Tadbirkorlik faoliyatini boshlash yoki davom ettirish maqsadida har yili milliardlab subsidiya mablag‘lari ajratilishi belgilab berilgan. Bu bilan tadbirkorlik subyektlari o‘z yo‘nalishida yangi bosqichni boshlashlari va yangi ish o‘rinlari yaratishi lozim. Afsuski, yo‘naltirilgan mablag‘lar har doim ham ko‘zlagan maqsadda ishlatilmaydi yoki muvaffaqiyatsizlikka uchrashi ham hech gap emas. Ammo, aniq maqsad va loyiha bo‘lar ekan, bu bo‘yicha izchillik bilan ishlar olib borilar ekan, nega endi foyda keltirmasligi kerak? Tadbirkorlar unutmasliklari lozimki, yo‘naltirilgan bir so‘mning ham izi surishtiriladi va natijalar sarhisob qilinadi. Albatta, ajratiladigan subsidiya mablag‘larini o‘zimiz va o‘zgalarga foydasi tegadigan maqsadlarga yo‘naltirishimiz shart va zarur.
Viloyat rahbari joriy yilning 30-yanvar kuni Angor tumanida bo‘lib, “Angor Baraka Savdo” kompleksi binosida 10 milliard so‘mlik subsidiya mablag‘lari asosida “Nazokat milliy mahsulotlari” IChK tomonidan milliy “Hunarmandchilik” markazini tashkil etish loyihasi taqdimoti bilan tanishgan edi.
O‘tgan qisqa fursatda bu bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirildi. Jarayon qanday ketmoqda? Mana shunday savollarga javob topish maqsadida Surxondaryo viloyat hokimi ushbu loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. Ayollar bandligini ta’minlash uchun davlat tomonidan ajratilayotgan 10 milliard so‘m mablag‘ evaziga amalga oshirilayotgan mazkur loyiha doirasida xaridorgir hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Ayollar kasanachilik orqali band qilinib, doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘lishadi.
Mas’ullarga loyihani sifatli amalga oshirish, ajratilgan subsidiya mablag‘laridan maqsadli foydalangan holda xotin-qizlar bandligini ta’minlash uchun belgilangan aniq maqsadlarga erishish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
H.Baxtiyorova