Qo‘shiqlarida yashaydi…

Date:

Orzular sarhad bilmaydi. Ba’zan esa nuqsonlarimiz, kemtiklarimiz sabab o‘zimizni chetga olishga, odamlardan qochishga urinamiz. Bu xato ekanini yosh qalbimiz ila balki anglay olmasmiz, ammo hayotni anglashga, ba’zi haqiqatlarni tushunishga o‘qish-o‘rganishlarimiz, mutolaa, san’at yordam bergandek bo‘ladi. Dunyoqarashimizda o‘zgarish bo‘lar ekan, mushohadalarimiz teranlashadi. 14 yoshli Sabrinada ham xuddi shunday bo‘ldi. Sabrina avvaliga nuqsoni sabab o‘zini atrofdagilardan olib qochdi. Do‘stlashishdan, do‘stlaridan pand yeyishdan qo‘rqdi. Ana shunday paytda eng yaqin do‘sti kitob bo‘ldi. Badiiy adabiyotlar o‘qidi, o‘qiyverdi. Goh quvonib, gohida esa asar qahramonlariga qo‘shilib qayg‘uga botib o‘qidi, yig‘ladi ham.
Opasi Aziza esa singlisining orzulariga qanot bo‘la oldi. Sabrina ba’zan tushkunlikka tushsa, musiqa qo‘yib, birgalikda tinglashdi. Ohangga quloq tutishdi. San’atga oshno bo‘lishdi. Ha, Sabrina shu tariqa ajoyib bir olam yaratdi va o‘sha olamda yashashni boshladi. Tinglaganlari qalbidan joy olib, tiliga o‘rnashdi. So‘ng qo‘shilib xirgoyi qilardi. O‘smir qizning esa ovozi shirali, qandaydir dardli. Sabrina qo‘shiq aytsa, butun dunyoni unutadi. Aytayotgan qo‘shiqlarida yashay boshlaydi. Qo‘shiq satrlarining dardini o‘ziniki qilib oladi-da, o‘sha og‘riqlar ila kuylaydi. Shundanmi, uning muxlislari — yaqinlari, maktabdoshlari, ustoz va murabbiylari… va yana kimki tinglasa, barcha.
Sabrina Ro‘ziqulova Sho‘rchi tumanidagi 125-sonli “Nurli maskan” maktab internatida tahsil olib kelayotir. U shu dargohda o‘qish va san’atni parallel ravishda olib bormoqda. Maktabda qandaydir tadbir yoki kecha tashkil etildimi, albatta, Sabrinaga navbat beriladi. Uning shirali ovozi, ajib qo‘shiqlarisiz hech bir bayram tadbiri o‘tmaydi. Bu esa Sabrinani yanada ruhlantiradi, o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshiradi.
Sabrina kamgap, kamsuqum va tortinchoq qiz. Qo‘shiq aytayotganda esa Sabrina tamoman o‘zga insonga aylanadi. Ayniqsa, uning ijrosidagi “Bir kam dunyo…” serialidagi saundtreki va milliy “Mustahzod”, “Mastonalar” qo‘shig‘ini tinglasangiz, beixtiyor o‘smir qizning muxlisiga aylanasiz. Yana va yana tinglagingiz, iste’dod sohibasining mahorati va ovoziga tasanno aytingiz keladi.
— San’at insonni kamolotga yetkazar ekan, — deydi Sabrina Ro‘ziqulova. — O‘zingizga bo‘lgan ishonchni oshirib, qo‘rquvlaringizni yengadi. U menga mana shunday kuch berdi. Orzu qilishni, o‘z oldimga maqsadlar qo‘yishni o‘rgatdi. Vatanparvar inson sifatida shakllanishimga turtki bo‘ldi. Men bundan baxtiyorman.
Bayram kunlari va ta’tilni intiqlik bilan kutadigan Sabrina uyiga shoshadi. Sababi u ota-onasini, oilasi va yaqinlarini juda sog‘ingan. To‘g‘ri, maktab-internatini juda yaxshi ko‘radi, ustozlarini qadrlaydi. Ammo, nima bo‘lganda ham oila davrasiga talpinadigan qahramonimiz boshqacha yashashni bilmaydi. Kelajakda kim bo‘lishidan, qaysi kasb-u korni egallashidan qat’iy nazar kuylashni tashlamaydi. Unutmaydi. U kuylayveradi, kuylayveradi…


S.Murodova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“UY”INI TOPOLMAYOTGAN GAPLARyoxud ijtimoiy tarmoqlar tarbiyasidagi oilalar

Bugungi kunda oilalardagi notinchlik, ajrimlar sonining ko‘payishi nafaqat individual...

EGASIDA QOLGAN SOVG‘A

YAPONIYANING POYTAXTDAN UNCHA UZOQ BO‘LMAGAN BIR QISHLOG‘IDA KEKSA SAMURAY...

Kichik mehmonxonalar qurish va jihozlash uchun subsidiya ajratiladi

Hukumat qarori bilan tuman va shaharlarda kichik mehmonxonalar qurish...

Mamontlar qaytadimi?

AQShda 2028-yilda mamontlarni qayta dunyoga keltirishmoqchi. Mamontchaning tug‘ilishi uchun...
KunTun
KunTun