Demokratik islohotlarning muhim zanjiri

Date:

Mahalla – xalqimizning asrlar davomida shakllangan, o‘ziga xos qadriyatlari va an’analarini o‘zida mujassam etgan, jamiyatning eng muhim bo‘g‘inlaridan biri. Mahalla nafaqat hududiy birlik, balki aholining kundalik hayoti, ijtimoiy muammolarini hal etish, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishda muhim o‘rin tutadigan o‘zini o‘zi boshqarish institutidir. Shu nuqtayi nazardan, mahalla raisi saylovi demokratik jarayonlarning muhim elementi sifatida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va jamoatchilik nazoratini ta’minlashda katta ahamiyatga ega.
Mahalla raislarining saylovi – muhim demokratik jarayon, ya’ni fuqarolarning o‘z hududi rahbarini bevosita saylash huquqini amalga oshirish mexanizmidir. Saylov jarayonining ochiqligi, shaffofligi va adolatliligi demokratik qadriyatlarning mahalliy darajada qaror topishiga xizmat qiladi. Fuqarolarning saylovda faol ishtirok etishi, o‘z ovozi bilan mahallaning kelajagini belgilash imkoniyatiga ega bo‘lishi ularning siyosiy ongini o‘stiradi, jamiyatga daxldorlik hissini shakllantiradi.
Saylov jarayonida nomzodlar o‘z dasturlari bilan chiqib, aholining muammolarini hal etish yo‘llarini taklif etadilar. Bu esa, fuqarolarning fikrlarini tinglash, ular bilan muloqot qilish, ularning takliflarini inobatga olish orqali mahalliy boshqaruvning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Saylangan rais esa o‘z navbatida, fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish, ularning muammolarini hal etishga mas’ul bo‘ladi.
Mahalla raisi saylovi jamoatchilik nazoratini ta’minlashning muhim vositasidir. Saylangan rais fuqarolar oldida hisobdor bo‘ladi, o‘z faoliyati to‘g‘risida muntazam ravishda axborot berib turadi. Fuqarolar esa raisning ishini baholash, unga takliflar berish, zarur bo‘lganda, uning faoliyati ustidan shikoyat qilish huquqiga ega. Bu esa, mahalliy boshqaruvning shaffofligini oshiradi, korrupsiya va boshqa suiiste’molliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
2025-yilning may-iyul oylarida O‘zbekiston bo‘ylab 9 542 ta mahalla fuqarolar yig‘inida rais saylovlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Surxondaryo viloyatida esa bu ko‘rsatkich 724 tani tashkil etadi.
Yaqinda qabul qilingan qonunchilikka muvofiq, fuqarolar yig‘ini raisining vakolat muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirildi. Bu esa mahalla raislariga o‘z ishlarini uzoq muddatli rejalashtirish va amalga oshirish imkonini beradi.
Shuni ta’kidlash joizki, “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi qonun mazkur jarayonning shaffof va demokratik tarzda o‘tishini ta’minlaydi.
Surxondaryo viloyatida 641 ta mahallada saylov o‘tkazilib, 1 543 nafar nomzoddan 641 nafari mahalla raisi etib saylandi. Saylangan raislarning 337 nafari birinchi marta saylangan bo‘lsa, 59 nafarini ayollar tashkil qiladi. 304 nafari avval ham rais lavozimida ishlagan, 11 nafari esa deputatdir.
Xulosa qilib aytganda, mahalla raisi saylovi – demokratiyaning asosiy elementi, fuqarolik jamiyati va jamoatchilik nazoratiga muhim qadamdir. Shuningdek, fuqarolarning o‘z huquqlarini amalga oshirish, mahalliy boshqaruvda ishtirok etish va jamiyat hayotida faol bo‘lish imkoniyatidir. Bu saylovda har bir fuqaro faol ishtirok etib, o‘z mahallasining kelajagini belgilashda o‘z hissasini qo‘shishi lozim. Zero, faol fuqarolik pozitsiyasi va mas’uliyatli munosabatgina kuchli va farovon jamiyat barpo etishning garovi bo‘la oladi.

Asomiddin Mamayusupov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat hududiy bo‘linmasi yetakchi mutaxassisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“E-auksion.uz” — ochiq savdo maydoni

Bugungi tezkor hayotda har birimizning xayolimizda turli biznes g‘oyalari...

Kamchiliklar bartaraf etildi

Jarqo‘rg‘on tumanida davlat tilining nufuzini oshirish, uni hayotimizning barcha...

Bilim va zukkolik bellashuvi

Termiz davlat universitetida talabalar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini boshlandi....

“Yangi hayot”da yangi maskan

Qiziriq tumanida yosh avlod tarbiyasi va ta’limi yo‘lida navbatdagi...
KunTun
KunTun