Sun’iy yo‘ldosh monitoringlari hamda ochiq manbalar tahlili Termiz shahrida so‘nggi 5–10 yil davomida ijobiy ekologik o‘zgarishlar kuzatilganini tasdiqlamoqda. Xususan, yashil hududlar kengayib, daraxtzor maydonlar sezilarli darajada oshgan. Shaharning markaziy ko‘chalari, aholi yashash massivlari va yo‘lbo‘yi hududlarida amalga oshirilgan ko‘kalamzorlashtirish ishlari sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan davlat dasturlari, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ommaviy daraxt ekish aksiyalari, shuningdek, yangi istirohat maskanlari va ekologik hududlarni barpo etish ishlari Termiz shahrida ekologik barqarorlikni mustahkamlamoqda. Natijada, havodagi chang miqdori kamayib, shahar muhiti yanada sog‘lom, qulay va iqlimga moslashuvchan bo‘lib bormoqda.
Shu bilan birga, irrigatsiya tarmoqlarini takomillashtirish, ichki kanal va ariqlarni muntazam tozalash, bog‘ va xiyobonlarni kengaytirishga qaratilgan ishlar yashil hududlarning uzoq muddat saqlanishini ta’minlamoqda.
Bundan tashqari, shahar atrofida “yashil belbog‘”larning yaratilishi natijasida xalq orasida “Afg‘on shamoli” deb ataluvchi changli bo‘ronlar miqdori ham sezilarli darajada qisqargan. Jumladan, Surxondaryo viloyatida 2010-yilda shamol tezligi 15 metr/sekund va undan yuqori bo‘lgan kunlar 42 kunni, 2020-yilda esa 45 kunni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilning o‘tgan davrida mazkur ko‘rsatkich 28 kungacha kamaygan.
Xulosa qilib aytganda, mavjud ekologik xavotirlar fonida Termiz shahrida kuzatilayotgan ijobiy dinamika, xususan yashil hududlarning kengayishi, viloyatda atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yaqqol namoyon etmoqda.

