Tafakkur me’morlari

Date:

Insoniyat tarixining qaysi davrini olmang, jamiyat taraqqiyoti, millat yuksalishi va davlat qudrati doimo ilm-ma’rifat bilan chambarchas bog‘liq bo‘lganiga guvoh bo‘lamiz. Bu ma’rifat bulog‘ining jonkuyar sohiblari esa hamisha ustozlar, muallimlar va murabbiylardir.
Ular shunchaki kasb egasi emas, balki kelajak avlodning tafakkur me’morlari, millatning ma’naviy poydevorini quruvchi bunyodkor insonlardir. Shu bois, ustozga qaratilgan e’tibor, avvalo, kelajakka qaratilgan e’tibor va inson qadrini ulug‘lashning eng oliy namunasidir.
Prezidentimizning soha xodimlari bilan o‘tkazgan ochiq va samimiy muloqoti biz, ta’lim-tarbiya sohasi ahli uchun chinakam tarixiy voqea bo‘ldi. Tadbirda ilgari surilgan tashabbus va imtiyozlar zamirida shunchaki moddiy rag‘bat emas, balki ulkan ma’no, chuqur yondashuv hamda kuchli siyosiy iroda mujassamligi barchamiz dildan his etib turdik.
Keling, bu yangiliklarga oliy ta’lim tizimida ko‘p yildan buyon faoliyat yuritayotgan soha vakili sifatida nazar tashlaylik. Jumladan, yangi yildan boshlab kamida
15 yillik stajga ega oliy toifali pedagoglar uchun ipoteka kreditining boshlang‘ich badali davlat tomonidan qoplab berilishi haqidagi xabar qalbimizni cheksiz minnatdorlikka to‘ldirdi. Bu nimani anglatadi? Bu – davlat o‘z fidoyi o‘qituvchisini nafaqat ish joyida, balki hayotda ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanining yorqin ifodasi, uzoq yillik samarali mehnatning munosib e’tirofidir. Zero, o‘z uyiga ega, turmush tashvishlaridan xoli o‘qituvchi bor diqqat-e’tiborini, bilimi va g‘ayratini shogirdlariga bag‘ishlaydi. Bu qaror zamirida “Sizning mehnatingiz qadrli, sizning hayotdagi o‘rningiz mustahkam bo‘lishi biz uchun muhim”, degan chuqur hurmat yotibdi.
Keyingi muhim yangilik – pedagoglarning farzandlari uchun davlat oliygohlarida kontrakt summasiga 30 foizlik chegirma joriy etilishidir. Bu tashabbus nafaqat bir o‘qituvchini, balki uning butun oilasini va kelajak avlodini qo‘llab-quvvatlashdek ezgu maqsadga xizmat qiladi. Butun umrini o‘zgalar farzandiga bilim berishga bag‘ishlagan ustozning o‘z zurriyodi oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun yaratilayotgan bu imkoniyat insonparvarlikning yuksak namunasidir.
Dunyoning TOP-300 oliygohlarida tahsil olish uchun 20 ming AQSH dollarigacha imtiyozli ta’lim krediti berilishi esa biz, pedagoglar oldiga yanada ulkan marralar qo‘ymoqda. Bu – o‘zbek o‘qituvchisi jahon miqyosida raqobatbardosh bo‘lsin, eng ilg‘or bilimlarni egallab, uni yurtimiz ta’lim tizimiga tatbiq etsin, degan ulug‘vor niyatning amaliy ifodasidir.
Ta’lim sifati, avvalo, poydevordan — boshlang‘ich ta’limdan boshlanadi. Endilikda fan o‘qituvchilari kabi boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga ham milliy sertifikat berish tizimi joriy etilishi va sertifikat olganlarga 15 foiz ustama to‘lanishi ta’lim tizimining eng muhim bo‘g‘iniga qaratilgan jiddiy e’tibordir. Bu, o‘z navbatida, eng iqtidorli, bilimli mutaxassislarning boshlang‘ich ta’limga kirib kelishini rag‘batlantiradi. Shuningdek, bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan tugatib, maktabga ishga kirgan yoshlarga ikkinchi, magistrlarga esa birinchi malaka toifasining avtomatik tarzda berilishi — bilimli yosh kadrlarga ko‘rsatilayotgan yuksak ishonchidir. Bu ularni ortiqcha byurokratik to‘siqlardan xalos etib, bor g‘ayratini faqat ishga, yangilik yaratishga sarflashiga zamin yaratadi.
E’tirof bor joyda yuksalish bo‘ladi. Reytingda yuqori o‘rinlarni egallagan ta’lim muassasalari pedagoglari uchun O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishga transport chiptalariga chegirmalar berilishi ham ramziy, ham amaliy ahamiyat kasb etadi. Bu muvaffaqiyatning qadrlanishi va sog‘lom raqobat muhitining yaratilishi demakdir. Qolaversa, o‘z yurtini kezgan, uning tarixi, madaniyati va bugunidan bahramand bo‘lgan o‘qituvchining ma’naviy dunyosi boyiydi, uning shogirdlariga beradigan saboqlari yanada hayotiy va mazmunli bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan bu tashabbuslar tarqoq imtiyozlar yig‘indisi emas. Bu – puxta o‘ylangan, bir-birini to‘ldiradigan, uzoq istiqbolga mo‘ljallangan yaxlit dastur, yangi O‘zbekiston ta’lim islohotlarining yangi bosqichidir. Bularning barchasi zamirida inson qadrini ulug‘lash, ilm-fan va zakovatning jamiyatdagi o‘rnini beqiyos yuksaltirishga qaratilgan kuchli siyosiy iroda yotibdi. Bugun o‘qituvchi bo‘lish nafaqat sharafli, balki tobora nufuzli va ijtimoiy jihatdan mustahkam kasbga aylanmoqda. Biz, ustozlar, bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikdan ruhlanib, bor bilim va tajribamizni, qalb qo‘rimizni Vatanimiz ravnaqi va buyuk kelajak egalari bo‘lgan yosh avlodni tarbiyalashdek muqaddas ishga safarbar etishga bel bog‘laganmiz. Zero, ustoz qadr topgan yurtda ilm rivojlanadi, ilm bor joyda esa taraqqiyot va farovonlik hukm suradi.

Rustam NORLIYEV,
falsafa fanlari nomzodi, dotsent

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Yangi UZ kodi joriy etildi

O‘zbekistondagi barcha aeroportlarning IKAO kodi yangilanadi — endilikda UT...

Kemamodel  chempionati o‘tkazildi

Termiz shahrida kemamodel sporti bo‘yicha O‘zbekiston chempionati yuqori tashkilotchilik...

Tibbiy xizmat yaxshilanadi

Qumqo‘rg‘on tumani “Cho‘kirli” mahallasida 27 ming 325 nafar aholiga...

Xavfsizlik — har bir xonadonda

Respublikamiz bo‘ylab 15-oktyabrga qadar “Yong‘indan ogohlik” umummilliy kompaniyasi” oyligi...
KunTun
KunTun