NAVRO‘ZGACHA TERMIZ BAYRAMONA QIYOFA KASB ETADI

Date:

Bahorga xos bo‘lmagan injiqliklarga qaramay, ko‘klamning ilk kunlaridanoq, qalbimizni iliqlik, ajib his-tuyg‘ular qurshab olgan. Fasli navbahor bayramlar, tantana-yu sayillar bilan boshlanadi, Navro‘zga ulanadi. Yil bo‘yi intiqlik bilan kutganimiz, omonlikka yetganimiz bilan shukrona qilamiz.

Qadriyatlarimiz, odat va udumlarimiz qadr topib, yana sumalak pishirishga, tandir qizitib, ko‘k somsa yopishga tutinamiz. Ayni shular bilan Navro‘z ayyomi sevimli va qadrli.

Umumxalq bayramiga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni munosib nishonlash bo‘yicha muhim chora-tadbirlar allaqachon belgilangan. Asosiy bayram tadbirlari uchun tayyorgarlik ishlari boshlanib, Navro‘z bayramining inson va tabiat uyg‘unligi, tinchlik, mehnat, do‘stlik va hamjihatlik kabi qadriyatlarini tarannum etishini inobatga olib, bu yilgi tengkunlikka alohida e’tibor qaratilayotir. Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov shahar bo‘ylab amalga oshirilayotgan qurilish ishlari hamda avvalgi tashriflarda berilgan topshiriqlarning ijrosi bilan tanishuvni, dastlab, “San’at saroyi” majmuasida mutasaddilar tomonidan “Navro‘z” umumxalq bayramiga tayyorgarlik yuzasidan ishlab chiqilgan dastur taqdimoti bilan boshladi. Sayl kuni o‘tkaziladigan madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, majmua hududini obodonlashtirish va bayramga yuqori saviyada tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tegishli vazifalar topshirildi.

— Albatta, bu yilgi Navro‘z bayrami har yilgidan ko‘ra qiziqarli va keng qamrovda o‘tkaziladi, — deydi viloyat qo‘g‘irchoq teatri direktori Olmaxon Berdimuratova. — Bu yilgi dasturda viloyatimizda faoliyat olib borguvchi teatrlar, madaniyat markazlari, folklor ansambllari jamoalari munosib tuhfalari bilan ishtirok etadi. Shahrimizdagi muhtasham San’at saroyiga tashrif buyurgan mehmon borki, o‘zlarini vohaning turli hududlariga sayohat qilgandek taassurot olishadi. Milliy taomlar, hududlarga xoslik, qadriyat-u an’analar tarannum etilishini eshitganning saylga tashrif buyurish ishtiyoqi oshishi aniq. Shunday ekan, ming bor eshitgandan ko‘ra, vohadoshlarimizni bir bora ko‘rib, rohatlanishlari uchun saylda kutib qolamiz.

Navro‘zga hamohang tarzda shahrimiz qiyofasini bayramga moslab bezash ishlari ham jadal tus olgan. Prezidentimizning hududlarni jadal rivojlantirish, aholini sifatli turar joylar bilan ta’minlash hamda infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha qabul qilgan farmon va qarorlari, shuningdek, berilgan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatimizda keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, viloyat markazi — Termiz shahri bugungi kunda ulkan qurilish va bunyodkorlik maydoniga aylangani hech kimga sir emas. Joriy loyihalarning ijrosini o‘rganish maqsadida viloyat rahbari “ERRIEL” xorijiy korxonasining “Hilton” mehmonxonasi, konferensiyalar zali, savdo majmualari bilan tanishdi. Shuningdek, shaharning “Guliston”, “Surxon sohili”, “Manguzar” va “Kattabog‘” mahallalarida barpo etilayotgan ko‘p qavatli turar joy majmualari hamda “Termiz Mall” loyihasining qurilish ishlari ham e’tibordan chetda qolmadi. O‘rganish davomida Termiz davlat universiteti atrofidagi yo‘llarni ta’mirlash jarayonlari ham ko‘zdan kechirildi.

Har bir loyiha bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahlil qilinib, qurilish sifatini yuqori darajada ta’minlash, shaharsozlik va qurilish normalariga qat’iy rioya etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

S.NORMURODOVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Qiyin ahvolga tushsa, yengillik beriladi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining “Banklar kapitalining monandligiga qo‘yiladigan...

“Maromiylik” tadbirlari boshlandi

Denov tumanining “Yangi hayot” mahallasida Oila va xotin-qizlar bo‘limi,...

Qarovsiz bog‘ sayilgohga aylanadi

Surxondaryoda yangi savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarining ishga tushirilishi...

Loyihalar yanada takomillashtiriladi

Surxondaryoda Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan yirik "To‘palang" suv...
KunTun
KunTun