So‘nggi yillarda Surxondaryo viloyatida qurilish sohasi iqtisodiyotning eng faol va istiqbolli tarmoqlaridan biriga aylanib bormoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda viloyatda umumiy qiymati 3,2 trillion so‘mdan ortiq bo‘lgan 1 100 dan ortiq qurilish obyekti foydalanishga topshirilgan. Shu jumladan, 38 ta maktab, 27 ta bog‘cha, 12 ta shifoxona hamda 750 dan ortiq ko‘p qavatli turar-joy xonadonlari barpo etilgan. Biroq shiddat bilan rivojlanayotgan ushbu sohada qurilish jarayonlarini zamonaviy texnologiyalar bilan integratsiya qilish hanuz yetarli darajada emas. Ayniqsa, loyihalash, nazorat va boshqaruv ishlarida raqamli yechimlardan foydalanish darajasi 30 foizdan oshmagan. Bu esa, sohadagi ish samaradorligi va sifatini yanada oshirish imkoniyatlari mavjudligidan dalolat beradi.
Yangi texnologiyalar — ishonchli va tejamkor qurilish garovi
Afsuski, hozirgi paytda viloyatdagi qurilish tashkilotlarining faqat 12 foizi BIM texnologiyasi bilan ishlaydigan mutaxassislarga ega. 180 dan ortiq yirik va o‘rta korxonalarning aksariyati hali an’anaviy qurilish usullaridan foydalanmoqda. Bu esa, qurilish muddatlarining uzayishi va xarajatlar ortishiga olib kelmoqda. Shu bilan birga, 2025-yil yakuniga qadar viloyatda umumiy qiymati 5 trillion so‘mlik yangi qurilish loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu jarayonda innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali mablag‘ tejash va qurilish sifatini oshirish maqsadga muvofiq.
Tavsiyalar va istiqbol
Joriy yilda Termiz shahrida namunaviy BIM texnologiyasi asosida quriladigan maktab va klinika loyihalari pilot tarzida amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. 200 nafar yosh BIM, AutoCAD va 3D modellashtirish bo‘yicha o‘qitiladi. Tashqi hamkorlik kuchaytirilib, Koreya, Turkiya va Xitoy davlatlaridan zamonaviy qurilish uskunalari va texnologiyalari jalb etish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.
Ta’kidlash joizki, vohamiz qurilish sohasi ulkan salohiyatga ega. Zamonaviy texnologiyalarni joriy etish evaziga faqatgina qurilish tezligi va sifati oshib qolmay, balki aholi uchun qulay, xavfsiz va ekologik barqaror muhit yaratiladi. Bu jarayonda davlat, xususiy sektor va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Ahmad Yuldashev,
“Yagona buyurtmachi xizmati”
DUK direktori