Sertashvish dunyoda ro‘parangizdan kelayotgan har insonga e’tibor bermaganingiz kabi sizga ham ular bee’tibor bo‘lishadi. Xudoning bergan kuni borki, yo‘lingizdan o‘nlab, yuzlab, hatto minglab odamlar sizga qarama-qarshi tomonga harakatlanadi. Olis tog‘, cho‘l, jarlikdagi so‘qmoqdan ketayotgan kishi oldidan ham o‘tadigan kimsa bor. Borar manzil, maqsad-muddao bir bo‘lmasa, yo‘llar kesishmasa, siz insonning kimligini, fe’l-atvorini, ko‘nglini, qalbini bilmaysiz, anglamaysiz.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, mohir publitsist, tajribali rahbar Muhiddin Abduraxmonov bilan hamkasb bo‘lib, do‘st-birodar sifatida yo‘limiz bir tushgan, fikrlashgan, dardlashgan, diydorlashgan damlarimiz ko‘p edi…
“Sizga havasim keladi”
Xotiram pand bermayotgan bo‘lsa, 2003-yilning kuz oylari. O‘shanda Respublika Agrosanoat birjasining Surxondaryo filialida direktor bo‘lib ishlayotgan Damin Qobilov (rahmatli) bilan idorasi oldida suhbatlashib turgandik. Bir payt ko‘chadagi piyodalar yo‘lkasidan bo‘y-basti kelishgan, ko‘rinishidan o‘ziga ishonchi baland bir kishi viqorli qadam tashlab kelaverdi. Bizga yaqinlashganda Damin aka peshvoz chiqib: “Aka, sizga havasim keladi” deya quchoq ochib, ko‘rishib-so‘rashdi. O‘zimcha o‘yladim: Surxondaryoda o‘n yilga yaqin viloyat hokimi bo‘lib ishlagan Jo‘ra Noraliyevning e’tiboriga tushib, Denovdagi aroq zavodiga direktor, Denov shahar hokimi, bir qator viloyat tashkilotlariga uzluksiz rahbar bo‘lib kelayotgan, o‘zining ta’biri bilan aytganda, “yo‘lini hech kim kesib o‘tolmagan” Damin Qobilovday odam nega bu insonga havas qiladi? Nega quchoq ochib, mehr bilan ko‘rishdi?!
Yosh yigit edim. Hayotning baland-pastini hali ko‘rganimiz yo‘q. Yaxshi-yomonning farqiga ko‘p ham boravermaydigan payt. Qishlog‘imizdagi sokinlik bilan shahar shovqini aralashib, boshimiz g‘uvillab yurgan damlarda bunday savollarning paydo bo‘lishi tabiiy edi. Bu savolga bir necha yillardan so‘ng javob topganday bo‘ldim.
“Gazeta qilamizmi, yo‘q”
shimiz matbuot sohasi tomon burildi. Viloyat matbuot va axborot boshqarmasida ish boshladim. Rahbarimiz O‘rol Oltiboyev. Yaxshi inson. Samimiylik, soddadillik, oqko‘ngillik bobida bu insonga teng keladigan odam kam. Kamtarligini aytmasa ham bo‘ladi.
Adashmasam, 2010-yilning bahor oylari. Bir kuni ishxonamizga o‘sha Damin aka havas qilgan odam – Muhiddin Abduraxmonov bir quchoq qog‘oz ko‘tarib kirib keldi. Darvoqe, biz ishlayotgan tashkilot Surxondaryo viloyatidagi gazeta-jurnallarning faoliyat yuritishi uchun ruxsat (litsenziya) berib, ular faoliyatini nazorat qilardi. O‘shanda Muhiddin aka yangi gazeta tashkil qilish uchun hujjatlarni topshirdi. Albatta, bunday “nozik ishlar” boshqarma boshlig‘i tomonidan ko‘rib chiqilardi. Shundan so‘ng, Muhiddin aka boshqarmaga serqatnov bo‘lib qoldi, shu bahona tanishib ham oldik.
