“Obod xonadon”, “Obod ko‘cha”, “Obod mahalla” tanlovining Surxondaryo viloyati bosqichi o‘tkazildi. Unda har bir yo‘nalish bo‘yicha 15 ta tuman-shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 45 nafar ishtirokchi respublika bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritish uchun o‘zaro bellashishdi.
Mahallalarda obodlik va farovonlikni ta’minlash, aholi daromadini oshirish, milliy qadriyat hisoblangan qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan ko‘rik-tanlovning tuman va shahar bosqichlarida
723 ta mahalladan 45 mingdan ortiq xonadonlar, 6 mingdan ortiq ko‘chalarning ko‘cha boshilari faol ishtirok etishdi. Eng avvalo “Obod xonadon” va “Obod ko‘cha” nominatsiyalari bo‘yicha ishtirokchilar 9 nafar hakamlar hay’ati tomonidan xolisona baholanib, g‘oliblar aniqlandi.
Shuningdek, asosiy “Obod mahalla” yo‘nalishida viloyat bosqichi ishtirokchilari birinchi shart bo‘yicha 5 daqiqalik videoroliklarini taqdimot shaklida namoyish qilishgan bo‘lsa, ikkinchi shart bo‘yicha tanlov tashkilotchilari tomonidan tayyorlangan 2 ta savolga, ya’ni mahalla raisining bilim saviyasi, dunyoqarashi, fikrlash qobiliyati, mulohaza yuritishini aniqlaydigan, shuningdek, sohaga oid qonuniy hujjatlardan kelib chiqqan holda bilimlari baholandi.
“Obod xonadon” bo‘yicha Termiz tumani, “Qahramon” mahallasi namunali xonadon egasi Boboyor Xolboyev, “Obod ko‘cha” bo‘yicha Denov tumani, “Nurli manzil” mahallasi “Sharof Rashidov” ko‘chasi ko‘cha boshisi Lobarxon Boymurodova, “Obod mahalla” bo‘yicha Sherobod tumani, “Yoshlik” mahallasi raisi Bobir Xamroyevlar 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, barcha nominatsiyalar bo‘yicha 2-3-o‘rin egalari hamda barcha ishtirokchilar O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Surxondaryo viloyati boshqarmasining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Har uchta nominatsiyada 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar ko‘rik-tanlovning respublika bosqichida ishtirok etadi.

