O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-57-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-apreldagi 205-son qarori ijrosi doirasida Surxondaryo viloyatida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish bo‘yicha muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Hududda quyosh energetikasining rivojlanishi energiya ta’minoti barqarorligini mustahkamlash, xarajatlarni kamaytirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
O‘tgan davrda viloyatdagi 8 320 ta ijtimoiy soha obyekti, tadbirkorlik subyekti va aholi xonadonlariga umumiy quvvati 110,4 MVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatildi. Natijada, 298,2 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Jumladan, 1 795 ta ijtimoiy obyekt va davlat idorasiga — 32,1 MVt, 1 442 ta tadbirkorlik subyektiga — 57,7 MVt, 121 ta ko‘p qavatli uyga — 1,3 MVt, 4 962 ta xonadonga — 19,1 MVt quvvat o‘rnatildi. Bu ko‘rsatkichlar viloyatda “yashil energetika” izchil yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatadi.
Aholi ortiqcha elektr energiyasini “Soliq” mobil ilovasidagi “Quyoshli xonadon” xizmati orqali sotmoqda. Yuridik shaxslar esa Hududiy elektr tarmoqlari AJ bilan shartnoma asosida energiyani realizatsiya qiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 14 iyundagi 247-son qaroriga muvofiq aholi har 1 kVt/soat uchun 1 000 so‘m subsidiya oladi, yuridik shaxslarga 2-guruh tarifining 80 foizi — 800 so‘mdan Hududiy elektr tarmoqlari AJ tomonidan to‘lanadi.
Bugungi kunga qadar 1 759 ta yuridik iste’molchi bilan shartnoma tuzilib, 524 tasiga 10 milliard 750 million 957 ming so‘m to‘lab berildi. 1 683 ta xonadonga esa 3 milliard 505 million 690 ming so‘m subsidiya ajratildi.
“Yashil Energiya” MCHJ joriy yilda 501 ta ijtimoiy obyektga 7,6 MVt hamda 6 ta tumandagi 24 ta mahallaga 11,1 MVt (jami 18,7 MVt) quyosh panellari o‘rnatishni rejalashtirgan. Hozirgacha 25 ta ijtimoiy obyektga 1,6 MVt quvvat o‘rnatildi. Shuningdek, Angor tumani “Talashqon” mahallasida 250 kVtlik quyosh paneli ishga tushirildi.
Tadbirkorlar yuqori kredit foizlari, garov talablari hamda ayrim korxonalarda yer maydoni yetishmasligini asosiy muammo sifatida ko‘rsatmoqda. Bu masalalarni hal etish “yashil iqtisodiyot”ga o‘tishni jadallashtiradi.
2025/2026-o‘quv yilidan Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari” yo‘nalishi ochilib, 25 o‘rin ajratildi. Hozirda 9 nafar talaba tahsil olmoqda.
Surxondaryoda 110 MVtdan ortiq quyosh panellarining o‘rnatilgani hududning energiya mustaqilligi sari muhim qadamdir. Endi asosiy vazifa — moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, tadbirkorlar uchun qulay sharoit yaratish va malakali kadrlar tayyorlashni jadallashtirishdan iborat.
Saidqosim Burxanov,
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma katta prokurori

