Mahallalarda amalga oshirilayotgan “Taraqqiyot va yetakchilik maskani” dasturi hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi turmush sharoitlarini yaxshilash va inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan muhim tashabbusga aylandi. Mazkur dastur doirasida infratuzilmani yangilash, ichki yo‘llarni ta’mirlash, kommunal tarmoqlarni modernizatsiya qilish hamda obodonlashtirish ishlari izchil olib borilmoqda. Eng muhimi, bu jarayonlar mahallalarning o‘zida, aholi ehtiyojlari va takliflari asosida amalga oshirilayotgani bilan ahamiyatli bo‘lib, hududlarni haqiqiy taraqqiyot va yetakchilik maskaniga aylantirishga xizmat qilmoqda. Albatta, bungacha mahallalar o‘rganildi, kerakli topshiriq va vazifalar yuklandi. Endigi bosqich esa topshiriqlar ijrosi qanday ketayotganini ko‘zdan kechirishdir.

Viloyat hokimining hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar ijrosini o‘rganish jarayonida Muzrabot tumanidagi “Muzrabot darvoza” mahallasida bir qator muammolar aniqlangandi. Eskirgan kommunal tarmoqlar, obodonlashtirilmagan ichki ko‘chalar hamda aholi tomorqalaridan samarali foydalanilmayotgani tanqidiy tahlil qilinib, tuman mas’ullariga aniq vazifalar belgilab berilgandi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, mazkur mahallada tub ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bera boshladi.
Qisqa muddat ichida ichki yo‘llar asfaltlanib, chang-to‘zon va loy yo‘llar o‘tmishda qoldi. Elektr energiyasi va ichimlik suvi tarmoqlari yangilanib, aholi kundalik hayotida eng ko‘p qiynalgan muammolar barham topdi. Ko‘chalar obodonlashtirilib, hududdan chiqindilar to‘liq olib chiqildi. Eng muhimi, tomorqalardan samarali foydalanish uchun sharoitlar yaratilib, odamlar o‘z daromadini oshirishga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamladi.

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov mahallaga tashrif buyurib, amalga oshirilgan ishlar bilan joyida tanishdi. Mahalla nuroniylari va faollari bilan bo‘lib o‘tgan samimiy muloqotda bu yangilanishlar Prezidentimiz tomonidan chekka hududlar aholisi turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilayotgan doimiy e’tiborning amaliy ifodasi ekani alohida ta’kidlandi.
E’tiborlisi shundaki, bu jarayonlarda mahalla aholisi tomoshabin bo‘lib qolmadi. Aksincha, har bir xonadon egasi, har bir ko‘cha faoli obodonlashtirish ishlariga o‘z hissasini qo‘shishga intildi. Kimdir ko‘chasini tozaladi, kimdir tomorqasini tartibga keltirdi, yana kimdir umumiy ishga ko‘maklashdi. Bugun mahallada odamlar ko‘zidagi quvonch va mamnunlikni yashirib bo‘lmaydi — kechagina muammolar bilan yuzlashib yashagan aholi bugun yaratilgan qulayliklardan mamnun.
Avvalgi sharoitlar bilan bugungi manzarani solishtirganda, “Muzrabot darvoza” mahallasida inson qadri naqadar ulug‘lanayotganini yaqqol ko‘rish mumkin. Bu o‘zgarishlar nafaqat infratuzilmani yaxshilash, balki odamlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlayotir.
“Surxon tongi”

