Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan yerdan oqilona va qonuniy foydalanishni ta’minlash, tizimda huquqiy tartibni mustahkamlash va qonunchilik hujjatlari ijrosini kafolatlash borasida izchil ishlar olib borilmoqda. Jumladan, qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanish, ularni muhofaza qilish va noqonuniy holatlarning oldini olish bo‘yicha keng ko‘lamli profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, olib borilayotgan targ‘ibot ishlariga qaramasdan, viloyat hududida yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish, ularda noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirish kabi holatlar hali-hanuz aniqlanmoqda.
Aniqlangan qonunbuzilishlar va ko‘rilgan chora-tadbirlar
Joriy yilning 11 oyi davomida boshqarma va uning tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan jami 2919 ta holatda 246,9 gektar yer maydoni noqonuniy egallab olingani aniqlangan. Tahlillarga ko‘ra, bu yerlarning:
192,6 gektari qishloq xo‘jaligi yerlariga,
21,8 gektari aholi punktlariga,
3,40 gektari suv fondi yerlariga,
0,50 gektari tabiatni muhofaza qilishga mo‘ljallangan yerlariga,
1,00 gektari tarixiy madaniy ahamiyatga molik yerlariga,
6,10 gektari O‘rmon fondi yerlariga,
16,30 gektari Zahira yerlariga,
5,20 gektari esa sanoat, aloqa, mudofaa va tarixiy-madaniy obyektlar joylashgan hududlarga to‘g‘ri keladi.
Ushbu qonunbuzarliklar yuzasidan tegishli shaxslarga ogohlantirish xatlari va ko‘rsatmalar yuborilgan. Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida 1766 ta holat ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi.
Shuningdek, qonunbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha belgilangan muddatda choralar ko‘rmaganlar bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritilib, noqonuniy qurilmalarni majburiy buzdirish ishlari olib borilmoqda.
Jinoyat alomatlari mavjud holatlar
Tahlil natijalariga ko‘ra, 214 ta holatda jinoyat alomatlari mavjud deb topilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi. Shu bilan birga, yil boshidan buyon 1401 nafar huquqbuzarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Misollar asosida tushuntirishlar:
Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi mutaxassislari tomonidan Muzrabot va Uzun tumanlari hududida yer nazorati tadbirlari o‘tkazildi.
Tadbirlar davomida bir qator yer qonunchiligi buzilish holatlari aniqlandi:
Muzrabot tumani, Obihayot mahallasida yashovchi fuqaro R.I. tomonidan o‘zining yashash uy-joyiga tutash bo‘lgan yer uchastkasidan o‘zboshimchalik bilan 250,0 kv.metr egallab olib. ushbu yer maydonining to‘liq qismiga savdo do‘koni va tandirxona binolari qurilgani aniqlangan.
Yana bir holat, Uzun tumani Qoraqir mahallasida yashovchi fuqaro D.S. esa tumandagi davlat zaxirasida bo‘lgan yer maydonidan 101,0 kv.metr egallagan va 83,8 kv.metr maydonda uy-joy qurib olganligi qayd etilgan.
Aniqlangan har bir holatlar yuzasidan, tuman bo‘limi inspektorlari tomonidan fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonida qurilgan noqonuniy qurilishlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 60-modda, 3-qismi (https://lex.uz/acts/-97664) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima qarorlari qabul qilingan hamda bartaraf etish bo‘yicha yozma ko‘rsatmalar ham berilgan.
Kadastr agentligi Yer va kadastr nazorati inspektorlari tomonidan yer qonunbuzilish holatlarini oldini olish, yer maydonlaridan maqsadli va samarali foydalanilishni ta’minlash bo‘yicha yer nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
Unutmang, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab, noqonuniy qurilishlarni amalga oshirish ma’muriy va jinoiy javobgarlikka olib keladi.
Eslatma, 2024-yil 5-avgustdagi O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ–937-sonli qonuniga ko‘ra, faqat 2018-yil 1-mayga qadar yakka tartibda qurilgan va o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonlari hamda qurilmalar ko‘rib chiqilishi mumkin. Bu sanadan keyin sodir etilgan har qanday noqonuniy harakatlar uchun ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik belgilangan.
MJTKga asosan qo‘llaniladigan jarima miqdorlari:
MJTKning 60-modda 2-qismi (Yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish) – Jismoniy shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 30 barovari, yuridik shaxslarga
esa 70 barovarigacha.
MJTKning 60-modda 3-qismi (O‘zboshimcha egallangan yerlarda qurilish ishlarini amalga oshirish) – Jismoniy shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining
200 barovari, yuridik shaxslarga esa 400 barovarigacha.
MJTKning 60¹ (prim) moddasi (Sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish bo‘yicha yer egasi vakolatli organga habardor etmaslik) – Jismoniy shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 25 barovari, yuridik shaxslarga
esa 50 barovarigacha.
MJTKning 68-modda 1-qismi (Yer tuzish loyihalaridan o‘zboshimchalik bilan chetga chiqish) – Jismoniy shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 3 barovari, yuridik shaxslarga esa 5 barovarigacha.
MJTKning 68-modda 2-qismi (Yer tuzish loyihalaridan o‘zboshimchalik bilan chetga chiqish takror sodir etilgan bo‘lsa) – Jismoniy shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 barovari, yuridik shaxslarga esa 10 barovarigacha.
MJTKning 68¹ (prim) moddasi (Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat etmaslik) – Jismoniy shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 barovari, yuridik shaxslarga esa 15 barovarigacha.
MJTKning 69-modda (Chegara belgilarini, geodezik punktlarni va cheklov belgilarini yo‘q qilish yoki shikastlantirish) – Jismoniy shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 3 barovaridan 5 barovarigacha, yuridik shaxslarga esa 5 barovaridan
10 barovarigacha jarimalar qo‘llanilishi mumkin.
Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlaridan yurtimiz yer va suv resurslaridan oqilona va qonuniy asosda foydalanish, ularni asrash hamda kelajak avlod uchun saqlashga chaqiramiz. Qonunchilikka zid harakatlar uchun har qanday shaxs javobgarlikka tortilishi qat’iy belgilangan.
Menglimamat Abdiraxmonov,
Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i

