Yangi yilni odamlar yangi orzu-umidlar, yangicha tilaklar, katta-katta maqsadlar bilan kutib oladi. “Navro‘z” asli yangi yilning boshlanishi sifatida dillarga xushnudlik, xonadonlarga fayz-u baraka olib kelishiga har birimiz, shubhasizki ishonamiz. Ushbu bayramni boshqacha bir ko‘tarinki kayfiyatda kutib olishga intilamiz. Bahorning ilk oyi boshlanishi bilan bayramlar bayramlarga ulanib ketadi. Bayramlar durdonasi sifatida e’tirof etiladigani ham, qadriyatlar tarannumi jo bo‘lgan bayram ham ayni shu “Navro‘zi olam”dir.
Vohamizda ayni ayyom arafasida obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlariga e’tibor qaratilishi zamirida ham o‘ziga xos ezgulik mujassam. Bu yil ham voha bo‘ylab katta hashar uyushtirilib, unda yosh-u keksa birdek ishtirok etib, hududning obodonchiligiga, ko‘rkamligiga hissa qo‘shishga shaylandi. Sababi, obod va fayzli maskanga kuy-qo‘shiq, yallalar, bayram-u tomoshalar yarashadi, albatta. Viloyatimizning har bir hududida, jumladan, tuman markazlarida, xiyobon-u istirohat bog‘larida “Navro‘z” umumxalq bayrami sifatida keng nishonlandi.

Fasllar kelinchagi hisoblanmish bahorning o‘zgacha tarovatiga yanada zeb beruvchi “Navro‘z” ayyomida odamlar beixtiyor chuchmomadek chiroy ochib, boychechakdek “uyqudan uyg‘onadi”. Ishchanlik kayfiyati oshib, bobodehqon ham yerga urug‘ qadab, elga rizq tilaydi.
O‘z nomi bilan har yili 21-mart yangi kun yangi bir shukuhni boshlab keladigandek, qalblarda umid, yuraklarda ishonch uyg‘otgani uchun ham yosh-u qari birdek qir-adirlar, bog‘-u dashtlar tomon “Navro‘z” ayyomini ko‘tarinki kayfiyatda kutib olish va yil bo‘yi bayram tarovati bilan yashashga oshiqadi.
Viloyatning asosiy “Navro‘z” sayllari erta tongdan Termiz shahrining At-Termiziy shoh ko‘chasi bo‘ylab karnay-surnay sadolari ostida rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Bu yilgi bayram dasturidan joy olgan ko‘plab madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar “San’at saroyi” hududida belgilangan rejaga muvofiq boshlandi. Bayram dasturidan asosan, har bir hududning xususiyatlari, qadriyatlari, an’analarini aks ettiruvchi ko‘rgazmalari, sahnalashtirilgan badiiy chiqishlari hamda hunarmandlar va milliy taomlar, milliy hunarmandchilik ko‘rgazmalari namoyishi, viloyat musiqali drama va qo‘g‘irchoq teatrlari tomoshalari, maqom ansambli, filarmoniya va “O‘zbekkonsert” estrada xonandalarining konsert dasturlari namoyishi shuningdek, dorbozlik tomoshalari, “Bahodirlar o‘yini”-yu milliy kurash musobaqalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Qolaversa, yangidan barpo etilgan Vatanparvar bog‘ida esa harbiy orkestrlar, bolalar musiqa va san’at maktablari iqtidorli o‘quvchilarining konsert dasturlari namoyishari ham bo‘lib o‘tmoqda.
Termiz shahridagi “Sanʼat saroyi”da “Olam nurga toʻlsin sen bilan, Navroʻz” shiori ostida oʻtkazilayotgan bayram saylida vohamizning qadim qadriyatlarini oʻzida mujassam etgan hunarmandchilik buyumlari namoyishi ham bayram shukuhini yanada oshirmoqda.
Saylda viloyatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 200 nafardan ortiq hunarmandlar 30 turdagi hunarmandchilik buyumlari bilan ishtirok etishmoqda.
Namoyishga qo‘yilgan har bir hunarmandchilik mahsuloti kishini beixtiyor moziyga, qadim-qadriyatlar tomonga yetaklayotganday tuyulaveradi.
Sayilda kattaligi 110 kvadrat metr keladigan so‘zanadan tortib, 25 metrli qo‘lda to‘qilgan gilam, 3 metr keladigan qadimiy xasaman munchog‘i, shuningdek, naq 33 metr keladigan quroq singari qadimiy hunarmandchilik mahsulotlari “Navro‘z” tomoshalarini ixtiyor etgan kishilarni-da xushnud etmoqda.
“San’at saroyi”ning oldi tomonida viloyatimizning har bir tumanlari uchun alohida maydonlar ajratilgan bo‘lib, shahar va tumanlardan tashrif buyurgan tashkilotchilar, o‘zlariga ajratilgan pavilyonlarda o‘ziga xos qo‘rg‘onlar bunyod etganki, ko‘rgan kishining ko‘zi quvnab, misoli bir zumda voha bo‘ylab, uning qadimiy urf-odat, an’ana-yu osori-atiqalarini jonli misolda ko‘rgandek bo‘laveradi. Dastlab “Navro‘z” sayliga tashrif buyurganlarni “San’at saroyi” tomon kiraverishda purviqor tog‘lari, mehmondo‘st odamlari, o‘zining “Alpomish” va “Barchinoyi” bilan ot ustida savlat to‘kkancha Boysunga chorlayotgandek yasatilgan Boysun tumani qo‘rg‘oni qarshi oladi.
Boysun qo‘rg‘oni bu yil boshqacha bir tayyorgarlik bilan bunyod etilgan. Tuman uchun ajratilgan hududda yasatilgan qo‘rg‘on to‘rt bo‘lakka bo‘lingan. Qo‘rg‘onning qoq markazida qadimiy loysuvoq tom qad rostlagan bo‘lsa, uning yon tomonlarini to‘rtta qishloq o‘rab turgandek.
Ming yillik chinori bilan mashhur Sayrob qishlog‘i maketi yasalgan. Chinor kovagida qadimdan kichik maktab va kutubxona bo‘lgan, ayni paytda ham ushbu chinor kovagi 20 dan ortiq o‘quvchini bag‘riga sig‘dirgudek ta’lim maskaniga aylangan. Qo‘rg‘onda ana shu jihatlari ko‘rsatib berilgani tashrif buyuruvchi mehmonlarning diqqatini tortayotgani ham bor gap.

