Huquq va majburiyatlarimiz haqida yetarlicha ma’lumotga egamiz. Birovning mulkiga ko‘z olaytirish, tortib olish jinoyat. Shu joyda kimningdir huquqlari poymol bo‘lishi turgan gap. Ana shunday ma’muriy huquqbuzarliklar, o‘g‘rilik jinoyati uchun ham qonunchilikda jazo muqarrar. Xolbuki, elektr energiyasi, gaz ta’minoti, suv davlatniki, undan foydalanganimiz uchun ma’lum bir belgilangan miqdorda haq to‘laymiz. Ba’zan gaz yoki elektr tarmoqlarga noqonuniy yo‘llar bilan ulanib olib, o‘zimizcha yengillik yaratmoqchi bo‘lamiz. Aslida esa bu ham o‘g‘rilik. Ana shunday huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida Qonun (O‘RQ–822-son, 13.03.2023 y.) bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr energiyasini, tabiiy gazni, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish yo‘li bilan talon-toroj qilish o‘g‘rilik deb belgilandi hamda mazkur huquqbuzarlik uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.
Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra ushbu huquqbuzarlikni oz miqdorda sodir etgan shaxslarga BHMнинг 10 baravaridan 20 baravarigacha (3 mln so‘mdan 6 mln so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olish kabi maʼmuriy jazo choralari qo‘llanilishi mumkin.
Manbalar asosida H.Baxtiyorova tayyorladi