Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan, asrlar davomida turli sivilizatsiyalar hukm surganligi bois yurtimizda noyob, bebaho va go‘zal me’moriy obidalar bunyod etilgan. Dunyoning hech bir burchagida uchramaydigan bunday betakror obidalar bizning boyligimiz va faxrimiz hisoblanishi shundan.
Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan misli ko‘rilmagan islohotlar hamda yaratilgan imkoniyatlar zamirida Yangi O‘zbekiston sayohat qilish uchun eng maqbul mamlakat sifatida millionlab turistlarda qiziqish uyg‘otmoqda. Jumladan, YUNESKOning umumjahon ro‘yxatidagi 1 121 ta moddiy-madaniy merosdan to‘rttasi, 500 dan ortiq nomoddiy madaniy merosdan 8 tasi O‘zbekiston hududida ekanligi ahamiyatli. Ular orasida Boysun tumani madaniyati (2008-yil) ham bor. Albatta, bu oddiy ro‘yxat emas. Bu butun dunyoga buyuk va bebaho merosimiz, salohiyatimiz hamda qadriyatlarimiz haqida aytar so‘zimizdir.
Xorijiy ommaviy axborot vositalari O‘zbekistonni yangi Buyuk Ipak yo‘lining tarkibiy qismi, qadimiy betakror shaharlar-u bebaho va noyob go‘zal madaniy merosga ega mamlakat sifatida e’tirof etayotir. Yurtimizdagi tarixiy obidalarning mahobati, noyob va o‘ziga xos uslubi, asrlar silsilasidan bizgacha bezavol yetib kelgani butun dunyoni lol qoldirib kelmoqda. Sayyohlar asosan ajdodlarimiz tomonidan bunyod etilgan muhtasham san’at asarlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish, ulardagi ulug‘vorlikni his qilish uchun tashrif buyurishadi. Bunday tashriflar yildan yilga oshib bormoqda.
Bunday madaniy boyliklarga boy yurtda nufuzli tadbirlarning tashkil etilishi ham bejiz emas, xususan, Fransiya poytaxtida o‘tishi an’ana tusini olgan YUNESKO Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyasini Prezidentimizning taklifi bilan Samarqandda o‘tkazilishi xalqaro maydondagi mamlakat imijining barqarorlashuviga hissa qo‘shdi deya olamiz. Zotan, YUNESKO Bosh konferensiyasi sessiyasi 1985-yildan beri birinchi marta tashkilot bosh qarorgohi joylashgan Parijdan tashqarida o‘tkazildi. Tadbir Silk Road Samarkand sayyohlik majmuasida o‘tkazilishi esa tarixiy ildizlarga berilgan yangi hayot ifodasidir.
Ikki yilda bir marta yig‘iladigan Bosh konferensiya YUNESKO — BMT ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkilotining yo‘nalishi, byudjeti va umumiy faoliyatini belgilaydi. Bosh konferensiyada, shuningdek, Ijroiya kengashi a’zolari saylandi va har to‘rt yilda bir marta saylanadigan YUNESKO bosh direktori ham tayinlandi. Ushbu tadbirda dunyo davlatlarining 2800 dan ortiq delegatlari ishtirok etdi.
Sayyod Abduraxmonov,
Termiz davlat universiteti
katta o‘qituvchisi

