Xavfsiz xonadon – tinch xayot kafoloti

Date:

Surxondaryo viloyatida aholi hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish, shuningdek, ularning oqibatlarini kamaytirish borasida viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan izchil va tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, amaldagi qonun hujjatlari asosida favqulodda vaziyatlar sohasida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur hujjatlarda qutqaruvchilik xizmatini rivojlantirish, sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy boshqaruv va raqamli texnologiyalarni joriy etish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
FVB tizimidagi qutqaruv bo‘linmalari tomonidan doimiy ravishda jangovar shaylik saqlanib, favqulodda vaziyatlarga tezkor javob qaytarish imkoniyati ta’minlanmoqda. Zamonaviy qutqaruv texnikasi, maxsus uskunalar hamda aloqa vositalari bilan ta’minlash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
2026-yil boshlanishi bilan aholi hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, turar joylarda yong‘in hamda boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish ishlarini yanada tizimli tashkil etish maqsadida joriy yilning yanvar oyidan “Xavfsiz xonadon oyligi” keng qamrovli tarzda tashkil etilmoqda. Oylik doirasida asosiy e’tibor xonadonlarda xavfsizlik talablariga rioya etish, aholi o‘rtasida xavfsiz hayot tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish hamda favqulodda vaziyatlarni oldindan bartaraf etishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlarga qaratilgan.
Oylik davomida mahallarga biriktirilgan FVB inspektorlari, mahalla faollari va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda turar joylarda xonadonma-xonadon o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Unda gaz va elektr jihozlaridan xavfsiz foydalanish, isitish vositalarining holati, yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilinishi, evakuatsiya yo‘llarining ochiqligi kabi masalalar tekshirilmoqda.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aholiga amaliy tavsiyalar berilib, ayrim hollarda joyida tushuntirish va profilaktik suhbatlar o‘tkazilmoqda.
“Xavfsiz xonadon oyligi ” doirasida mahallalarda, ko‘p qavatli uylarda, ta’lim muassasalarida va aholi gavjum joylarda davra suhbatlari, o‘quv-ma’ruzalar hamda ko‘rgazmali mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda. Ularda yong‘in, gazdan zaharlanish, elektr toki urishi, tabiiy ofatlar vaqtida to‘g‘ri harakat qilish qoidalari keng tushuntirilmoqda.
Shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali ogohlantiruvchi roliklar, bukletlar va infografik materiallar tarqatilmoqda.
Oylik tadbirlari doirasida qutqaruv bo‘linmalari tomonidan namunali amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, aholiga favqulodda vaziyatlarda qutqaruvchilarning harakat algoritmlari ko‘rsatib berilmoqda. Bu esa fuqarolarda ishonchni oshirish va to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
“Xavfsiz xonadon oyligi” doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar aholi xavfsizligini ta’minlash, xonadonlarda yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda jamiyatda xavfsizlik madaniyatini oshirishga qaratilgan. Zero, xavfsiz xonadon — tinch va farovon hayot garovidir.

Zulfiya Sohibova
Viloyat FVB axborot va jamoatchilik aloqalar
xizmati yetakchi mutaxassisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Arxeologiyada yangi yondashuv

Termiz davlat universitetida 23-martdan boshlangan “Ipak yo‘li arxeologiyasi, fan...

Bolalar uchun zamonaviy muhit

Muzrabot tumani Mehrigiyoh mahallasida 120 o‘rinli yangi davlat maktabgacha...

Shon va g‘urur namoyishi

Termiz shahrida Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan...

“Obshir”da suv muammosi hal

Oltinsoy tumanining “Obshir” mahallasida suv ta’minotini yaxshilash va foydalanilmay...
KunTun
KunTun