“Yuksalish” harakati Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi tashabbusi bilan viloyat qon quyish stansiyasida “Biz donormiz” shiori ostida xayriya aksiyasi o‘tkazildi. Tadbir murakkab operatsiyalarni boshdan kechirgan, og‘ir jarohatlangan yoki saraton kasalligiga chalingan, qon quyishga muhtoj bemorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.
Aksiyada viloyat ichki ishlar va favqulodda vaziyatlar boshqarmalari xodimlari, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarining ko‘ngilli vakillari donor sifatida ishtirok etib, bemorlar salomatligini tiklash yo‘lida xayrli tashabbusga hissa qo‘shdi.
Zero, donorlik — inson hayotini saqlab qolishga xizmat qiladigan eng ezgu amallardan biri. Bunday tashabbuslar jamiyatda mehr-oqibat, hamjihatlik va o‘zaro ko‘mak tuyg‘ularini mustahkamlaydi.

