Surxondaryo viloyatida yirik infratuzilma loyihalaridan biri — Boysun tumanidan Denov tumanigacha bo‘lgan 111 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘lini zamonaviy talablarga mos tarzda rekonstruksiya qilish ishlari keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha, mintaqaning transport-logistika salohiyatini sezilarli darajada oshirishi kutilmoqda.
Loyihaning umumiy qiymati 147,6 million AQSh dollarini tashkil etadi. Qurilish ishlarini xalqaro tajribaga ega bo‘lgan “Lankaran Yol Tikinti” MCHJ xorijiy pudratchi kompaniyasi amalga oshirmoqda. Yo‘lning har bir qismi zamonaviy loyiha standartlari asosida qayta qurilmoqda: yangi asfalt-beton qoplamasi yotqizish, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, xavfsizlik choralari va drenaj tizimlarini barpo etish rejalashtirilgan.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Boysun tumaniga tashrif buyurib, yo‘l qurilishi jarayoni bilan shaxsan tanishdi. Mas’ul mutasaddilar hokimga loyihaning amalga oshirish bosqichlari, bajarilgan ishlar hajmi, qurilish texnikalari va ishchi kuchi ta’minoti haqida batafsil axborot taqdim etdilar.
Tashrif davomida viloyat rahbari loyihani sifatli va belgilangan muddatlarda yakunlash zarurligini qat’iy ta’kidladi. U, ayniqsa, ayrim orqada qolayotgan uchastkalarda ish sur’atini oshirish, qurilish materiallari yetkazib berish tizimini yaxshilash hamda texnika harakatini muvofiqlashtirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

