UTT shifokorlari malaka oshirdi

Date:

Farzand oila davomchisi, undan katta umid bog‘lagan ota-ona esa bu ne’matning to‘rt muchasi sog‘, barkomol bo‘lib dunyoga kelishini, unib-o‘sishini istaydi. Jismonan sog‘lom, aqlan salohiyatli farzandlargina yurt kelajagi uchun kamarbasta insonlar bo‘lib yetishadi. Demak, dunyoga kelajak har bir bolaning so‘g‘ligi, ta’lim-tarbiyasi, shaxs sifatida kamol topishi muhim ahamiyatga ega. Yurtimizda amalga oshirilayotgan har bir islohot esa inson uchun, uning manfaatlari uchun xizmat qiladi. Buni tibbiyot sohasida ham ko‘rish mumkin. Aholi salomatligini ta’minlash, kasalliklarni erta aniqlash va oldini olish, kerakli davo choralarini ko‘rish maqsadida tibbiyot sohasidagi bor imkoniyatlar ishga solinayotgani negizida ham ayni shu ma’no mujassam. Farzandlarimizning hali dunyoga kelmasidanoq uning sog‘lom rivojlanayotganini bilish imkoni bor. Mavjud kasalliklar ham barvaqt aniqlanib, kerakli choralar ko‘rilayotgani kasallikni avj oldirib, davo choralari uchun yugur-yugur qilgandan, asoratidan aziyat chekkandan yaxshiroq. Bu yo‘lda eng so‘nggi rusumdagi tibbiy texnika va texnologiyalar, tajribali mutaxassislar yordamiga tayanilmoqda. Faoliyat yuritguvchi tibbiyot xodimlarining muntazam ravishda o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha malaka oshirish ishlari tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgani, sohadagi yangiliklar, texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha kerakli bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lib borishayotganini ham katta yutuq sifatida e’tirof etish mumkin.

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya  ilmiy amaliy markazi xodimlari tomonidan  travmatologiya va ortopediya yo‘nalishida viloyatlararo ish olib borish keng miqyosda yo‘lga qo‘yilgan.  Markazning 78 nafar xodimidan iborat 13 ta guruh tashkil etilib,  yil davomida har hafta viloyatlar markazlarida  va tumanlarida  chuqurlashtirilgan diagnostika va zamonaviy davolash ishlari  olib borilayotir. Ana shunday malaka oshirish kurslari Surxondaryo viloyatida ham tashkil etildi. Denov tumanida joylashgan Ko‘p tarmoqli klinikasida “Chanoq-son bo‘g‘imi displaziyasini ultratovush yordamida tashxislash” mavzusida sayyor sikl o‘quv kursi o‘tkazildi. Darslar leksiya, seminar va amaliyot variantlarida o‘tkazildi. Klinikada hamda  16-son oilaviy poliklinikasida bolalar ortoped ko‘riklaridan o‘tkazildi. Ultratovush yordamida diagnostika qilindi. Davolash yuzasidan maslahatlar berildi. 

Aytish kerakki, hozirgi kunda bolalarda son tug‘ma chiqishi va displaziyasi eng ko‘p uchraydigan holat. Shu sababli birlamchi tizimda bolalarda son tug‘ma chiqishi va displaziyasini erta aniqlash va erta davolash tizimini jorish etish lozim. Bunda, albatta, ultratovush yordamida aniqlash bezazar usul hisoblanadi. Viloyatlar ko‘p tarmoqli klinikalari va tumanlar markaziy poliklinikalarida ultratovush apparati bilan ishlay oladigan mutaxassislarning yordami katta.

—Bolalarda chanoq-son bo‘g‘imi displaziyasi, tug‘ma maymoqlik, bo‘yin qiyshiqligi, ko‘krak qafasi deformatsiyalari, umurtqa pog‘onasining tug‘ma  va orttirilgan qiyshikliqlari bo‘yicha takomillashtirilgan davolash usullari va diagnostikasi tadbiq qilinmoqda, — deydi o‘z ma’ruzalarida markazning rentgen diagnostika bo‘limi rahbari, professor Umida Rustamova. — Respublikamizda bolalarda chanoq-son bo‘g‘imi displaziyasi va son suyagini tug‘ma chiqishi endemik zona hisoblanadi, shu jihatdan ushbu  masala muhim va dolzarbdir. Chanoq-son bo‘g‘imi displaziyasini erta davrda tashxislashning yo‘lga qo‘yilishi operativ davolashni keskin kamayishiga, kelajakda displastik koksartrozlar sonini, nogironlik darajasini kamaytirishga olib keladi. Bu borada professor M. Irismetov, professor A.Djurayevlar boshchiligida qator tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda, natijada esa oxirgi yillarda son suyagi tug‘ma chiqishlarining keskin kamayishiga erishildi.

O‘quv mashg‘ulotlari davomida chanoq-son  displaziyasi, uni aniqlash, tekshirish, tashxislash va davo choralari, qolaversa, suyaklarda uchraydigan osteoporoz va osteopeniya holatlari, ushbu holatlarda birga kechadigan vitamin D yetishmovchiligi haqidagi maʼlumotlar berildi.

—      Displaziya kelib chiqishida bir necha omillar ishtirok etadi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya  ilmiy-amaliy markazi katta ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari doktori Esondavlat Shukurov. — Nasliy omil, ya’ni ota-onalarida ham chanoq sohasi bilan bog‘liq bo‘lgan tug‘ma patologiyalar bo‘lishi kasallikka moyillikni 10 marotabagacha oshirib yuboradi. Bundan tashqari tug‘ruq vaqtida homilaning chanoq bilan kelishi yoki homiladorlik vaqtida toksikoz, turli preparatlar qabul qilish, homilaning kattaligi, homila suyuqligining kamligi va boshqa sabablar displaziyaga olib kelishi mumkin.

Maxsus dastur bo‘yicha malaka oshirgan va kursni muvaffaqiyatli yakunlagan 10 nafar tinglovchiga malaka oshirganligi haqidagi sertifikatlar topshirildi.

Sayyora ALLAYEVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Tadbirkor qizlar” biznes marafoni start oldi

Xotin-qizlarni biznesga qiziqtirish, jamiyatda o‘z o‘rnini topishlari uchun yetarlicha...

Yangi imkoniyatlar…

Surxondaryo viloyatida nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati jamiyat hayotining deyarli...

Surxondaryo delegatsiyasi Tojikistonda

Yurtimiz Mustaqilligining 33 yillik shodiyonalari hali tugagagni yo‘q. xalqimiz...

«Qo‘mondonlik kubogi» musobaqasida

Sport birdamlikka, sport jismoniy chiniqish-u muvaffaqiyatga boshlaydi. Yoshlarimizni sportga...
KunTun
KunTun