So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ayollar mehnat huquqlarini himoya qilish, onalikni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy adolatni ta’minlash borasida muhim islohotlar amalga oshiril-moqda. Ayollar davlat tashkilotlari bilan bir qatorda xususiy sektorda ham faol mehnat qilayotgani, iqtisodiy faollikni oshirish, kambag‘al-likni qisqartirish va oilalarning farovonligini ta’minlashda muhim rol o‘ynamoqda.
Ko‘p yillar davomida xususiy sektorda ishlovchi ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lanmasdan kelindi. Bu esa mehnat bozorida tengsizlikni yuzaga keltirib, ayollarning ijtimoiy himoyasini zaiflashtirgan edi. Prezident farmoniga muvofiq, 2022-yil 1-sentyabrdan boshlab xususiy sektorda ishlovchi ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasining bir qismi — 1 992 000 so‘m miqdoridagi to‘lov davlat budjeti tomonidan kompensatsiya qilina boshlandi.
Bu to‘lovni olish uchun ayol:
- kamida 6 oy uzluksiz o‘sha korxonada ishlagan bo‘lishi;
- yagona mehnat tizimida rasmiy band bo‘lishi;
- mehnat daftarchasi va buyruqlari elektron shaklda korxona orqali kiritilgan bo‘lishi shart qilib belgilandi.
Ajratilgan kompensatsiya davlat tomonidan, nafaqaning qolgan qismi esa ish beruvchi tomonidan to‘lanishi lozim. Korxonaning davlat yoki xususiy sektor bo‘lishi to‘lov huquqiga ta’sir qilmaydi.
2024-yil 31-maydagi Vazirlar Mahkamasining 314-sonli qarori hamda yangi tahrirdagi “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, ijtimoiy sug‘urta tizimi barcha rasmiy mehnat qilayotgan fuqarolarni, jumladan xususiy sektordagi ayollarni ham o‘z ichiga oldi.
Prezidentning 2025-yil 3-noyabrdagi PF-206-sonli farmoniga binoan: - 2026-yil 1-yanvardan — barcha rasmiy band ayollarga homiladorlik nafaqasi;
- 2026-yil ikkinchi yarmidan — vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari Ijtimoiy himoya jamg‘armasi tomonidan proaktiv tizimda to‘lanadi. Ya’ni bu to‘lovlar endi ish beruvchilar zimmasidan olinadi.
Mazkur farmon: - ish beruvchilar uchun moliyaviy yukni kamaytirdi;
- mahsulot va xizmatlar tannarxining oshib ketishining oldini oldi;
- ayollar mehnatini himoya qilishda adolatli tizim yaratdi;
- rasmiy mehnat shartnomalarini kengaytirishni rag‘batlantirdi;
- onalikni qo‘llab-quvvatlash va gender tenglik siyosatini mustahkamladi.
Xususiy sektorda homiladorlik bo‘yicha nafaqalarni to‘lash tizimining yangilanishi — ayollar huquqlarini himoya qilish, oilaviy farovonlikni mustahkamlash va iqtisodiy tenglikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamdir. Yangi tizim jamiyatda ijtimoiy adolatni kuchaytirib, ayollarning ish faoliyati davomida xavfsizlik va ishonchni oshiradi. Eng muhimi, og‘ir hayotiy vaziyatlarda fuqarolarning daromadsiz qolishining oldi olinib, kambag‘allikka tushish xavfi kamayadi.
Sadoqat Shermatova,
Toshkent davlat
yuridik universiteti talabasi

