Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida kredit majburiyatlarini bajarishda qiyinchilikka duch kelayotgan tadbirkorlar hamda tijorat banklari ishtirokida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat prokurori Baxtiyor Babadjanov ham qatnashib, muammoli kreditlarning kelib chiqish sabablari tanqidiy ruhda tahlil qilindi.
Uchrashuv davomida ayrim loyihalarning yetarli tahlilsiz moliyalashtirilgani, kredit mablag‘laridan samarasiz foydalanish, shuningdek, tadbirkorlar bilan banklar o‘rtasida yetarli hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagani kabi muammolar ochiq muhokama qilindi. Muammoli kreditga ega tadbirkorlar bilan bevosita muloqot o‘tkazilib, tijorat banklari va mutasaddi tashkilotlar rahbarlarining axborotlari tinglandi.
Viloyat rahbari mas’ul idoralar va banklarga tadbirkorlar bilan yuzaki emas, balki manzilli ishlash, ularning faoliyatini qayta tiklash va moliyaviy barqarorligini ta’minlash bo‘yicha aniq choralar ko‘rish zarurligini qat’iy ta’kidladi. Shuningdek, kelgusida muammoli kreditlar ko‘payishining oldini olish uchun nazorat va tahlil mexanizmlarini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda kredit mablag‘laridan oqilona foydalanish va majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarish nafaqat tadbirkor, balki butun hudud iqtisodiyoti barqarorligi uchun muhim ekani qayd etildi. Zero, qaytarilmagan kreditlar yangi loyihalar, ish o‘rinlari va aholi farovonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlandi.

