Yoshlar erishayotgan yutuqlarni kuzata turib, beixtiyor ular bilan faxrlanamiz. Ilm-fan deymizmi, til o‘rganish, sport, san’at kabi barcha sohalarda o‘z iqtidorlarini namoyon etayotgan yoshlar ertangi kun taqdirimizda katta burilishlar qila oladi. Davlatni har tomonlama rivojlantirib, dunyoga yuz tutishiga xizmat qiladi. Bu balandparvoz gaplar bo‘lishi mumkin, ammo vaqt kelib aytganlarimiz amalda o‘z isbotini, albatta, ko‘rsatajak.
Sariosiyo tumanidagi 1-sonli AFCHO‘I maktabining 10-sinf o‘quvchisi Ramziddin Ahmadov ana shunday yoshlardan. U matematika fanidan respublika fan olimpiadasida III o‘rinni qo‘lga kiritib, keyingi bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Xitoy davlati mezbonligida o‘tgan AIMO-2022 xalqaro olimpiadasida bronza medali bilan taqdirlangani eshitgan quloqni quvontiradi. Ramziddin bu muvaffaqiyati bilan muddatidan oldin Toshkent kimyo-texnologiya instituti hamda Toshkent PDP universitetlariga grant asosida o‘qishga kirish imkoniga ega bo‘ldi.
Qiziriq tumanidagi 36-sonli umumtaʼlim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Sarvara Pardayeva esa aslo Ramziddindan qolishmaydi. U ham iqtidorli va izlanuvchan yosh. Qisqa muddat ichida ingliz tilini o‘rganib, IELTS imtihonida ishtirok etdi. Imtihonda ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha 6,5 ballik natijaga erishib, V2 darajadagi sertifikatni qo‘lga kiritdi. U bu bilan kifoyalanmadi, bilimlarini sinab ko’rdi va Yaponiyaning xalqaro universiteti (International University of Japan)ga o‘qishga kirdi. Mana shunday iqtidorli va tinib tinchimas yoshlar tengdoshlariga eng yaxshi ibrat va namuna bo‘la olishadi.
H.Baxtiyorova