Oramizda shunday insonlar ham borki, tekin daromad topish niyatida yuradi. Termizdagi bozorlarning birida ancha yillardan buyon savdo-sotiq bilan shug‘ullanuvchi Malohat Sultonovaning (ism-shariflar o‘zgartirilgan) ishlari yaxshi edi. Shunday bo‘lsa-da, u negadir jinoiy yo‘l bilan moddiy daromad ko‘rish istagida bo‘ldi.Xususan, Malohat 2024-yilning yanvar oyida o‘ziga oldindan tanish bo‘lmagan shaxsdan “Sibutramin, floksetin va fenolftalein”, “Fatzorb” va “Reduksin layt” nomli dori vositalarini kelishilgan narxda sotib oladi. Shu tariqa, u olgan dori vositalarini o‘zi faoliyat yuritayotgan buyum bozoridagi savdo do‘konining rastasiga sotish maqsadida joylashtiradi. Malohatning bu harakatlarini tezkor xodimlar payqab qoladi. Shundan so‘ng, tezkor tadbirda mijoz sifatida jalb qilingan “X” ismli shaxsga jami 450 ming so‘mga sotgan vaqtda tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlanadi va dori vositalari daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirib olinadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida Malohat Sultonovaning qilmishiga loyiq jazo berildi. Bu esa sudlanuvchining qilgan ishidan xulosa chiqarib, jinoyat ko‘chasiga qayta qadam bosmasligi uchun achchiq saboq bo‘lsa, ajabmas.
Azamat SHOMURODOV,
viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi

