Og‘ir toifadan zamonaviy qiyofagacha…

Date:

Bugun katta-katta o‘zgarishlar, yangilanishlar ostonasidamiz. Boshlangan islohotlar esa chekka-chekka tuman-u qishloqlarda ham xuddi shahardagidek sharoit va imkoniyatlar yaratish, zamonaviy va ko‘rkam qiyofa kasb ettirishni ko‘zlaydi.

Bunda, albatta, yoshlarning, shaharsozlik, arxitektura sohasida o‘qib izlanayotgan bo‘lajak mutaxassislarning g‘oya va takliflaridan andoza olish ayni muddao bo‘ladi. Chunki, yurtning egalari yoshlar, ular milliylik nafasi bilan to‘yingan zamonaviy me’moriy yechimlarni, qurilish va bunyodkorlik tavsiyalarini mukammal o‘zlashtirayotir. Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimovning o‘tgan hafta mobaynida arxitektura va qurilish yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar bilan uchrashib, ularning muammo va takliflarini tinglagani zamirida ham aynan yoshlarning ilmiy salohiyatini ishga solish, yosh kadrlarning soha sir-asrorlaridan xabardorlik darajasini sinovdan o‘tkazish masalasi ham bor. Oliy o‘quv yurtlarining mazkur yo‘nalishlardagi bitiruvchilari uchun ish o‘rni yaratish qanchalik oson bo‘lmasa, ularni jahon bilan raqobatlasha oladigan kadr qilib tarbiyalash ham mushkul mavzu.

Shu bois, viloyat hokimi vohamizdagi shahar va tumanlardan tanlab olingan 114 ta “og‘ir toifa”ga kiruvchi mahallalarning  zamonaviy qiyofa kasb etishida malakali mutaxassislar qatori yosh kadrlar, talabalar fikriga tayanish, ularning  iqtidoridan foydalanish maqsadida belgilab bergan vazifasiga ko‘ra yoshlar qisqa muddat ichida mazkur toifadagi mahallalar uchun master-rejalar ishlab chiqishga kirishgandi. Mazkur jarayon orqali talabalar o‘zlarining nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirib, arxitektura va qurilish sohasidagi kasbiy ko‘nikma va tajribalarini yanada oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishi maqsad qilingan edi.

Buni qarangki, tinib-tinchimas, g‘oya va tashabbuskor yoshlar bildirilgan ishonchni oqlab, chaqiriqqa “labbay” deb javob berdi. Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mazkur vazifalar doirasida talabalar tomonidan ishlab chiqilgan master-rejalar taqdim etildi. Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ushbu master-rejalar taqdimoti bilan yaqindan tanisharkan, bo‘lg‘usi arxitektorlarning takliflari, o‘rinli tashabbuslarini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Albatta, har bir taqdimot, yoshlarning takliflari qimmatli va e’tiborga molik. Ularga quloq tutgan borki, mahallalarni ilmiy tugal, zamonaviy yechim bilan to‘ldirilgan tarzda tasavvur etadi. Jamiki jihatlar inobatga olingan loyihalarni istiqbolli va amaliyotga tatbiq etish mumkin deya ishonch bilan aytish mumkin. Aytish kerakki, mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda tayyorlangan ushbu loyihalar mahallalarni kompleks rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash, shuningdek, aholi uchun qulay va estetik muhit yaratishni nazarda tutadi. Taqdimot jarayonida loyihalar yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirildi.

Mazkur uchrashuv muhandis-arxitektorlik yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlarning salohiyati, tashabbuskorligi va amaliy fikrlash qobiliyati bugungi islohotlar jarayonida naqadar muhim ekanini yana bir bor namoyon etdi. Talabalar tomonidan ishlab chiqilgan master-rejalar shahar va qishloqlarni zamonaviy, qulay va shinam infratuzilmaga ega, aholiga xizmat qiladigan puxta, ilmiy asoslangan va amaliy jihatdan tatbiq etishga tayyor loyihalar ekanligi bilan ahamiyatlidir. Bu ishlanmalar nafaqat “og‘ir toifa”ga kiruvchi mahallalarni kompleks rivojlantirish, balki infratuzilmani yaxshilash, aholi turmush sifatini oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Shuningdek, tashrif davomida universitetda yangi tashkil etilgan “STUDENT SERVICE” spin-off  korxonasi faoliyati bilan ham tanishildi. Ta’kidlash o‘rinliki, korxona santex-nika, uy-joylarni ta’mirlash, tozalash va klining, elektromontaj, mebel ta’miri, veterinariya hamda bog‘dorchilik xizmatlarini yo‘lga qo‘ygan. Shuningdek, Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetining axborot xizmati bergan ma’lumotlarga ko‘ra uchrashuvda ilgari surilgan vazifalarni namunaviy bajargan, tashabbuskorligi va salohiyati bilan ajralib turgan 20 nafar talaba zamonaviy arxitektura sohasida ilg‘or tajribaga ega bo‘lgan beshta xorijiy davlatda malaka oshirish va tajriba almashish uchun yuborilishi belgilangan.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

TerDUning in vitro laboratoriyasi bo‘ladi

Termiz davlat universiteti huzurida tashkil etilayotgan “O‘simliklarni mikroklonal ko‘paytirish”...

Gulchilik maktabi tashkil etiladi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Denov tumanida amalga oshirilayotgan...

Tadbirkor ko‘magi bilan…

Surxondaryoda ta’lim muassasalarini zamonaviy sharoitlarga moslashtirish ishlari izchil davom...

Maktabda “Muhandislik laboratoriyasi” ishga tushadi

Bandixon tuman hokimi Abdumalik Allamuradov 44-sonli umumta’lim maktabida ilgari...
KunTun
KunTun