyani yaxshi his etadigan qahramonimiz har bir yoshning e’tiborini torta oladi. dars mashg‘ulotlari jonli, improvizatsiyaga boy, takrorlanmas o‘tadi. Bu bejizga emas, albatta. Bunga ustozning san’aga bo‘lgan muhabbati sabab bo‘lsa kerak. Shuning uchun ham ustoz qunt, ishtiyoq ila san’atini o‘rgatishga chog‘lanib, buning uddasidan chiqib kelayotir. Asosiysi, o‘quvchi-yoshlarga har bir notadagi chiroyli ifodasi bilan his qilishni, har bir harakatda xalqning qalbini topishni o‘rgatadi. Mana shunday o‘qitish usuli esa har bir shogirdga individual yondashib, uning qobiliyatlarini rivojlantirishga, texnika, balki inson ma’naviyatini, ruhiyatini boyitishga harakat qiladi.
Ustozning menga ham ana shunday mehri singgani uchun yoshligimdan san’atga oshno bo‘ldim. Dutor chalish sir-asrorlarini o‘rgandim. Bu orqali xalqimizning asriy an’analari va qadriyatlarini ham tushunib yetishga muvaffaq bo‘ldim. Faoliyatim davomida, hattoki, rahbar bo‘lib shakllanishimda ham ustozimning o‘gitlarining o‘z o‘rni bor. Ularning har bir maslahati, tavsiyasi, har bir aytgan so‘zi, hayotiy yo‘l-yo‘riqlar berishlari, insonlarning qadri-qimmatiga yetishga, ularga hurmat bilan qarashga o‘rgata oldi.
Mavluda opa har bir asarni o‘qitishdan avval o‘sha asarning go‘zalliklarini his etishda, shogirdga insoniylik va estetik qadriyatlarni o‘rgatishga e’tibor qaratdi. Dutor chalish — bu sozdan faqat ovoz chiqarish emas, har bir insonning ko‘ngildan chiqqan tuyg‘ularini, orzu va umidlarini, dardini ifodalashdir. Qahramonimiz kasbi nuqtai nazaridan nafaqat katta mahorat sohibasi, balki inson ruhining ichki tuyg‘ularini yalang‘ochlab, xalqni musiqa san’atiga oshno eta olishi tahsinga sazovor hodisadir. Shu sabab, ustoz o‘tgan mashg‘ulotlarda dutorning ovozi, har bir notadagi hayot va insonning o‘ziga xosliklari ham namoyon bo‘ladi.
Mavluda opaning 60 yoshga to‘lishi — bu faqat yillar ustidagi bir bosqich emas, balki san’at va ustozlik yo‘lidagi ulkan tajriba va xidoyatni ifodalagan bir davrdir. Ushbu davr orqasida o‘tgan vaqtning har daqiqasi, har soniyasi yoshlarga san’atimizni va xalqimiz madaniyatini o‘rgatishga bag‘ishlangan. Ustozning zahmatli mehnatlari, shogirdlariga oid bir tanqidiy va ilmiy yondashuvi — ularning mahorati, insoniylik, samimiyat va bir-biriga bo‘lgan hurmatni his qilishlariga sabab bo‘ldi. Mana shunday zalvorli hayot yo‘li esa bugungi kunda O‘zbekistonning madaniy hayotida, ular kashf qilgan shogirdlari hayotida o‘ziga xos iz qoldirgan.
Ustozning san’atga bo‘lgan hurmati, xalqimizning asrlar davomida saqlab kelgan qadriyatlarini kelajak avlodlarga yetkazishga qaratilgan ishi juda muhimdir. Bilim va mahoratning mevasi bo‘lgan shogirdlari ustozning chin saboqlarini olib, san’at olamida, ta’lim sohasida, xullas hayotning barcha jabhalarida o‘z o‘rinlariga ega bo‘lib, tanlagan yo‘nalishlarida o‘ziga xos iz qoldirishga, kelajak avlodga ilhom bag‘ishlashga xizmat qilishayotir. Bu ustozning hayoti, saboqlari besamar ketmaganini ko‘rsatadi. U kishi dutorni qo‘liga olib cherta boshlaganlarida esa jonli va sehrli ijro tomoshabinlar qalbidan joy olib, har bir nota xalqimizning qadriyatlari, tarixiy muvaffaqiyatlari va orzularini chuqur ifoda etayotganga o‘xshaydi. San’atkor uchun esa bundan ortig‘i ham kerak emas.

Nigora SAIDOVA,
Sherobod tumanidagi 8-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi direktori,
XDP Sherobod tumani kengashi deputati

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Naqshbandiya yo‘lining yuragi

 Turkiya va Indoneziyada Surxondaryo viloyatining ziyorat va turizm salohiyati...

“27 qozonda – 27 xil osh”

Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti talabalar turar joyida...

360 o‘rinli bog‘cha qurilishiga start berildi

Prezidentimizning qamrov darajasi past bo‘lgan hududlarda davlat-xususiy sherikchilik asosida...

Bandligi ta’minlandi

Angor tumanining “Qorasuv” mahallasida yashovchi, II guruh nogironi Zafar...
KunTun
KunTun