Ikkinchi tomonda esa Machay qishlog‘ining maketi hozirlangan. Ushbu hududdan qadimiy neandertal odamning suyaklari topilgan. Bu Boysunning naqadar qadimiy va navqiron o‘lka ekanligini, qolaversa, Boysunga Yunesko tomonidan 2022-yilda turizm tumani maqomi berilganini dalillab turgandek. Shuning uchun ham bu yilgi “Navro‘z” umumxalq bayram sayllarida tumanning qadimiyligini, ayni shu diqqatga sazovor, tarixiy joylarining maketlari qo‘rg‘onda mujassamligi ko‘plab mehmonlarni jalb qilmoqda.
Boysun qo‘rg‘oniga kelgan tomoshabinlarga manzur bo‘layotgan yana bir jihat Omonxona qishlog‘ini eslatuvchi sharsharaning maketi shu yerning o‘zida bunyod etilganidir. Dardlarga darmon bo‘ladigan shifobaxsh suvlaridan ham olib kelinganki, undan tashrif buyuruvchilarning iste’mol qilishiga imkoniyat yaratilgani ham mehmonlarda boshqacha bir taassurot uyg‘otmoqda. Qo‘rg‘onning to‘rtinchi burchida Darband qishlog‘i o‘rin olgan va mashhur Uzundara shu yerning o‘zida qad rostlagandek go‘yo.

Ushbu qo‘rg‘ondan chiqib, milliy va o‘ziga xosligini namoyish etishga chog‘lanayotgan Termiz shahri pavilyoniga yuzlanasiz. Bu yerda ham milliy liboslarda yasangan momolar-u qiz-juvonlar laparlar-u o‘lanlarni, kelin salomdan tortib, allagacha ijro etishmoqda, har tomonda shaharning qadimiy qiyofasini esga soluvchi milliy buyumlar, ko‘rgazmali vositalarni bir-bir ko‘rmay o‘tolmaysiz.
Mazkur sayilda har bir hududning o‘ziga xos xususiyati, qadriyatlari, an’analarini aks ettiruvchi ko‘rgazmalari, sahnalashtirilgan badiiy chiqishlari hamda hunarmandchilik buyumlari, yuzlab milliy taomlari ko‘rgazmalari “Navro‘z” sayliga tashrif buyurgan mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otayotganini odamlarning yuz-ko‘zidagi quvonchdan anglash qiyin emas, albatta.
“San’at saroyi” ayni ayyom kuni qadimiy va navqiron, boy an’analarini o‘zida mujassam etgan vohani bag‘riga olgandek, har tomonda kuy-qo‘shiqlar, milliy o‘yinlar-u sayllar, folklor jamoalarning chiqishlari, mehmonlarga xush kayfiyat ulashdi, desak mubolag‘a bo‘lmas.
Maydonning o‘rtasida asosiy bayram tantanalari uchun alohida joy hozirlangan bo‘lib, kuy-qo‘shiq va yallalar, qo‘g‘irchoq teatri jamoasining chiqishlari, folklor- etnografik dastalarning ijodiy ishlari ushbu sahnada namoyish etilmoqda.

