MA’RIFAT MANZILI: KITOB BILAN YUKSALAYOTGAN AVLOD

Date:

Bugun yurtimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, Hurmatli Prezidentimizning 2026-yil 15-yanvardagi PQ-9-sonli qarori biz kabi ma’rifat maskanlari xodimlari zimmasiga ulkan mas’uliyat, qalbimizga ko‘tarinki ruh olib kirdi. Termiz shahridagi 16-umumiy o‘rta ta’lim maktabi kutubxonasi bugun shunchaki kitob saqlanadigan joy emas, balki yoshlarning sevimli intellektual maskaniga aylangan.

ERISHILGAN YUTUQLAR – MEHNATIMIZ SAMARASI

Maktabimizda kitobxonlik muhitini yaratishda jamoaviy birdamlik asosiy omil bo‘lmoqda. Maktab direktori U. Issayevning shaxsan tashabbusi va e’tibori bilan kitobxon o‘quvchi va o‘qituvchilarni rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Buning natijasi o‘laroq, maktabimiz jamoasi “Eng yaxshi kitobxon maktab” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida faxrli 1-o‘rinni egalladi.

O‘quvchilarimizning natijalari ham bizni quvontiradi: ular “Zukko kitobxon” tanlovining viloyat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi. Respublika miqyosida o‘tkazilgan “Kitob bilan bir kun” onlayn tanlovida sovrindorlar safidan joy olishdi. Shaxsan o‘zim ham kasbimga bo‘lgan mehrim va sohadagi izlanishlarim samarasi o‘laroq, “Eng faol kutubxonachi” ko‘rik-tanlovida ikki karra shohsupaning kuchli uchligidan joy olib, faxrli sovrindorlar qatorida e’tirof etildim. Bu yutuqlar bizni to‘xtab qolishga emas, balki yanada ko‘proq mehnat qilishga undaydi.

ZAMONAVIY SHAROIT VA BOY FOND

Bugun kutubxonamiz fondida 7 200 dan ziyod durdona badiiy va sohaga oid adabiyotlar mavjud. Biz nafaqat an’anaviy mutolaani, balki raqamli texnologiyalarni ham keng joriy etganmiz. Kutubxonamiz yuqori tezlikdagi WI-FI tarmog‘i va 6 ta eng zamonaviy kompyuter bilan jihozlangan bo‘lib, o‘quvchilarimiz jahon kutubxonalari bazasidan foydalanish imkoniyatiga ega.

Ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan “Bir haftada bir kitob” aksiyasi, kitoblar asosida o‘tkaziladigan test sinovlari va “Zakovat” intellektual o‘yinlari o‘quvchilarning tahliliy fikrlash qobiliyatini o‘stirmoqda.

KELAJAK REJALAR: USTUVOR YO‘NALISHLAR

Prezidentimizning yangi qarori biz uchun yangi ufqlar ochdi. Kelajakda quyidagi istiqbolli rejalarni amalga oshirishni maqsad qilganmiz: “Jadidlar izidan” klubi: Maktabimizda jadid bobolarimizning boy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan maxsus to‘garak faoliyatini yanada kengaytiramiz. Har bir a’zo yiliga kamida 20 ta kitob mutolaa qilishi ta’minlanadi.

“MUTOLAA” RAQAMLI PLATFORMASI: Maktab yo‘laklari va jamoat joylarida QR-kodli elektron kitob tokchalarini tashkil etib, o‘quvchilarning smartfonlarini “cho‘ntak kutubxonasi”ga aylantiramiz.

Mahalla bilan hamkorlik: Maktab kutubxonasini mahalla aholisi uchun ham ma’rifat markaziga aylantirib, “Kitobxon oila” ko‘rik-tanlovlarini o‘tkazishni rejalashtirmoqdamiz.

AUDIO-MUTOLAA XONASI: Ko‘rish qobiliyati zaifroq yoki audio-kitoblarga qiziquvchilar uchun maxsus eshitish burchaklarini tashkil etish muhim maqsadlarimizdan biri.

Xulosa o‘rnida aytishim mumkinki, bizning maqsadimiz — 2026-yil yakuniga qadar maktabimizdagi har bir o‘quvchini yiliga kamida 10-15 ta kitob o‘qiydigan darajaga olib chiqish. Zero, kitob o‘qigan millat hech qachon kam bo‘lmaydi. Biz, maktabimiz jamoasi, bu ezgu yo‘lda bor kuch va bilimimizni safarbar etamiz.

Gulnoz SHABIROVA,

Termiz shahridagi 16-umumiy o‘rta ta’lim maktabi kutubxona mudirasi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

TerDUning in vitro laboratoriyasi bo‘ladi

Termiz davlat universiteti huzurida tashkil etilayotgan “O‘simliklarni mikroklonal ko‘paytirish”...

Gulchilik maktabi tashkil etiladi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Denov tumanida amalga oshirilayotgan...

Tadbirkor ko‘magi bilan…

Surxondaryoda ta’lim muassasalarini zamonaviy sharoitlarga moslashtirish ishlari izchil davom...

Maktabda “Muhandislik laboratoriyasi” ishga tushadi

Bandixon tuman hokimi Abdumalik Allamuradov 44-sonli umumta’lim maktabida ilgari...
KunTun
KunTun