Qumqo‘rg‘on tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi hamda “Turonbak” ATB tashabbusi bilan yana bir muhim ijtimoiy loyiha amalga oshirilmoqda. Aholining kam ta’minlangan hamda ishsiz qatlamini qo‘llab-quvvatlash, ularning daromad manbalarini kengaytirish va turmush darajasini yaxshilash maqsadida tumanga 2 mingdan ortiq hosildor limon ko‘chatlari olib kelindi. Ayni kunlarda ushbu ko‘chatlar ehtiyojmand oilalarga bosqichma-bosqich tarqatilmoqda.
Shuningdek, mutasaddi tashkilotlar tomonidan fuqarolarga limon ko‘chatlarini ekish, parvarish qilish, zararkunandalardan himoya qilish va hosildorlikni oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berilmoqda. Zarur hollarda agrotexnik ko‘mak ko‘rsatish ham rejalashtirilgan.
Ushbu loyiha nafaqat ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashga, balki ularni tadbirkorlikka jalb etish, o‘z tomorqasidan daromad topishga o‘rgatish orqali bandligini ta’minlashga xizmat qiladi. Kelgusida bunday tashabbuslarni yanada kengaytirish orqali tumanda kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishga erishish maqsad qilinmoqda.

