Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida sovg‘a qidirmagan qolmaydi. Hadya olish ham, sovg‘a berish ham ayni bayramga yarashadigan jihat. Gul va kitoblar har qanday did va fazilat egasi uchun-da eng munosib va yoqimli tuhfa. Ayniqsa, guldek nozik, maftunkor ayollarga gul tutish-da o‘zgacha go‘zal…
Tabiiy gullar bir-ikki kun, nari borsa, bir hafta guldonni bezar, keyin, istaymizmi-yo‘qmi, so‘liydi. Shu boisdir, so‘nggi paytlarda turli xil buyumlardan gul yasash va uni yaqinlarimizga tuhfa etish odat tusiga kirmoqda. Bugungi qahramonimiz ham ana shunday go‘zallikni yaratishni va insonlarga go‘zallik hadya etishni maqsad qilib, bir yil avval oddiygina sovundan gullar yasashga qiziqib qoldi. Ammo qiziqishning kuchi ham imkon borasida anchagina ojiz edi — vaqt yetmasdi. Kurslarda o‘qiy desa, qo‘lida chaqalog‘i bor. Internetdan izlay-izlay, o‘zi uchun bir nechtagina gullarning tayyorlanish jarayoni bilan bog‘liq videolarni topdi. O‘rgana turib, qiziqishi baridan ustun keldi.
“Avvaliga bir dona gul qolipi xarid qilib ko‘ray-chi, agar eplay olsam, yana sotib olaman”, deya, ijtimoiy tarmoqlar orqali gul qolipiga buyurtma berdi. Qolip qo‘liga tegishi bilan maxsus sovunchalardan 2-3 tasini olib kelib, videoda ko‘rsatilga-nidek gullar yasashga kirishdi. O‘xshadi, o‘ziyam ilk ishidanoq o‘zgacha mehr va e’tibor qaratgan emasmi, ilk gullariyoq yaqinlarining e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
O‘zi o‘tgan yilning fevralida boshlangan bu qiziqish qahramonimizning daromad keltiradigan hunariga aylandi. Ayni 8-mart arafasida yasagan 50-60 tacha gullarining bari talash bo‘lib sotilib ketdi. Shunchaki qiziqish bilan boshlangan ishlarning aksari mehnat, qalb qo‘ri, nozik didi ila yaxshigina kasb-korga aylanishi sir emas. Avvaliga qahramonimiz Muborak Shodiyevaning turmush o‘rtog‘iga bu ish ma’qul kelmadi: “Qo‘ysang-chi, bolaga qarab uyda o‘tirsang, yaxshi emasmi? Shuncha vaqt va mehnat sarflaganing shu gullarni kim ham olardi?” deya e’tiroz ham bildirdi. Mutaxassislarning aytishicha, kishi biror ishni chin dildan, zavq bilan va qalban xohlab bajarsa, albatta, bu ish natijasini beradi. Va ushbu yo‘sinda bajarilgan ish kishining qalb kasbi bo‘lib, baraka keltiradi.
Termiz shahri, “Kattabog‘” mahallasida istiqomat qilayotgan Muborak Shodiyeva ham ayni 36 yoshida qalb kasbini topdi, desak adashmagan bo‘lamiz. Muborak ayni vaqtda 3 farzandning onasi, sarishta uy bekasi. Dastlab, iqtisodiyot yo‘nalishida kasb-hunar kollejida tahsil olib, hisobchi bo‘lib ishlagan, keyinchalik tikuvchilik, pazandalik sirlarini ham o‘rgangan bo‘lishiga qaramay, bugun gulchilikdan baxt topdi. Shunday bo‘lsa-da, hali-hanuz buyurtma asosida, tort va turli xildagi shirinliklarni ham tayyorlab berishdan erinmaydi. Berilib ishlaydigan va mehnati mahsulini ko‘rganda sevinadigan qahramonimiz faoliyatini kengaytirish, ko‘proq insonlarga gul yetkazib berish maqsadida yasagan gullarini telegramda “Sovundan yasaladigan gullar” kanalini ochib, har bir tayyorlangan mahsulotini erinmasdan rasmga olib, joylab boradi.
— Gullarni yasayotganimda hamma charchoqlar chiqib, o‘ziga xos go‘zallik meni qurshab olganini his qilaman va mehnatim odamlarga xursandchilik olib kelishini ko‘rib, miriqib gul yasashga sho‘ng‘iyman, — deydi Muborak. — Bu gullarning afzallik tomoni, gul turgan uydan 1-2 yilgacha shirin hidi kelib turadi. Sovg‘aga berganda juda yaxshi tanlov deya olaman ham. Bir kunda 5-6 tagacha tayyorlasa bo‘ladi. Buketlardan 3-4 tacha,kattaroq buketlardan bo‘lsa, 1-2 tagachatayyorlash mumkin. Atirsovundan yasaladigan gullar alohida qoliplarga eritib solinadi. Bitta gulga o‘rtacha 2 soatdan 2 kungacha vaqt sarflanishi mumkin. Uyga kelib o‘rganadigan shogirdim ham bor. Kunda-kunora bir kelib o‘rganib ketadi.
Qahramonimizning katta qizi onasiga dastyor. O‘g‘li maktabda o‘qiydi, onasining gullarini sotishda yordamchi. Biri-biridan ajoyib lola, atirgul, orxideya gullaridan tashqari, shu birgina sovundan turli xildagi suvenirlar ham qo‘li gul hunarmandning mehnati sabab xonadonlarni, turli tashkilotlarni bezab turibdi. U tayyorlagan mahsulotlarning xaridorlari viloyatimizning turli hududlaridan. Buyurtmalar esa tez va sifatli bajarilgani bois, ular ham Muborakning ishidan doim mamnun bo‘lishadi. Qo‘li gul hunarmandning gulchilikdan tashqari 10 sotix tomorqasida ko‘katlar barq urib turibdi. Tovuq va qo‘ylar boqib, ro‘zg‘origa baraka kiritayotgan kamtarin uy bekasining doimo qo‘llab-quvvatlaydigan turmush o‘rtog‘i ham har bir ishida ko‘ngilli, tashabbuslariga hamkor.
Muborakning aytishicha, gullarni yasash anchayin oson, lekin kishida fantaziya bo‘lmasa, qanday gul yoki guldasta, suvenir tayyorlashni bilmasdan boshi qotishi tayin. Natijada, mahsulot sifatsiz chiqishi, sarflangan mablag‘ va mehnatga kuyib qolish hech gap emas. Shunga aytsalar kerak-da: “Chumchuq so‘ysa ham, qassob so‘ysin”, deb. Nozik did sohibasining qilgan ishlariga havas va katta qiziqish bilan qarar ekanmiz, uyning bir burchida dasta-dasta mandarin va limon buketlariga ham ko‘zimiz tushdi. Bilsak, bu buketlar ham qahramonimizning qo‘l mehnati ekan.
Bir ayolga qirq hunar oz deganlaridek, Muborakka tasanno dedig-u gullariga xaridor bo‘lib, ortga qaytdik. Bugun ko‘pchilik ishsizlikdan, daromad yo‘qligidan qiynaladi, biroq uyda o‘tirib ham mehnat qilib pul topishning yo‘llari ko‘p ekanligini va kishining o‘zida xohish bo‘lsa, kifoya ekanligini Muborak misolida ko‘rib turibmiz. “Ishlayman” deganga ish ko‘p, istamaganga esa bahona. Kimdir bekorchilikdan bezor, kimdir esa mehnati evaziga rag‘batga munosib.
Adolat MO‘MINOVA