Qishloqqa borsam, nochorroq yashaydigan bir qo‘shni ayol mung‘ayganicha, “atigi 30 kilogramm unni 200 ming so‘mga xarid qildim. Ko‘pchilikmiz. Bu ro‘zg‘orimizga bor yog‘i uch martalik tandir to‘ldirishga yetadi xolos. Endi nima qilsam ekan, hali bug‘doyimizni o‘rib, un qilishgacha biroz muddat bor edi” deya yuzida tashvish, yeyayotgan bir burda noni ham tomog‘idan o‘tar-o‘tmay yutinadi boyaqish.
Shaharda yashaganimiz uchunmi, nonni tayyorgina bozordan sotib olamiz. Xamirli taomlarimiz uchun esa unchalik ham ko‘p un kerak bo‘lavermaganidanmi, hech unning narxi bilan qiziqmagan ekanman. Bu holatdan biroz gangib qoldim. Boyagi ayolning gapidan yeyotgan nonim ham bo‘g‘zimga tiqildi.
Darhaqiqat, uning narxi osmonga o‘rlay boshlagani sari, oziq-ovqat mahsulotlari narxi ham undan qolishmayin ko‘tarilishda davom etmoqda.
Qo‘shni ayol bilan xayrlashar ekanman, tasodifan internet orqali yaxshi bir xabarga ko‘zim tushdi.
“Yoshga doir, nogironlik pensiyasi va nafaqasini oluvchilarga, bolalikdan nogironlik nafaqasini hamda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini va nafaqasini oluvchi har bir oila a’zosiga hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishlash nafaqasini oluvchilarga (viloyatlarda – 300 ming so‘mdan, Toshkent shahrida – 400 ming so‘mdan) bir martalik yordam puli berilishi haqida Prezidentimizning 2022-yil 25-maydagi “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini manzilli qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qarori qabul qilindi.
Qarorni o‘qidimu, shartta ortga qaytdim. “Qo‘shni undan g‘am yemang, sizga yaxshi bir yangiligim bor” deya qarordan haligi ayolni boxabar qildim. Qo‘liga bir qop unni tutqazganday tuyuldim, shekilli, quchoq ochib menga otildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, jismoniy imkoniyat cheklangan fuqarolarning dilini yoritgan va un bilan bog‘liq muammosini aritgan ushbu yangilikning yana bir afzalligi ham bor:
“Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan sifatida moddiy yordam oluvchi oilalarga hamda kam ta’minlangan sifatida bolalar nafaqasini oluvchi oilalarning har bir 18 yoshga to‘lmagan bolasiga – 200 ming so‘mdan naqd pul beriladi.
Darvoqe, “Temir daftar”ga kiritilgan hamda mazkur qarorga asosan bir martalik moddiy yordam pullarini olmagan ehtiyojmand oilalarga, “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan, ushbu oilalarning har bir aʼzosiga 20 kilogrammdan bepul un tarqatiladi.
A.Safarova