Tibbiyot sohasida mutaxassislarning yetishmasligi sababli ham Surxondaryo viloyatida Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiali o‘z faoliyatini boshlagan edi. Filialga talaba-yoshlarga o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha bilimlar berilib, amaliyot bilan uzviy ravishda olib borilayotganidan xabarimiz bor. Albatta, tibbiyot sohasida yurtimizning qaysi oliygohida tahsil olishidan qat’iy nazar voha yoshlaridan umidimiz katta. Ular viloyatning tibbiyot sohasida o‘z bilim va mahoratlarini ko‘rsatgan holda ish boshlashlari, mutaxassislikka bo‘lgan ehtiyojni qondirishlari lozim. Shu maqsadda Termiz shahar hokimi O‘ktam To‘rayev Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiali, Toshkent va Samarqand shaharlaridagi tibbiyot oliygohlarining bitiruvchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv samimiy ruhda o‘tkazilib, shahar rahbari va yoshlar ochiq muloqot qildilar. Bitiruvchilarning muammolari, taklif va tashabbuslari tinglandi. Talabalarning uy-joy, maʼlum bir soha mutaxassisliklari bo‘yicha xorijiy davlatlarda oylik o‘quv kurslarida o‘qish va boshqa masalalardagi bildirgan fikrlari qo‘llab-quvvatlandi. Barcha murojaatlarni ijobiy hal etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Aytish kerakki, joriy yilda Termiz shahar yoshlaridan 84 nafar talaba oliy tibbiyot akademiyalarini bitiruvchi kurslarida tahsil olmoqda. Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filialida 36 nafar, Toshkent va Samarqand shaharlarida 48 nafar bitiruvchi kurs talabalari hozirgi kunda shahar Tibbiyot birlashmasiga qarashli oilaviy poliklinikalarda ish bilan band.
H.Kamolova