Yil yakuniga qadar 70 foizga yetkaziladi… mi?

Date:

Yoshi ulug‘lar yaxshi eslashadi. Ularning zamonida shiypon bog‘cha bo‘lgan xolos. Ayollar dala ishlari bilan band bo‘lganda dala yaqinidagi shiypon joyda bolalari qarab turilgan. Kunning issig‘ida, shiypon soyasida o‘tirishni bir tasavvur qilaylik. Yetmaganiga mehnatkash ayollarning navbat bilan bolalarga enagalik qilganini aytmaysizmi?

Hozirchi? Hozir ahvol tamomila o‘zgargan. Viloyatimizning chekka-chekka hududlariga-da, shaharnikidan qolishmaydigan bog‘chalar barpo etilib, farzandlarimiz uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo, o‘z ishining mutaxassislari bo‘lgan tarbiyachi-pedagoglardan ta’lim-tarbiya olishayotir.

Yosh avlodning taqdiri, kelajagi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bir tasavvur qilaylik, bog‘chaga borgan bola bilan bormagan bola maktabga borsa, ular o‘rtasida qanchalar tafovut bo‘ladi. Bog‘chaga bormagan bola ko‘p narsalarni, bilimlarni boy bergan bo‘ladi. Bog‘chaga borgan esa bilimini yanada boyitib, dunyoqarashi o‘sishda davom etaveradi. Shu sababdan ham maqsad bitta – barcha bolaning bog‘chaga borishini ta’minlash, buning uchun yetarli shart-sharoit yaratish. Bu borada esa yurtimizda tizimli ishlar amalga oshirilayotir. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-maydagi 245-sonli qarori bo‘yicha Surxondaryo viloyatida 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining ijrosini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan. Ushbu dasturning 54-bandida esa maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar qamrovini 70 foizga yetkazish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan. Bu bo‘yicha Surxondaryo viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda joriy yilning shu davriga qadar e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi.

“Yuksalish” ummummilliy harakati viloyat hududiy bo‘linmasi tomonidan tashkil etilgan jamoatchilik eshittiruvida viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Shohida Xolliyeva tomonidan maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar qamrovini 70 foizga yetkazish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berildi. Aytish kerakki, ayni paytda viloyatda maktabgacha bolalar qamrovi 56,6 foizni tashkil etayotir, boshqarma boshlig‘i yil yakuniga qadar qamrovni 70 foizga yetkazishini ishonch bilan aytib o‘tdi.

–        Surxondaryo viloyatida 2 398 ta davlat, nodavlat, oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud, – deydi Sh.Xolliyeva. – Joriy yilda 77 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti ochilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda esa 68 tasida qurilish, ta’mirlash, pardozlash ishlari bitkazilib, yumshoq va qattiq mebellar bilan jihozlanyapti. Muassasalar internet tarmog‘iga ulanib, foydalanishga topshirilgach, 1040 nafar bola bog‘chaga qamrab olinadi. Qolaversa, MTT ochish bo‘yicha 19 ta bitim imzolangan bo‘lib, 3 ta xususiy, 16 ta davlat bilan sheriklik asosida bog‘cha ochish ishlari boshlab yuborilgan.

Aytish kerakki, tog‘li va olis hududlarda bog‘cha ochish, qurilish ishlarini amalga oshirish birmuncha murakkab jarayon. Shunday paytda sendvich panelli bog‘chalar qurish eng yaxshi amaliyot vazifasini o‘tayapti. Mobil bog‘chalar esa o‘zini oqladi. Shu sababdan ham viloyatda yana 5 ta mobil bog‘cha tashkil etish rejalashtirilgan.

Ertangi kun egalari asosiy vaqtini bog‘chada o‘tkazar ekan, ular bilan shug‘ullanuvchi tarbiyachilar mutaxassislikka ega, bolaga kerakli bilim va ko‘nikmani bera oladigan, pedagogik metodlardan mohirona foydalana olishi kerak. Tizimda ana shunday mutaxassislarni jalb qilish, mavjudlarini mutaxassislikka o‘qitish ishlari ham parallel ravishda ketmoqda. Tarbiyachi bolani ovqatlantirib, uxlatish, enagalik qilish uchun bog‘chaga bormayotganini bilgan holda ishga yondashilsa, ko‘zlangan maqsadga erishish oson kechadi. Shu maqsadda ba’zi tumanlardagi xususiy uy bog‘chalarida mutaxassislarning jalb qilinmagani, mudiralarining “sen menga tegma, men senga…” qabilida ish tutishi, qolaversa, hujjat yuritish, buyruq chiqarishdagi xatoliklar yig‘ilish davomida qattiq tanqid ostiga olindi. Bu borada tegishli choralar ko‘rilib, ana shunday uy bog‘chalarini davlat bilan sheriklik asosida faoliyatini yo‘lga qo‘yish, naf bermayotgan, faoliyatni biznesga aylantirib olgan tadbirkorlar ishiga chek qo‘yish choralari ko‘rilishi muhokama qilindi.

O‘rganish va tekshirishlar paytida tarbiyachining ish haqining yarmini berib, yarmini ish beruvchi olib qolayotgan holatlarning-da uchrashi ayanchli. Arzimagan haq evaziga oliy ma’lumotli mutaxassis ishlashga rozi bo‘larmidi degan savol o‘rtaga tashlanganda, mutaxassis muammosiga yechim topilgandek bo‘ladi. Tanish-bilishlarini ishga olib, ma’lum malakaga ega bo‘lmagan tarbiyachilarning sohada faoliyat yuritishi ham rad etib bo‘lmaydigan haqiqat. Boshqarma mana shunday muammo va kamchiliklarni o‘rganib, bartaraf etish, bunday holatlarga chek qo‘yish bo‘yicha aytib o‘tilgan hisobotlar esa kishini sergaklantiradi.

6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash, kerakli bilim va ta’lim-tarbiya berish maqsadida har bir bog‘chada, bog‘chada bo‘lmasa, yaqin joylardagi binolarda qisqa muddatli maktabga tayyorlov guruhlari ham tashkil etilib, bolalar birinchi sinfga borishga tayyorlanyapti. 361 ta ana shunday guruhlar tashkil etilgan va majburiy bepul ta’lim berilmoqda. Qisqa muddatli guruhlar tashkil etishda joy masalasi eng katta muammo. Masalaga munosib yechim topish maqsadida maktabgacha ta’lim boshqarmasi hududiy hokimliklar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Rejalar, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p. Soha xodimlaridan esa tashabbus, jonbozlik ko‘rsatish talab etiladi. Umid qilamizki, yangi yildan Surxondaryo viloyatida maktabgacha yoshdagi o‘g‘il-qizlarning bog‘chaga qamrovi 70 foizga yetkaziladi va ular vaqtlarini mazmunli o‘tkazib, ayni bog‘chadan ilk ta’limni olishni, dunyoni anglashni boshlashadi.

Sayyora ALLAYEVA,

Naimullo MUHIBULLOYEV

(foto)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Soliqdan qochib…

Yaqinda kiyim-kechak do‘koniga kirib, xaridni amalga oshirganimdan so‘ng, kassada...

Sinov majburiy bo‘ladi

Palma yog‘i 45 foizgacha palmetin kislotasidan tarkib topgan. Ushbu...

Kredit olishni taqiqlash mumkinmi?

Yurtimizda oʻz-oʻziga kredit olishni taqiqlash boʻyicha yangi qonun kuchga...

Kunduzgi parvarish xizmati yoʻlga qoʻyiladi

“Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi ijrosini taʼminlash, ijtimoiy xizmat va...
KunTun
KunTun