231 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs to‘liq sog‘lomlashtirildi

Date:

Surxondaryo viloyat hokimligi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Tadbirda 45 nafardan ziyod OAV vakillari va blogerlar ishtirok etdi. Ishtirokchilar dastlab Qumqo‘rg‘on tumanidagi nogironligi bo‘lgan bolalar “Muruvvat” internat uyida bo‘ldi.
Ushbu bolalar “Muruvvat” internat uyi zamonaviy reabilitatsiya vositalari bilan jihozlangan bo‘lib, u yerda o‘zgalar parvarishiga muhtoj bolalarni hayotga moslashtirish uchun tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatiladi. Tarbiyalanuvchilarga qaratilayotgan e’tibor tufayli 2024-yilda 13 nafar tarbiyalanuvchi mustaqil harakatlanish baxtiga muyassar bo‘ldi. To‘shakda yotib qolgan 20 nafar yosh esa o‘ziga-o‘zi xizmat ko‘rsatmoqda. Barcha sharoitlarga ega maskanda imkoniyati cheklangan bolalar ta’lim olish va parasport turlariga jalb etilmoqda. To‘garaklarda rassomchilik, amaliy bezak, to‘quvchilik va kashtachilik o‘rgatilmoqda. Ijodkorlik qobiliyati shakllantirilib, mustaqil izlanish, ishlash ko‘nikmasi hosil qilinayotir.
Ayni paytda “Muruvvat uyi”da 4 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalikdan nogiron, o‘zgalar parvarishiga muhtoj 150 nafar vasiylikka olingan bola tarbiyalanmoqda. Ularga 200 dan ortiq xodim tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatadi.
Bugungi kunda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan yana bir xayrli loyihaga qo‘l urildi. Unga ko‘ra, viloyatdagi imkoniyati cheklangan bolalar uchun Qumqo‘rg‘on “Muruvvat” bolalar internat uyida kunduzgi parvarish va tarbiya xizmati yo‘lga qo‘yildi. Bunda bolalar internat uyiga ertalab olib kelinadi. Kunlik reabilitatsion xizmatlar ko‘rsatilgach, kechga yaqin manzillariga, oila davrasiga qaytariladi.
Ushbu xizmatning yo‘lga qo‘yilganligi, anchadan buyon uyida nogironligi bo‘lgan farzandining tarbiyasi bilan band bo‘lib, ishlay olmaydigan onalar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Endi ular farzandini parvarishlash xizmatiga qo‘yib, o‘zlari bemalol ishlash va oilasiga daromad olib kelish imkoniyati yaratildi.
Prezidentning 2024-yilning 27-fevralida “Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 88-sonli qarori tasdiqlandi.
Birgina Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazi o‘tgan yilda 1 211 ta protez ortopediya moslamalari, 4 941 ta reabilitatsiya texnik vositalari, jumladan, 287 nafar fuqaro elektron yuritmali nogironlar aravachasi bilan ta’minlandi. 2024-yil davomida reabilitatsiya markazlarida 2 884 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs davolanib, shundan, 453 nafarining nogironlik guruhi yengillashtirildi va 231 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs to‘liq sog‘lomlashtirildi.
RTV va POM mahsulotlari bilan ta’minlangandan so‘ng, 4 186 nafar fuqaroning jismoniy harakatlanishi barqarorlashdi hamda 915 nafari kasb faoliyatlarini davom ettirishiga yengillik yaratildi.
Aytish kerakki, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi faoliyatini boshlagan qisqa fursatlarda e’tiborga molik ishlarni amalga oshirdi. Kerakli yordam va xizmatlarni ko‘rsatib, aholini kambag‘allikdan farovonlik sari olib chiqishga ko‘mak berishayotir. Bunga press-tur davomida OAV va keng jamoatchilik vakillari amin bo‘lib bordilar.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ijrosi yuzasidan o‘tgan yilda viloyatda 37,8 ming nafar, 2025-yilda 89,6 ming nafar aholini kambag‘allikdan olib chiqish rejalashtirilgan. Bugungi kunda viloyat bo‘yicha 12 076 ta oilada so‘rovnomalar o‘tkazilib (hokim yordamchisi 4 496 ta, ijtimoiy xodim 7 580 ta), skoring natijalariga ko‘ra 9 226 ta oila “Kambag‘allik reyestri”ga kiritildi.
Mazkur reyestrga kiritilgan oilalarga 4 653 ta individual dasturlar tuzilib, 26 573 ta xizmatlar biriktirildi.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ijrosi Jarqo‘rg‘on tumani “Qorayantoq” mahallasi misolida olaydigan bo‘lsak, misol uchun, Qurbonnazar Allayev Jarqo‘rg‘on tumanida istiqomad qiladi. II guruh nogironligi bor vohadoshimizning doimiy ishsizligi, qolaversa uy-joy va yashash sharoitini yaxshilashga ehtiyoji borligi sabab, Qurbonnazarga qator ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatildi. Yashash uyida yetarli sharoiti yo‘qligi sabab bir muddat ammasining uyida, bir muddat ijara uylarda yashab yurgan qahramonimiz va uning singlisi yurtboshimizning g‘amxo‘rligini o‘z hayotlarida his etishmoqda.
Qurbonnazarning bandligini ta’minlash maqsadida unga motoroller olib berildi, parrandachilik bilan shug‘ullanishiga imkon yaratildi. Singlisiga ham subsidiya asosida tikuv mashinasi olib berildi. Sanobar opaning farzandini tuman xalq bankiga ishga joylashtirildi. Endilikda Qurbonnazar ham, Sanobar ham jamiyatda o‘z o‘rni borligidan, ularni ham o‘ylab, har tomonlama qo‘llab-quvvatlovchilar boriligidan mamnun bo‘lib, ertangi kun uchun rejalar tuzmoqdalar.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Afg‘on-u turk investorlar hamkorimiz

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov xorijiy sarmoyadorlar bilan hamkorlikni...

Hamkorlik istiqbollari muhokamada

Surxondaryo viloyatida energetika va sanoat salohiyatini rivojlantirish yo‘lida navbatdagi...

Loyihalar jadallashtiriladi

O‘zbekiston-Fransiya hamkorligi strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Mana shunday yaqin...

Surxondaryoda “Investorlar kuni”

 “Investorlar kuni” tadbiri startap asoschilari, tadbirkorlar hamda investorlarni bir...
KunTun
KunTun