Qish baribir qish-da, kunlar sovugandan sovugan, birinchi qor sevinchi ila ob-havoning injiqliklariga ham ancha ko‘nikib qoldik. Tashqarida qanday havo hukmron bo‘lishidan qat’i nazar kayfiyatlarimiz yuqori darajada. Sababi, barcha joyda bayram shukuhi hukmron. Bezatilgan archa, turli rangdagi yoritgichlar, zar-u sharlar har birimizni bolaga aylantirib, ertaklarga, mo‘jizalarga ishonishga undaydi.
Albatta, yil qanday kutib olinsa, yil davomida barchamizda ana shunday kayfiyat hukmron bo‘ladi degan farazlar bor. Shu maqsadda viloyatimiz bo‘ylab Yangi yil bayramini munosib kutib olishimiz uchun zarur tadorilik ko‘rilgan, ko‘rilayotir. Bu borada sal avval, viloyat hokimi U.Qosimov kerakli topshiriq va vazifalarni bergan edi. Xususan, viloyat rahbari Termiz shahrida viloyatning asosiy Yangi yil bayrami archasi o‘rnatilgan maydon, unda yaratilgan sharoitlar, yoritilish holati bilan ham tanishib, mutasaddilarga aholiga bayram kayfiyatini beruvchi dasturlar va dekoratsiyalarni yaratish vazifasi topshirilgandi.
Shundan so‘ng, vohadoshlarimiz ko‘rib, kuzatganlaridek, shahrimiz bayramona ko‘rinish kasb etdi. Bayram dekoratsiyalari o‘rnatilib, asosiy bayram bo‘ladigan nuqtalarda muhtasham archalar o‘rnatilib, o‘yinchoqlar, yoritgichlar bilan bezatildi. Qolaversa, Qorbobo va Qorqiz hamda ertak qahramonlari, shuningdek, kunlik namoyish etiladigan dasturlar ishlab chiqilgan. Viloyat hokimi berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishib, mutasaddilarga tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish, viloyatning barcha hududlarida, ko‘cha va xiyobonlar, jamoat joylarida bayram kayfiyatini ulashuvchi vositalarni joylashtirish taklifini berdi. Kech kirishi bilan shahrimiz qiyofasi o‘zgarib, Archa o‘rnatilgan maydonga kelgan kishi o‘zini ertaklar olamiga tushib qolgandek his etadi. Ajoyib bayram dasturlari, ertak qahramonlari-yu Qorbobo va Qorqizning ko‘rinish berishi esa kayfiyatimizga ko‘tarinkilik qo‘shadi.
Bayram bayramdek o‘tishi uchun uyimizda ham Yangi yilni munosib kutib olishimiz kerak. Bezatilgan dasturxon atrofida oila davrasida o‘tirish an’anasisiz esa bayram tugal bo‘lmaydi. Shunday ekan, qanday taom pishirish, shirinliklar va dasturxon bezatish lozim. Bu esa albatta, chiqimsiz bo‘lmaydi. Aholiga yengillik yaratish maqsadida esa allaqachon hududlarda arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etilgan. Voha ahlining bayram dasturxoni yanada to‘kin bo‘lishini ta’minlab, narx-navo keskin ortib ketishining oldini olishga xizmat qiladigan savdo yarmarkalarida oziq-ovqat deysizmi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xullas izlovingizga yarasha barchasi badastir.
Angor markaziy dehqon (oziq-ovqat) bozorida tashkil etilgan yarmarkada arzonlashtirilgan narxdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga keng o‘rin ajratilgan. Yarmarkada qo‘y go‘shti 90, mol go‘shti 70 ming so‘mdan savdoga chiqarilgan. Sarxil meva-poliz, dukkakli, sabzavot, sut, tuxum kabi mahsulotlar ham bozordagidan ancha-muncha arzon narxlarda taklif etilmoqda.
Boysunliklar ham o‘zlaridagi markaziy dehqon (oziq-ovqat) bozorida ish boshlagan savdo yarmarkasidan mamnun. U yerda ham xaridorlarga fermerlar, dehqon-u bog‘bonlar yetishtirgan shirin mevalar, sabzavot-poliz, asal, sut, tuxum, go‘sht, baliq singari ko‘plab turdagi oziq-ovqat mahsulotlari sifatli hamda arzon narxlarda taqdim etilayotir.
– Yarmarkadagi mahsulotlar bozordagisidan nisbatan arzon narxlarda sotilayotgani xaridorlarda qiziqish uyg‘otyapti, – deydi tuman hokimining axborot xizmati rahbari Yunus Xoliyorov. – Masalan, qo‘y go‘shtini 90 ming, mol go‘shtini 70 ming so‘mgacha, tuxumning donasini ming, olmaning eng sarasini besh ming so‘mdan xarid qilishmoqda. Guruch, asal, sut singari mahsulotlar, sitrus mevalar ham arzonlashtirilgan narxda savdoga chiqarilgan. Termiz shahri va boshqa tuman dehqon (oziq-ovqat) bozorlaridagi arzonlashtirilgan savdo yarmarkalaridan joy olgan mahsulotlar ham qish faslida narx-navo keskin oshishining oldini olishga xizmat qilayotir.
Darhaqiqat, bozoriga baraka inib, kayfiyatida ko‘tarinkilik zohir bo‘lgan vohaliklar Yangi yilni munosib qarshi olib, yilni ana shunday kayfiyatda o‘tkazishsa, ajab emas.