Sangardak sharsharasini eslatuvchi o‘ziga xos maket qo‘rg‘onning to‘rini bezab turgan navbatdagi pavilyon Sariosiyo tumani mutasaddilari tomonidan tashkil etilgan. Milliy udumlari, kelin-salom-u mehmon kutish kabi qadriyatlarini ko‘z-ko‘z etib turgan milliy libosdagi momolarning yuzidagi quvonch, yoshlarning sho‘x yallalarga raqs tushishlarini ko‘rib, siz ham beixtiyor tebranishga tushishingiz aniq. Milliy urf-odatlarni o‘zida mujassam etgan o‘tovlar ham sizga manzur bo‘lmasdan qolmaydi. Qo‘l mehnati ila yaratilgan hunarmandchilik buyumlari bu yil har yilgidanda boshqacha mehr va e’tibor bilan tayyorlangan.
Sariosiyo qo‘rg‘oniga qadimlikni baxshida etib turgan narsa ham bir burchakda tashkil etilgan muzey ekaniga hech shubha yo‘q. Unda namoyishga qo‘yilgan qadimiy buyumlar ko‘rgan kishida ajib tasavvur uyg‘otmoqda deb bemalol ayta olamiz.
Mashhur anorlari, tuz koni-yu, ko‘shk-ayvonlari o‘ziga chorlab turgandek yasatilgan yana bir qo‘rg‘on Sherobod tumani bo‘ldi. Har galgidek, “Chechalar” xalq havaskorlik ansambli davraning to‘rida o‘z chiqishlari bilan mehmonlarga manzur bo‘lmoqda.
Sheroboddan qolishmaymiz, bizda ham milliy osori-atiqalar, mo‘jazgina ko‘shklar, milliy udum va an’analar bor, deya mehmonlarga yuzlanayotgan pavilyon — bu shubhasiz Oltinsoy tumani mutasaddilari tomonidan tashkil etilgan qo‘rg‘ondir.

- “Navro‘z”ga oilamiz bilan keldik, — deydi termizlik Muslima aya Muhiddinova. — Yoshim keksayib qolgan bo‘lsa-da, “Navro‘z”ni o‘tkazib yuborishga ko‘zim qiymaydi. O‘zim ham hunarmand bo‘lganim uchun o‘zimga o‘xshagan milliy qadriyatlarni qadrlab hunarmandchiligini davom ettirib kelayotgan momolarimiz bilan suhbatga tutinaman, faoliyatidagi yangiliklar bilan tanishaman. Bir-birimizga omonlik tilab, har yili ushbu bayramda birga shod-u xurramlik qilishni niyat qilamiz. Qadriyatlarni qadrlagan yurtning kelajagi barqaror. Bunday bayramlar orqali yoshlarni vatanparvarlik hamda milliyligimizga muhabbat ruhida tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etadi. Zamonaviylashib ketayotgan ayrim yoshlarimiz milliyligimizni, qadimiy urf-odat, an’analarimizni, osori-atiqalarimizni bilishi, o‘rganishi kerak-da. “Navro‘z” esa bunga imkoniyat yaratib berayotir.
Yo‘qolib borayotgan qadriyatlarimiz, milliy va qadimiy buyumlarimizni asosan muzeyda ko‘rishga odatlangan bo‘lsak-da, har yili “Navro‘z”da urf-odat va an’analarimiz bo‘y ko‘rsatadi. Bu ham yoshlar uchun aslida bir tarbiyaviy bayram. Milliyligimizga hurmat shakllanadi, qadimiy va boy tariximizga yanayam mehri oshadi.
Adolat MO‘MINOVA