Hujjatlarida kamchiligi bor ekanmi yoki gazetaga qo‘yilgan nomga o‘xshash biror nashr faoliyat yuritayotgani sababmi, rahbarimiz Muhiddin akaga gazetani ro‘yxatga olib bo‘lmasligi haqida rad javobini berdi. Shunda Muhiddin Abduraxmonov xafa bo‘lganday bo‘lib, sal qizishib, boshliqqaga qarata: “Aka, gazeta qilamizmi, yo‘q?” dedi.
Tabiatan dangal, orkash, g‘ururi baland Muhiddin aka maqsadidan qaytmadi. Nima bo‘lsa bo‘ldi, tez kunlarda “Davr mezoni” degan gazeta tashkil etib, faoliyatini boshladi.
Oqqan daryo oqmay qolmas
Qahramonimiz asos solgan “Davr mezoni” gazetasi darrov “oyoqqa turdi”. Viloyatning bosh huquqiy nashriga aylandi. Bir necha o‘n minglab nusxada chop etildi. Yaxshi jamoa shakllandi. O‘z davrida xodimlar ijtimoiy himoyasi ham, oylik maosh masalasi ham bu tahririyatda havas qilarli darajada edi. Gazeta sahifalarida dolzarb, o‘tkir mavzulardagi maqolalar chop etilardi. Xususan, Muhiddin Abduraxmonov qalamiga mansub, shaharda avtoturargoh masalalari, yo‘l chetiga ekilgan gullarni panjara bilan o‘rash kerak emasligi, Termiz —Sariosiyo yo‘nalishidagi temir yo‘lni elektrlashtirish evaziga poyezd qatnovini ko‘paytirish, vaqtni tejash, yo‘l haqini arzonlashtirish kabi mavzulardagi chiqishlar qilindi. Qarang, bu insonda uzoqni ko‘ra bilish, donishmandlik fazilatlari bor ekanmi, o‘sha mavzular bundan 10-15 yil ilgari ko‘tarilgan bo‘lsa-da, hali-hamon dolzarb bo‘lib, davr muammosiga aylanib borayotir.
Nazarimda, bu nashrning bunday mavqega erishishida bosh muharrir Muhiddin aka otasidan, ya’ni uzoq yillar “Surxon tongi” gazetasida samarali mehnat qilgan Rahmatillo Abduraxmonovdan o‘rganganlari asqatgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Chunki, Muhiddin aka gazeta-chilikning nonini yeb katta bo‘lgan. Bolaligidan gazeta o‘qib ulg‘aygan. Otasiga ergashib tahririyatga ko‘p kelgan va tabiiyki, gazetachilik ishlari bilan yaxshi tanish edi. Shunga aytsa kerak-da, “Oqqan daryo oqmay qolmas”, “Ot o‘rnini toy bosar” deb.
“O‘qisam, o‘zim uchun o‘qiyman”
Muhiddin Abduraxmonov nafaqat tajribali jurnalist, balki yetuk moliyachi ham edi. Matbuot sohasidan tashqari, iqtisodiyot, hokimlik tizimlarida ham samarali faoliyat yuritgan kadr emasmi, buni bilgan hamkasblari viloyat gazetasi, viloyat jurnalistlar uyushmasi rahbarligiga ham bir necha bor nomzodini tavsiya etishgan. Buni bilib, sezib qolgan birov-yarim ig‘vo tarqatuvchilar Muhiddin aka haqida o‘sha vaqtlarda tegishli idoralarga noxolis, bo‘lgan-bo‘lmagan gaplarni yetkazishadi. Balki, ig‘vogarlar gapidandir yoki boshqa sababdir ko‘p yillar Muhiddin Abduraxmonovning nomzodi “o‘tmay”, chetga surilib kelaveradi.
Keyinchalik, bir paytlar gapni “urchitgan” hamkasblardan biri Muhiddin akaga yaxshi ko‘rinish, unga xushomad qilish maqsadida “nomzodingizning o‘tmagani, sizning namoz o‘qishingizda” degan gapni qiladi. Unga javoban Muhiddin Abduraxmonov “Eee, birodar, men Allohning oldida qarzimni bajaryapman. O‘qisam, o‘zim uchun o‘qiyman. Mansab, lavozim o‘z yo‘liga”, deydi.
