Ba’zida ko‘chada, mahallada yoki kafeda kimningdir shovqin solib, musht ko‘tarib yoki so‘kinib yurishini ko‘rganmiz. Bir qarashda “o‘zaro janjal, o‘tib ketadi”gandek tuyulishi mumkin.
Lekin aslida bunday holatlar — jamiyat tinchligi va odamlar osoyishtaligiga qarshi qilingan hujumdir. Qonun tilida bu “bezorilik” deb ataladi.
Bezorilik — bu nafaqat kimnidir urib, jarohat yetkazish, balki odamlarning ko‘z o‘ngida qonun-qoidalarni mensimaslikdir. Masalan, Boysun tumanidagi “Chempion” somsaxonasida bo‘lib o‘tgan voqeani olaylik: ikki mahalla yigitlari o‘zaro adovat sabab janjallashib, boshqalarning tinchini buzdi. Jarohat olinishi natijasida jinoyat ishi ochildi.
Shunday paytda odamlarning ishonchi ham, mahallaning tinchligi ham, yoshlarning obro‘si ham zararlanganini ko‘ramiz.
Bezorilikni jinoyat darajasiga chiqarmaslik uchun biz — jamiyatning o‘zi hushyor bo‘lishi kerak. Shuningdek, spirtli ichimliklar savdosini tartibga solish, ovqatlanish va ko‘ngilochar joylarda signal tugmalari o‘rnatish muhim. Shunda tez yordam yoki huquqni muhofaza qiluvchilar zudlik bilan yetib keladi.
Kamera va nazorat tizimlari: kafe, restoran, bog‘-rog‘lar, marketlarda bo‘layotgan voqealarni kuzatish imkonini beradi.
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish — sport musobaqalari, to‘garaklar, madaniy tadbirlarga jalb etish, ularning energiyasini mushtlashishga emas, ijobiy ishlarga sarflashiga olib keladi.
Ichkilikbozlikka berilgan yoki muammoli odamlarga muntazam e’tibor qaratish, mahalla, profilaktika inspektori va faollar bilan hamkorlikda suhbatlar o‘tkazish ham bunda ahamiyatli.
Bu illatga befarq qarashimiz, “meni qiynamasa bo‘ldi” degan kayfiyatda yurishimiz xato. Chunki bugun birovning tinchini buzgan kimsaga ko‘z yumilsa, ertaga u bizning ham uyimiz oldida, bolalarimiz ko‘z o‘ngida shu qiliqni qiladi.
H.Pardayeva,
Viloyat IIB TQX JQB katta
tezkor vakili, mayor