Qutlug‘ ayyom 10 kun davom etadi

Date:

Surxondaryo zaminida bahorning ilk nafasi sezilishi bilan ko‘ngillarda o‘zgacha shukuh, qalblarda esa yangilanish hissi jo‘sh uradi. Sharqona yangi yil – Navro‘z umumxalq bayrami arafasida viloyat bo‘ylab ko‘tarinki ruh hukm surmoqda. Joriy yilda ushbu qutlug‘ ayyom Termiz tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivi amfiteatr maydonida o‘n kun davomida keng nishonlanishi rejalashtirilgani esa bayram shukuhini yanada oshirmoqda.

Qadriyat va an’analar tantanasi

Navro‘z – bu shunchaki bayram emas, u asrlar qa’ridan bugungi kunimizga yetib kelgan milliy o‘zligimiz, urf-odatlarimiz va ezgu qadriyatlarimizning yorqin timsolidir. Tabiat uyg‘onishi bilan hamohang ravishda inson qalbi ham poklanadi, mehr-oqibat va hamjihatlik tuyg‘ulari mustahkamlanadi. Shu bois, joriy yilgi tadbirlar milliy an’analarimizni keng namoyon etish, yosh avlod qalbida ajdodlar merosiga hurmat tuyg‘usini yanada mustahkamlashga qaratilmoqda.
Amfiteatr maydonida o‘rnatilayotgan sahna bezaklari, milliy naqsh va ramzlar bilan ziynatlanayotgan hudud Navro‘zga xos rang-barang kompozitsiyalar bayramona muhitni yaratishga xizmat qilmoqda. Har bir bezak, har bir ramz – yangilanish va baraka timsoli sifatida o‘ziga xos ma’no kasb etadi.

Tadorik ishlari – mas’uliyat va e’tibor markazida

Ayni vaqtda hududda bayram tadbirlariga tayyorgarlik ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov tayyorgarlik jarayonlari bilan bevosita tanishib, mas’ullarning hisobotlarini eshitdi. Amalga oshirilayotgan ishlar, belgilangan vazifalar ijrosi hamda tashkiliy masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Viloyat rahbari bayramning xalqimiz hayotidagi beqiyos o‘rni va ahamiyatini alohida ta’kidlab, tadbirlarni yuksak saviyada tashkil etish zarurligini qayd etdi. Xususan, aholiga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ish-laydigan konsert dasturlari, milliy estrada va folklor jamoalari ishtirokidagi chiqishlar, madaniy-ma’rifiy loyihalar hamda milliy sport musobaqalarini puxta rejalashtirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Xalq sayliga aylanadi

Rejalashtirilayotgan o‘n kunlik bayram dasturi o‘z ko‘lami va mazmuni bilan ajralib turadi. Unda sevib iste’mol qiladigan, hatto unutilib borayotgan milliy taomlar ko‘rgazmalari tashkil etiladi. Degustatsiya jarayoni esa barchani mamnun etishi tayin. Hunarmandlar yarmarkalari esa milliy buyumlar, kiyim-kechak va aksessuarlar, taqinchog‘-u suvenirlar xaridi uchun qulay fursatni beradi. Baxshichilik va folklor chiqishlari esa tomoshaga kelganlarning ko‘nglini xushnud aylash bilan birga shodon raqslarga boshlasa, ajab emas. Shuningdek, sayillar davomida kurash va boshqa milliy sport turlari bo‘yicha musobaqalar ham o‘rin olgan. Bu esa sport ixlosmandlari, o‘zini sinab ko‘rishni xush ko‘ruvchilar uchun eng yaxshi imkon va sinov maydoni bo‘lishiga shubha yo‘q. Ayniqsa, yoshlar va bolalar uchun alohida madaniy dasturlar tashkil etilishi bayramni haqiqiy xalq sayliga aylantiradi.
Navro‘z — bu mehr-oqibat va bag‘rikenglik bayrami. Shu bois tadbirlar jarayonida nuroniylar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olish, saxovat va xayriya aksiyalarini o‘tkazish ham rejalashtirilgan. Bu esa bayramning ma’naviy mazmunini yanada boyitadi.

Yangi O‘zbekistonda yangi shijoat

Termiz tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivi amfiteatr maydonida o‘tkaziladigan
bayram tadbirlari nafaqat ko‘ngilochar dasturlar, balki
milliy birlik va hamjihatlik namunasiga aylanishi kutilmoqda. Surxondaryo ahli Navro‘zni yuksak kayfiyat, ezgu niyat va katta orzular bilan qarshi olish arafasida.
Zero, Navro‘z — bu yangi kun, yangi umid va yangi marralar sari dadil qadamdir. Surxondaryoda boshlangan tayyorgarlik jarayonlari esa ana shu ezgu ayyomni xalqimiz xotirasida unutilmas voqea sifatida muhrlashga xizmat qiladi.

“Surxon tongi”

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

HOSIL MO‘L BO‘LSIN DESANGIZ…

Qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligini oshirishda o‘tin va ko‘mir kulining...

Ijara tizimida moliyaviy rag‘bat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2025-yil uchun xususiylashtirish dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni...

Taraqqiyot va adolat poydevori

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot bosqichida bosh mezon bitta: xalq manfaatlari...

Qutlug‘ ayyom 10 kun davom etadi

Surxondaryo zaminida bahorning ilk nafasi sezilishi bilan ko‘ngillarda o‘zgacha...
KunTun
KunTun