Termiz shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari nafaqat shahar qiyofasini tubdan o‘zgartirmoqda, balki aholi hayot sifatini yuksaltirish, tadbirkorlik muhitini kengaytirish va yoshlar bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Har bir barpo etilayotgan loyiha ortida inson manfaatlari, farovon kelajak va barqaror taraqqiyot g‘oyasi mujassam. Ana shunday ezgu maqsadlarning yorqin ifodasi sifatida Termiz shahrining “Jo‘yjangal” mahallasida yangi zamonaviy sayilgoh va xizmat ko‘rsatish majmuasi qad rostladi.
Umumiy qiymati 6,5 milliard so‘m bo‘lgan ushbu loyiha “Termiz Qurilish Industriya Sanoati” MCHJ tomonidan amalga oshirildi. Mazkur majmuaning ishga tushirilishi natijasida 90 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlanadi, bu esa mahalla aholisining bandligini mustahkamlash, yoshlar va tashabbuskor tadbirkorlar uchun yangi ufqlarni ochishga xizmat qiladi.
Loyiha doirasida hududda zamonaviy sayilgoh, shuningdek, 10 dan ortiq xizmat ko‘rsatish nuqtalari tashkil etildi. Keng va ravon yo‘laklar, qulay infratuzilma hamda jozibali muhit dam oluvchilarga ko‘tarinki kayfiyat, shahar ahliga esa yangi madaniy hordiq maskanini taqdim etadi.
E’tiborlisi, majmua hududida 24/7 faoliyat yurituvchi xizmat ko‘rsatish ko‘chasi tashkil etilib, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lganlar uchun qulay narxlar va bo‘lib to‘lash imkoniyatlari yaratildi. Bu esa o‘z ishini boshlash istagida bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yana bir muhim qadamdir.
Shubhasiz, “Jo‘yjangal” sayilgoh va xizmat ko‘rsatish majmuasi Termiz shahrining zamonaviy qiyofasini yanada boyitib, aholi uchun qulay va shinam dam olish maskani, tadbirkorlar uchun esa barqaror va ishonchli faoliyat maydoniga aylanadi. Bunday loyihalar shahrimizda yaratilayotgan imkoniyatlar va sharoitlarning bosh maqsadi — inson qadri, farovon hayot va kelajakka ishonch yo‘lida xizmat qilayotganining yaqqol dalilidir.

