Yurtimizda mahallalarni obod qilishga qaratilgan “Taraqqiyot va yetakchilik maskani” dasturi doirasida viloyatimizning shahar va tumanlaridan 30 ta mahalla “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi hudud” sifatida tanlab olingandi. Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ushbu mahallalarda dasturni joriy etish bo‘yicha tayyorlangan taqdimotlar bilan tanishib, mas’ullar oldiga aniq vazifalarni belgilab berdi.Termiz tumanida “Yangi O‘zbekiston qiyofasi” loyihasini amalga oshirish uchun ikkita — “Qo‘ng‘irot” va “Qahramon” mahallalari tanlab olingan. “Qahramon” mahallasida keng ko‘lamli obodonlashtirish va infratuzilmaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. Mahallani zamonaviy qiyofadagi hududga aylantirish maqsadida 5,4 kilometr yo‘l ta’mirlanadi, 1 kilometr ichimlik suvi quvuri yangilanadi, ikkita zamonaviy transformator punkti o‘rnatiladi. Shuningdek, elektr ta’minotini yaxshilash uchun 50 ta yangi beton ustun o‘rnatish rejalashtirilgan.
Eng muhimi, loyiha doirasida 15 ta yangi tadbirkorlik tashabbuslari amalga oshirilib, 54 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Bu esa “Qahramon” mahallasida ishsizlikni keskin kamaytirish va aholining turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi.
— “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” g‘oyasi faqat yo‘l yoki infratuzilma yangilanishi bilan cheklanib qolmaydi, — deydi “Qahramon” MFY raisi Humoyiddin Halilov. — Ushbu dastur doirasida mahallamiz infratuzilmasini yaxshilash uchun 5 milliard so‘m mablag‘ ajratilmoqda. Endi hududimizda tadbirkorlik rivojlanadi, ta’lim va ijtimoiy soha faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratiladi, aholi uchun qulay muhit vujudga keladi. Bu, avvalo, odamlar ongidagi yangilanish, fuqarolarning o‘z mahallasi taqdiriga mas’uliyat bilan yondashish madaniyatini shakllantirishga ham qaratilgan dasturdir. Shuningdek, ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan holda mahalla ahli ham bu ishlarda chetda qolmayotir
Surxondaryoda boshlangan bu sa’y-harakatlar “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasining amaldagi ifodasi bo‘lib, har bir mahalla o‘zining salohiyati, tashabbuskorligi va birdamligi bilan taraqqiyot yo‘liga qadam qo‘ymoqda.
“Yangi O‘zbekiston qiyofasi” kirib boradigan mahallalarda infratuzilma yaxshilanadi, aholi turmush darajasi oshadi. Bu boradagi ishlar izchil davom etayotgan “Qahramon” mahallasining mahalliy ahamiyatga ega 2 kilometr ichki yo‘lida joriy ta’mirlash ishlari olib borildi. Shuningdek, ko‘chalar, ariq va zovurlar tozalandi. Aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha obyektlarida obodon-lashtirish va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Tashabbusning eng esda qolarli amallaridan biri sifatida e’tirof etish kerakki, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning uy-joylari ta’mirlanayotir. Qolaversa, daraxtlar va ko‘kalamzor hududlar kuzgi mavsumga tayyorlanib, butash va oqlash ishlari bajarildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan “Mahallabay ishlash” tizimi samaradorligini oshirishga xizmat qilayotgan mazkur loyiha doirasida olib borilayotgan ishlardan aholi mamnun. Mahalladagi ko‘chalarni kengaytirish, yo‘l va ko‘priklarni ta’mirlash, muhandislik kommunikatsiyalarini yangilash ishlari keng ko‘lamda olib borilmoqda. Shu bilan birga, noqonuniy qurilmalar bartaraf etilib, hudud sanitariya jihatdan tozalanmoqda.
Biriktirilgan tashkilotlar, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar hamda faol aholi va yoshlar hamkorligida mahallaning ko‘rkini oshirish, aholi uchun qulay va zamonaviy muhit yaratish bo‘yicha ishlar tizimli amalga oshirilmoqda.
Soatmurod Nazarov,
Xalq deputatlari Termiz tuman Kengashi deputati

