BOLALAR SAHNASIDA…

Date:

Surxondaryo viloyat Qo‘g‘irchoq teatri repertuari keyingi yillarda nafaqat o‘zbek, balki chet el adiblarining bolalarbop asarlari asosida sahnalashtirilgan spektakllar bilan boyitib borilmoqda. Allaqachon bolajonlarning sevimli tomoshasiga aylanib ulgurgan E. Vavrushkaning “Izquvar Brok”, G.X. Andersenning “Qish ertagi”, V. Pavlovskiy qalamiga mansub “No‘xot bola”, X. Gaufning “Xalifa Laylak”, YE.Taraxovskayaning “Cho‘rtan baliq amri bilan” hamda U. Speranskiyning “G‘aroyib musobaqa” kabi sahna asarlari ana shunday spektakllar sirasiga kiradi.

Yosh avlod ma’naviy olamini boyitish, ular qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini to‘g‘ri shakllantirishda teatr san’atiga xos jozibador kuchning ta’siri o‘ta beqiyos. Shu tufayli mamlakatimizda bolalarni teatr san’atiga ko‘proq jalb etish muhim tarbiyaviy ahamiyatga molik ishlardan sanaladi. Chunki bu jozibali sahna san’ati yosh avlodga olam-olam zavq baxsh etish bilan birga, ular ongida ijobiy o‘zgarishlar yasashga qodir. Buni yaxshi anglagan Surxondaryo viloyat qo‘g‘irchoq teatri ijodiy jamoasi o‘z repertuarini yildan-yilga badiiy jihatdan pishiq, tarbiyaviy ahamiyati yuqori bo‘lgan bolalarbop sahna asarlari asosida tayyorlangan spektakllar bilan boyitib bormoqda. Ana shunday spektakllardan biri — “G‘aroyib musobaqa” deb nomlanadi. Rus bolalar dramaturgi U. Speranskiy asari asos qilib olingan ushbu spektaklni rejissor Bunyod Imomov sahnalashtirgan.

Yosh tomoshabinlar e’tiboriga havola etilgan bu sahna asarida ota-onaga hurmat, do‘stlik, ona Vatanga sadoqat, bilim olish va mehnatsevarlik kabi tarbiyaviy ahamiyati yuksak g‘oya asos qilib olingan. Bolalar e’tiborini tortadigan yorqin bo‘yoqlarda ishlangan dekoratsiya, yengil va harakatlantirishga qulay, eng muhimi, tasvirlanayotgan obrazga mos ravishdagi qo‘g‘irchoqlar vositasida tayyorlangan spektaklda aks etgan qiziqarli voqealar asosan to‘rt nafar personaj ishtirokida bo‘lib o‘tadi. Ushbu sahna asari syujeti bolalar bir-biriga nisbatan o‘zaro hurmatda bo‘lishi lozimligi, hamjihatlikda bamaslahat ish tutish har bir bola uchun g‘oyat muhim fazilat ekanligi mavzusi asosiga qurilgan.

Spektaklda o‘zini epchil va chaqqon deb biladigan, hammadan o‘zini ustun qo‘yadigan maqtanchoq Quyon barcha o‘rmon jonzotlariga Kirpivoyni yugurish musobaqasida yengib chiqaman deb, maqtanadi. Bundan xabar topgan Kirpivoy esa, yaxshi bir reja tuzishni ko‘ngliga tugib, bo‘lajak musobaqa to‘g‘risidagi xabarni Kirpioyga yetkazish paytida shunday deydi: “Kirpioy, yur, uyga kiraylik, senga aytadigan muhim gapim bor”. Shu bir og‘iz oddiy so‘z, yosh tomoshabin ongiga oiladagi gap-so‘zlarni chetga chiqarmaslik va ahillikni saqlash naqadar muhim ekanligi tushunchasini yetkazishda ahamiyatli sanaladi. Chunki har doim oilasidagilar bilan bamaslahat va ayni paytda, aql bilan ish tutadigan mehnatkash Kirpivoy hamda Kirpioylar bir-birlarini samimiy qo‘llab-quvvatlaganliklari tufayli maqtanchoq Quyonni musobaqada yengib chiqadi.

Teatr joriy repertuaridan mustahkam o‘rin olgan bu spektaklni har safar bolajonlar zerikmasdan, diqqati chalg‘imasdan maza qilib tomosha qiladilar. Darhaqiqat, oiladagi totuvlik va hamjihatlikni ko‘rib-tushunib ulg‘ayayotgan farzandlarimiz, albatta, kelajakda yetuk hamda barkamol bo‘lib yetishiga shubha yo‘q. Chunki yosh tomoshabinlar spektaklni tomosha qilish paytida o‘z oilasini, vatanini sevib-ardoqlash — chinakam farzandlik burchi ekanligi to‘g‘risida yorqin tasavvur hamda taassurot oladilar.

Zarifa MAMATOVA,

Viloyat Qo‘g‘irchoq teatriadabiy-badiiy bo‘limi mudiri

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Ehson

— Alo, Assalomu alaykum, bu ehsonchi akani telefonlarimi?— Vaaleykum...

Giyohvandlikka qarshi kurash masalalari muhokama qilindi

Giyohvandlik, psixotrop moddalarga ruju qo‘yish holatlariga afsuski, duch kelmoqdamiz....

MTTda o‘yin maydonchalari barpo etilmoqda

Bog‘cha bolajonlarning sevimli maskani. Do‘stlari bilan vaqtini mazmunli o‘tkazadigan,...

“Turon yoʻlbarslari” bellashishdi

Surxondaryo viloyatida joylashgan Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligi tizimidagi maktab...
KunTun
KunTun