Konstitutsiya davlat va xalq taqdirini belgilab beradigan eng muhim qonun hujjatidir. Shu bois ham yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining mazmun-mohiyatini, unda o‘z aksini topayotgan yangilik va o‘zgarishlarni aholiga keng tushuntirish bo‘yicha targ‘ibot ishlari qizg‘in ravishda olib borish har birimizning vazifamizga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi jamiyatimizning evolyusion rivojlanishidan kelib chiqayotgan hayotiy zaruratdir. Konstitutsiyaviy islohotlar mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olish uchun g‘oyat ahamiyatli masala, adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi ulkan qadamdir.
“Surxon tongi” va “Zarya Surxana” gazetalari tahririyatida Surxondaryo viloyati Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi tizimidagi jamoalarda Yangilanayotgan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini tushuntirish bo‘yicha targ‘ibot tadbiri reja-jadvali yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda tahririyat xodimlari ishtirok etdi.
Tahririyat xodimi, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarga masʼul X. Tog‘aymurodov Yangilanayotgan Konstitutsiya hamda 2023-yil 30-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendum haqida maʼruza qildi:
— Xabaringiz bor, Ommaviy axborot vositalari orqali “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonun loyihasi matni eʼlon qilingan. Bugungi kunda respublikamizning barcha go‘shalarida ushbu tadbir munosabati bilan targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Konstitutsiyaviy qonun loyihasida amaldagi Konstitutsiyaga 27 ta yangi moddalar kiritilib, moddalar sonini 128 tadan 155 taga oshirilgan. Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha referendum shu yilning 30-aprel kuni o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi konstitutsiyasi ijtimoiy adolat, erkinlik va tenglik tushunchalari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, inson va davlatning huquqiy holatini belgilashda inson huquqlari ustuvorligi, davlat bilan fuqaroning o‘zaro siyosiy-huquqiy masʼulligi prinsiplariga asoslanuvchi tamomila yangi konsepsiyaga tayangan va unda ilk bor inson huquqlari kategoriyasi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yilgan.
Yangilanayotgan Bosh Qomusimizning Ommaviy axborot vositalari haqidagi XV bob, 81 moddasida:
“Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ish olib boradilar.
Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborot izlash; olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi.
Ommaviy axborot vositalari o‘zi taqdim etadigan axborotning ishonchliligi uchun javobgardir”, deyilsa, 82-moddada:
“Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi”, deyiladi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, amaldagi Konstitutsiyaning XV bob, 67-moddasida: “Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar.
Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi”, deyilgan. Yangi loyihada esa yana bitta modda qo‘shilib, mazmunan boyitilgan.
Yig‘ilishda tahririyat xodimlari ham so‘zga chiqib, yurtimizda Ommaviy axborot vositalari sohasida bo‘layotgan o‘zgarishlarga hamohang Yangilanayotgan Konstitutsiyamizdagi ijobiy o‘zgarishlar, yangi imkoniyatlar, bu borada Konstitutsiyaviy qonun loyihasi xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Yig‘ilishda so‘zlagan muxbir S. Allayeva hamda D. Egamberdiyevalar yangilanayotgan konstitutsiya bilan bog‘liq o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Qizg‘in muhokamalar jarayonida paydo bo‘lgan yangi fikr va g‘oyalarni jurnalist xodimlar o‘z ijodlari orqali gazeta sahifalarida turli xil qiziqarli maqolalar berib borish bo‘yicha qiziqish bildirishdi.
Surxontongi.uz