Haqiqat qaror topdi
O‘sha dolg‘ali zamonlar ham ortda qoldi. Davr o‘zgardi. Odamlar bir-birini qo‘rqitib, bir-birini yomon ko‘rsatib, ig‘vo tarqatib yurgan damlar chekindi. Shavkat Mirziyoyev prezidentlik lavozimiga kirishgach, juda ko‘p sohalarda islohotlar boshlandi. Byurokratiya, buyruqbozlik, sansalorlik kabi illatlarga barham berila boshlandi.
Taqdir charxpalagi aylanib, bir paytlar o‘zim ish boshlagan boshqarmaga rahbar etib tayinlandim. Tabiiyki, ishimiz matbuot sohasi tashkilotlari, uyushmalar bilan hamkorlikda kechadi. Shu orada O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi raisi sifatida ishlagan, fidoyi inson Norquvvat To‘rayev o‘z xohishiga ko‘ra pensiyaga kuzatildi. Viloyatdagi sohaga mas’ul rahbarlar kengashib, o‘sha paytdagi O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Sa’dullo Hakim (Alloh rahmat qilgan bo‘lsin) bilan maslahatlashib, Muhiddin Abduraxmonovni uyushmaning viloyat bo‘limiga rais etib sayladik. Haqiqat qaror topdi. Yangi rais yeng shimarib ishga kirishib ketdi.
Do‘stni safarda sina
Muhiddin aka bilan suhbatlarimiz ba’zan hazil-mutoyibaga ulanib ketardi. Yoshi mendan ancha katta bo‘lsa-da, hazilga chidaydigan, gap ko‘taradigan odati bor edi. Hazil qilsangiz, gapingizni diqqat bilan eshitib, ko‘zingizga tik boqa turib, kutilmaganda qah-qahlab kulib yuborardi. Shunday beg‘uborlik, samimiylik bilan kulardiki, qanchalik jiddiy qiyofada bo‘lmang, sizning ham yuzingizga kulgi yugurardi.
Bir safar, “Rais bobo, Sizga o‘xshab g‘uddayib, qilichday bo‘lib yurish uchun nima qilish kerak” dedim. Hamishagiday qah-qahlab kulib yubordi-da: “Har kuni ertalab bir piyola suv iching” dedi.
Bundan besh-olti yil ilgari Muhiddin aka bilan Farg‘onaning “Chimyon” degan joyida bir haftalik respublika seminarida qatnashdik. Fevral oyi edi. Kun sovuq. Biz yashayotgan sihatgohda shifobaxsh buloq bor ekan. O‘sha buloq suvidan Muhiddin aka har kuni ertalab bir piyola emas, ikki-uch piyola suv ichardi. Demak, bu inson organizmini shunga moslashtirgan. Bu ishni salomatlikning kaliti deb hisoblagan ekan.
“Do‘stni safarda sina” deganlaridek, Muhiddin Abduraxmonovda hamrohini yo‘lda tashlab ketadigan odati yo‘q edi. Uzoq yo‘lda, safarda, musofirlikda yo‘ldoshidan hol so‘raydigan, yordam qo‘lini cho‘zadigan inson edi. Gurung bersa, berilib, mag‘zi butun gaplardan gapirardi, suhbatdoshini bezdirmasdi. Bir so‘z bilan aytganda, sodiq va sadoqatli do‘st edi.
“Mendan boy ekan-ku”
Muhiddin Abduraxmonov ishiga puxta, pishiq kadr bo‘lish bilan birga, o‘ta soddadil, saxovatpesha inson edi. 2020-yil. Karantin. Hamma vahimada. Shunday kunlarning birida menga qo‘ng‘iroq qilib, matbuot fidoyisi, o‘zini juda faqir, kamtar ko‘rsatib yuradigan bir hamkasbimiz haqida gap ochib, shu odam karantin paytida qiynalib qolmadimikan, bir bozor-o‘char qilib, uyini topib xabarlashib kelaylik, dedi.
Hamkasbning uyi manzilini olib, jo‘nadik. Ko‘cha boshiga borib, qo‘ng‘iroq qildik. Hamkasbimiz hashamatli uydan chiqib, ichkariga taklif qildi. Kirdik, o‘tirdik, gurunglashdik. Ro‘zg‘ori tuppa-tuzuk, o‘g‘illari ham farosatli, didli, yaxshi tarbiya topgan yigitlar ekan. To‘g‘risi, xursand bo‘ldim. Ko‘chada ko‘rgan kishining rahmini keltiradigan darajada xokisor bo‘lib yuradigan bu hamkasbimiz ro‘zg‘orga pishiq, tom-toshi havas qilarligi darajada ekani bizni quvontirdi. Maza qilib suhbatlashdik, ko‘ngillarni yozdik.
