Bugungi kunda jamiyat taraqqiyoti va insonlar farovonligi, eng avvalo, ularning sogʻligʻi va hayot tarzi bilan chambarchas bogʻliq. Sogʻlom turmush tarzi har bir insonning jismoniy, maʼnaviy va ruhiy salomatligini taʼminlashda asosiy omil hisoblanadi. Bu jarayonda jismoniy tarbiyaning oʻrni beqiyos boʻlib, u nafaqat sogʻlom avlodni shakllantiradi, balki ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishga ham zamin yaratadi. Shu boisdan, jismoniy tarbiya sogʻlom turmush tarzining eng asosiy va samarali yoʻnalishlaridan biri sifatida eʼtirof etiladi.
Jismoniy tarbiya nafaqat organizmning jismoniy rivojlanishini, balki insonning maʼnaviy va ruhiy barqarorligini ham taʼminlaydi. U muntazam hayot tarziga aylanganida insonning sogʻlom, uzoq va mazmunli umr kechirishiga xizmat qiladi.
Qolaversa, psixologik barqarorlikni taʼminlaydi – jismoniy faollik stress va depressiyaga qarshi samarali usul hisoblanadi, kayfiyatni koʻtarib, ijobiy ruhiyatni yaratadi. Immunitetni oshiradi – tana harakatda boʻlganida qon aylanishi va hujayralarning kislorod bilan taʼminlanishi yaxshilanadi, immun tizim faoliyati kuchayadi. nafas olish organlarini rivojlantiradi. Organizmda moddalar almashinuvini meʼyorga soladi. Osteoxondroz, semizlik, qandli diabet kabi kasalliklarning oldini oladi.
Ijtimoiy ahamiyatga ega – jamoaviy mashgʻulotlar hamkorlik, doʻstlik, oʻzaro hurmat va yordamdoshlik fazilatlarini tarbiyalaydi. Insonda oʻz-oʻziga ishonch va ijobiy ruhiyatni shakllantiradi. Irodaviy sifatlarni rivojlantiradi. Sabr-toqat, intizom, masʼuliyat hissini oshiradi. Maqsadga erishishda qatʼiyat va chidamlilikni mustahkamlaydi. Yoshlarni tarbiyalashda sogʻlom avlodni shakllantirishga xizmat qiladi. Kundalik hayotda jismoniy tarbiyaning qoʻllanilishi ertalabki gimnastika va yugurish – kunni sergʻayrat boshlash uchun muhim jarayondir.
Sport toʻgaraklari va mashgʻulotlar – bolalar va yoshlarning sogʻlom rivojlanishi uchun foydalidir. Mehnat joyida qisqa sogʻlomlashtiruvchi mashqlar – ish jarayonida charchoqni kamaytiradi. Oilaviy sport anʼanalari – sayr, velosport, harakatli oʻyinlar orqali sogʻlom muhit yaratiladi. Jismoniy mashqlar muntazam amalga oshirilganda: kasalliklarning oldi olinadi, umr uzayadi, hayot sifat va mazmun jihatdan yaxshilanadi. Shu bois, har bir inson oʻz kundalik hayotida jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlarini odat sifatida yoʻlga qoʻyishi lozim. Bu nafaqat shaxsiy salomatlik uchun, balki sogʻlom avlod va sogʻlom jamiyat barpo etishda ham beqiyos ahamiyatga ega.
T.Dusuyarov