Ham nasriy-u ham nazmiy…

Date:

Surxon vohasida qadimdanoq xalq og‘zaki ijodining turli namunalari o‘ziga xos rivojlangan. Jumladan, milliy qadriyatlarni o‘ziga singdirgan, millat ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qiladigan baxshichilik aytimlari bu diyorni dunyoga tanitgan bebaho san’at namunasidir.
Folklorshunoslar fikricha respublikamizda qadimdan uch yo‘nalishda dostonchilik maktabi rivojlangan bo‘lib, Sherobod baxshichilik maktabi ham shular jumlasidan. Bu maktabda baxshi-shoirlarning har biri o‘ziga xos tarzda do‘mbira chertish, ijro jarayonida ovoz hamda do‘mbira tonining uyg‘unligini saqlay bilish, mavzu matnining izchilligi va keskinligini saqlay olish kabi qoidalarga amal qiladi. Shu asnoda ajoyib doston va termalar paydo bo‘ladi. Yozuvchilar she’riyatning nasr, shoirlar esa nazm yo‘nalishida ijod qilsalar, baxshi-shoirlar she’riyatning bu ikki yo‘nalishini qamrab olgan holda do‘mbira jo‘rligini ham qo‘shadi. Bu esa ularning ham shoir, ham yozuvchi, ham san’atkor bo‘lishi kerakligidan dalolat beradi. Shuning uchun baxshichilik maydoniga kirish anchagina mashaqqatni talab qiladi. Lekin bu maydonga kirish qanchalik qiyin bo‘lsa, undan chiqib ketish undan-da mashaqqatliroq.
Sherobodlik Muhammad baxshi Eshboyev ham bu maydonga o‘zining sirli iste’dodi hamda do‘mbirasining sehrli ovozi, milliy an’analarni saqlagan aytimlarini kuylab, viqor bilan kirib keldi. Albatta, bunda ustozlarining mehnati katta va bu haqida Muhammad baxshi Eshboyev she’riy tarzda shunday aytadi:

Ulgi oldim Abduqahhor so‘zidan,
So‘ng iyardim Abdunazar baxshi izidan.
Ilhom oldim Xushboq baxshi so‘zidan,
Va maydonga kirdim ustozlar izidan.
Muhammad baxshi Eshboyevning baxshichilik san’atiga qiziqishi 1985-yilda, ya’ni 15 yoshidan boshlangan. 1993-yilda u taniqli O‘zbekiston xalq baxshisi Abdunazar Poyonovga shogird tushib, baxshichilik sir-asrorlarini puxta o‘rgana boshlaydi. Shu qatorda hayot falsafasidan ham ta’lim oladi. Ustozlarining o‘gitlari tufayli Muhammad baxshi ko‘plab tanlovlarda e’tirof etildi. 1999-yilda Qashqadaryo viloyati, Kitob tumanida bo‘lib o‘tgan “Yosh baxshilar” hamda 2013-yilda Xorazm viloyati, Xiva shahrida o‘tkazilgan baxshi-shoir va oqinlarning respublika ko‘rik-tanlovlarining g‘olibi bo‘ldi. Uning 2016-yil 14-yanvarda “Tafakkur” nashriyotida “Avazxonning ota yurtiga borib kelishi” dostoni hamda
2016-yil 1-martida xuddi shu nashriyotda “Oqqan daryo oqaveradi” deb nomlangan kitoblari nashr etildi.
Milliy an’analarimiz, milliy qadriyatlarimiz, shu jumladan, baxshichilik san’atini rivojlantirishga qaratilgan davlatimiz rahbarining 2018-yil 1-noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2019-yil 6-aprel kuni Termiz shahrida o‘tkazilgan Xalqaro baxshichilik festivalida 80 dan ortiq davlatdan ishtirok etgan baxshilar orasida u respublika miqyosida faxrli 2-o‘rinni egalladi. Mazkur festivaldagi ishtiroki haqida Muhammad baxshi faxrlanib, shunday deydi: “Shahrimizda ilk bor o‘tkazilayotgan xalqaro festival bizda katta hayajon uyg‘otdi. Festival menga ilhom bag‘ishladi, uning o‘tkazilishi haqida eshitib, yangiliklar yaratishga intildim va yaqinda “Ustozlar” nomli termalar kitobimni nashrdan chiqardim”.
Iste’dodli baxshi, so‘z zargari, o‘tkir zehn sohibi Muhammad baxshi Eshboyev 100 dan ortiq dostonni yod bilishi barobarida o‘z ijodiy repertuarida 60 dan ortiq: “Davronlar suraylik shunday keng zamonda”, “Homkon tog‘i”, ”Bobotog‘”, “Shukur qil”, “Ota-ona duosi”, “Avazxonning ota yurtiga borib kelishi” kabi doston va termalari bilan xalqimiz orasida shuhrat qozonib kelmoqda.
Hozirgi kunda u ijro etgan bir-biridan go‘zal doston va termalar respublika radiosining “Oltin fondi”da saqlanmoqda. Ayni paytda, Muhammad baxshi Eshboyev bolalar musiqa, san’at va baxshichilik maktablarida iqtidorli va intiluvchan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Milliy baxshichilik va dostonchiligimizning nodir namunalarini asrab-avaylash va rivojlantirish, unga nisbatan kelajak yoshlarimiz qalbida mehr-muhabbat tuyg‘ularini uyg‘otish, uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish kabi vazifalarni ado etishda baxshilarimizning ham chin ma’noda haqiqiy ijodiy faoliyatini ko‘rsatish, e’tirofga sazovorligini ta’kidlash o‘rinlidir.

Feruza Sultonqulova,
Filologiya fanlari bo‘yicha
falsafa doktori (PhD)
TerDU o‘qituvchisi

Oldingi sahifaProaktiv tizimda
Keyingi sahifaJazolashdan samaraliroq

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Elektron retsept” qanday ishlaydi?

Vazirlar Mahkamasining 570-son qaroriga muvofiq, 2025-yil 10-dekabrdan boshlab Toshkent...

 “Tenglik va hurmat” doirasida…

Ombudsman tashabbusi bilan viloyat Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish...

45 metrlik ko‘prik xizmatga shay

Boysun tumanidagi “Chilonzor” mahallasi hududidan o‘tuvchi Sherobod daryosi ustida...

Muloqot ko‘ngildagidek o‘tdi

Aholi va tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini tinglash, ularda ko‘tarilgan muammolarga...
KunTun
KunTun