Hamkasb bilan xayrlashib, qaytar ekanmiz, Muhiddin aka hamishagidek qah-qahlab kulib yubordi-da, “Mendan boy ekanku” dedi.
Gap bu yerda hamkasbimizni qoralash yoki ortiqcha zeb berishda emas, balki Muhiddin Abduraxmonovning yuksak insoniy fazilatlari, hazil-mutoyibaga moyilligi haqida bormoqda.
Hamkasbning ko‘z yoshlari
Shu yil kasb bayramimiz arafasida viloyatdagi telekanallardan biri dunyodan o‘tib ketgan bir qator hamkasblarimiz, ustozlarni yod etib maxsus ko‘rsatuv tayyorlabdi. Ko‘rib xursand bo‘ldim, ijodkorlariga rahmat!
Ko‘rsatuvdagi bir holat kishi e’tiborini o‘ziga tortishi shubhasiz. Ya’ni O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limida Muhiddin Abduraxmonov bilan birga ishlagan intiluvchan, izlanuvchan, fidoyi bir hamkasb singlimiz ustozi Muhiddin aka haqida gapira turib ko‘z yoshini tiya olmadi. Demak, bu insonning nafaqat bilimli, tajribali jurnalist, balki shogirdlariga g‘amxo‘r, jamoadoshlariga mehribon rahbar bo‘lganini, farzandlari, oilasi, do‘st-yor, kasbdoshlari qalbiga ham mehr ila kirib borganini vaqt ko‘rsatdi.
Bosgan izlar o‘chmagay
Oxirgi olti-yetti yil ichida Termiz shahridagi “Yashil dunyo” bozorida ertalab, tong sahar Muhiddin akani turmush o‘rtog‘i bilan bozor qilib yurganini ko‘p ko‘rardim. Ba’zan,hamishagiday hazil aralash: “Ha, rais bobo! Uyqu kelmadimi? Azonlab chiqibsiz” desam. “Ertalab baraka mo‘l bo‘ladi, mahsulotlar sara, toza bo‘ladi, shuning uchun yangangiz bilan bozorga chiqamiz” derdi, rahmatli!
Yaqinda o‘sha bozorda, o‘sha yo‘llarda Muhiddin akaning to‘ng‘ich o‘g‘li Dilmurodni ham ayoli bilan birga ko‘rib qoldim. Otasini ko‘rganday bo‘ldim,gap-so‘zlar, qarashlar o‘xshaydi.Oiladagi tarbiya farzandlariga ham ko‘chganidan xursand bo‘ldim. Demak, Muhiddin Abduraxmonov bosgan izlar o‘chmagay. Bu izlardan farzandlari, nabirayu chevaralari hali uzoq yillar o‘tajak…
Tiriklar sinovdadir. Har birimiz Yaratgan oldida ham, bandalar oldida ham sinovdamiz. Qanday inson bo‘lmaylik, yaxshimi-yomonmi baribir hayot sinovlaridan o‘tamiz. Fe’limizga, xulqimizga, ishimizga, qilmishimizga qarata baho olamiz.
Ta’bir joiz bo‘lsa, Muhiddin Abduraxmonov ham taqdir, hayot sinovlaridan o‘tdi. Mardona yashadi, mard o‘tdi. Goh shodon, goh g‘amgin kunlarni boshidan o‘tkazdi. Qobil, halim, sertarbiya farzandlar o‘stirdi, ularga ilm o‘rgatdi. Men o‘ylayman, barisiga ulgurdi.
Inson umrini yonayotgan shamga qiyoslashadi. Bu juda to‘g‘ri ta’rif. Ammo, gap — shamning qanday yonishi, qanday nur taratishida. Muhiddin aka yoqqan sham nuri ko‘ngillarni, dillarni yoritdi. Qalblarni nurafshon aylagan bu sham shu’lasi esa endi mudom o‘chmaydi!
Salohiddin Norqobilov,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi